VATANPARVARLIK TARBIYASI — MAKTABDAN BOSHLANADI

Joriy yil 18-yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasida «Mard, jasur va sadoqatli vatanparvarlarni tarbiyalash – maktab ostonasidan boshlanadi!» shiori ostida «Ochiq eshiklar kuni» o‘tkazildi.
Unda O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Sergeli tumani kengashi, Mudofaa vazirligi harbiy orkestri, Favqulodda vaziyatlar vazirligi va FVV Akademiyasiga biriktirilgan Yunusobod tumanidagi 86-, 96-, 97- va 307-, Yashnobod tumanidagi 204-, Sergeli tumanidagi 2-, 3-, 284-umumta’lim maktablari va 300-ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabi o‘qituvchi va o‘quvchilari, Akademiya professor-o‘qituvchilari ishtirok etdi.
FVV Akademiyasi boshlig‘ining o‘rinbosari polkovnik Dilshod Toxtamuradov tadbirni ochar ekan, “ochiq eshiklar” kunidan ko‘zlangan maqsad — aholida milliy armiyadan faxrlanish va unga bo‘lgan ishonchni oshirish, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, vazirlik tizimidagi harbiy xizmatchilarni sharafli qutqaruvchilik kasbiga sadoqat va matonat bilan yondashish sari undashdan iboratligini alohida ta’kidladi.
Ko‘tarinki ruhda o‘tgan tadbirda Vatan himoyasi uchun harbiylar safida xizmat qilishdek sharafli kasbni sharaflovchi chiqishlar, kursantlarning qo‘l jangi sport turi bo‘yicha ko‘rgazma mashqlari, favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bartaraf etish, yong‘in xavfsizligi qoidalari, saf me’yorlari bo‘yicha viktorinalar, yong‘in o‘chiruvchi va qutqaruvchining jangovar kiyimini vaqt me’yorlarida kiyish bo‘yicha qiziqarli musobaqalar o‘quvchilarda kata taassurot qoldirdi.
Akademiya xizmatchilari tomonidan jonajon Vatanimizni madh etuvchi kuy-qo‘shiqlar ijro etildi.
— Mamlakatimizda ilm-fanni yanada ravnaq toptirish, yoshlarimizni chuqur bilim, yuksak ma’naviyat va madaniyat egasi etib tarbiyalash borasidagi muhim amaliy ishlarni davom ettirishimiz zarur, — deydi Sergeli tumanidagi 284-umumta’lim maktabi direktorining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Zuhra Sulaymonova. — Yoshlar ertangi kunimizning egalaridir, ularni biz bugun qanchalik ilmiy, ma’naviy, ruhiy jihatdan qo‘llab-quvvatlasak, kelajagimiz shunchalik yorqin bo‘ladi.

Farhodjon XOJAYEV,
Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasi o‘qituvchisi, kapitan