Prezidentimiz O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 29 yilligi va Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan bayram tabrigida ta’kidlaganidek, «Yangi O‘zbekistonda yosh avlodning jismoniy va ma’naviy sog‘lom, Ona Vatanga fidoyi va jonkuyar insonlar bo‘lib ulg‘ayishi, shonli tariximizdan ibrat olib, undan faxrlanib yashashi uchun barcha kuch va imkoniyatimizni to‘liq safarbar etish davr talabidir».
Ayniqsa, yangi O‘zbekistonda Uchinchi Renessans poydevorini bilimli va bunyodkor yoshlar bilan birgalikda barpo etish, ana shu muhim yo‘nalishlarda boshlangan ishlarni davom ettirish va yangi, yuksak bosqichga ko‘tarish maqsadida, 2021-yilga mamlakatimizda «Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili», deb nom berilgani xalqimiz, ayniqsa yoshlarimiz tomonidan katta xursandchilik bilan kutib olindi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti 2020-yilning 29-dekabrdagi Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasida Qurolli Kuchlarimiz qudratini, qo‘shinlarning professional va jismoniy salohiyatini yuksaltirish, harbiy xizmatchilar va ularning oilalarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash hamda yoshlarimizni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash ishlariga alohida e’tibor qaratish hamda so‘nggi yillarda respublikamizda yuz bergan tabiiy va texnogen ofatlar, kuz-qish mavsumida sodir bo‘layotgan yong‘in va boshqa ko‘plab noxush holatlar bu boradagi mavjud tizimni yanada takomillashtirishni taqozo etayotganligi, yurtimizda barpo etilayotgan ko‘plab yirik ob’yektlar va ko‘p qavatli binolarda yong‘in xavfsizligini ta’minlashning yangi tizimini tashkil etish, shuningdek, sohaning moddiy-texnik bazasini va kadrlar salohiyatini tubdan mustahkamlash lozimligi alohida qayd etildi hamda «Favqulodda holat to‘g‘risida»gi qonun loyihasi hamda tegishli muammolar yechimiga qaratilgan Hukumat dasturi ishlab chiqilishi vazifalari belgilab berildi.
Darhaqiqat, so‘nggi yillarda Favqulodda vaziyatlar vazirligi tizimida hamda Favqulodda vaziyatlar akademiyasida ham keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil
10-apreldagi «O‘zbekiston Respublikasida favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bartaraf etish hamda yong‘in xavfsizligini ta’minlashning sifat jihatidan yangi tizimini joriy etish to‘g‘risida»gi farmoniga asosan Ichki ishlar vazirligi Yong‘in xavfsizligi instituti O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi tizimiga o‘tkazilib, «Akademiya» maqomi berildi.
Davlatimiz rahbarining 5 ta muhim tashabbusiga asosan, yoshlarning musiqa, rassomlik, adabiyot, teatr va san’atning boshqa turlariga qiziqishini oshirish, iste’dodini yuzaga chiqarish, jismoniy chiniqtirish, sport sohasida qobiliyatini namoyon qilishi uchun zarur sharoitlar yaratish, aholi va yoshlar o‘rtasida kompyuter texnologiyalari va internetdan samarali foydalanishni tashkil etish, shuningdek, yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish, ular o‘rtasida kitobxonlikni keng targ‘ib qilish bo‘yicha ham tizimli ishlar tashkillashtirilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 24-yanvardagi «O‘zbekiston Respublikasida Jismoniy tarbiya va sportni yanada takomillashtirish va ommalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi, 2020-yil 30-oktabrdagi «Sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmonlari ijrosini ta’minlash maqsadida qator harbiy-sport musobaqalari o‘tkazilmoqda. O‘tgan yil 6-dekabr kuni poytaxtimizda o‘tkazilgan «Toshkent xalqaro marofoni», 11-13-dekabr kunlari Xiva shahrida bo‘lib o‘tgan «Armrestling» musobaqasi shular jumlasidandir.
Albatta, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbuslari bilan bugungi kunda harbiylarga ko‘rsatilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlik tufayli yoshlarning harbiy sohaga qiziqishi va intilishi ortib bormoqda.
Harbiy ta’lim muassasalarida vatanparvarlik ruhini targ‘ib qiluvchi amaliy tadbirlar yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda muhim o‘rin tutadi. Yosh avlodda qat’iy hayotiy pozitsiya, Vatanga bo‘lgan sadoqat tuyg‘usini shakllantirish, o‘rta maktabdan oliy o‘quv yurtigacha bo‘lgan davrdagi uzluksiz harbiy ta’lim va vatanparvarlik tarbiyasi bo‘yicha yaxlit tizim yaratilmoqda.
Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda:
«O‘z farzandlarida yuksak vatanparvarlik ruhini kamol toptira olmagan davlat, qanday qudratli qurolga ega bo‘lmasin, mudofaa qobiliyatini mustahkamlay olmaydi». Zero, zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega, mamlakatning munosib kelajagi uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga oladigan barkamol, maqsadga intiluvchan va serg‘ayrat yoshlarni tarbiyalash bugunning eng muhim vazifalaridan biridir.

Abduazim AHMADXODJAYeV,
Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasi boshlig‘ining o‘rinbosari, polkovnik