Mamlakatimizda mahalliy xomashyo resurslarini chuqur qayta ishlash va yuqori qo‘shilgan qiymatga ega tayyor mahsulot ishlab chiqarishni ta’minlovchi yuqori texnologiyali ishlab chiqarishlarni modernizatsiya qilish va tashkil etishga qaratilgan investitsiya siyosatini yanada faollashtirish bo‘yicha import o‘rnini bosadigan milliy mahsulotlar sonini ko‘paytirish, ularning sifatini yaxshilash, eksportga yo‘naltirishga qaratilgan say-harakatlar amalga oshirib kelinmoqda.
Hududiy, ilmiy-texnologik va innovatsion loyihalarni ishlab chiqish va amaliyotga tatbiq etish maqsadida poytaxtimizda yirik sanoat kompleksi “TEXNOPARK” MChJ barpo etildi. Yashnobod tumanida joylashgan ushbu kompleks iqtisodiyot ravnaqiga hissa qo‘shish bilan birgalikda, aholi, ayniqsa, yoshlarning bandligini ta’minlashga xizmat qilmoqda.
Biz “TEXNOPARK” MChJ faoliyati, undagi ishlab chiqarish jarayoni va yangiliklar bilan tanishish maqsadida direktor o‘rinbosari Nargiz Shoislamova bilan suhbatlashdik.
Nargiz Shoqosimovna, “TEXNOPARK” MChJ faoliyati va ayni paytga qadar ishga tushirilgan loyihalar xususida ma’lumot bersangiz.
— Barchamizga ma’lumki, poytaxtimizning sanoat, tranzit-logistika, infratuzilma borasida imkoniyatlari juda yuqori. Ushbu sharoitlardan foydalanib mahsulotlar ishlab chiqarish va eksportini oshirish yurtimiz iqtisodiyotini rivojlantirishga ko‘mak beradi. Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning xorijiy investitsiyalarni jalb qilish va eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini ko‘paytirish bo‘yicha belgilab bergan ustuvor vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida 2019-yil iyun oyida “TEXNOPARK” MChJ tashkil etildi.

Bugungi kunga kelib, 100 gektardan ziyod maydonni egallagan “TEXNOPARK” MChJ hududida atiga bir yil davomida 6 ta zavod ishga tushirildi. Bular elektron gaz hisoblagichlar, maishiy sovutgichlar, sanoat konditsionerlari va sovutish tizimlari, suv nasoslari, forma va qoliplar, lift va eskalatorlar ishlab chiqarish zavodlaridir.
Ayni paytda Italiyaning “Pietro Fiorentini” kompaniyasi bilan hamkorlikda elektron gaz hisoblagichlar ishlab chiqarilmoqda. 2020-yil 28-fevralda ishga tushirilgan mazkur loyihaning yillik ishlab chiqarish quvvati 3 million donani tashkil etdadi.
2020-yilning 29-avgustida esa, yana bir investitsiyaviy loyiha – “Maishiy sovutgichlar ishlab chiqarish” loyihasi ishga tushirildi. Ushbu loyiha Janubiy Koreyaning “Samsung” kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshirilgan bo‘lib, umumiy qiymati 62 million dollardan ziyodni tashkil etadi.
O‘rta Osiyoda yagona bo‘lgan ushbu loyihaning o‘ziga xos jihatlaridan biri bu bir vaqtning o‘zida 4 ta turdagi sovutgichlarni ishlab chiqarish imkoniyatining mavjudligidir. Ishlab chiqarish jarayoni 70 foizga avtomatlashtirilgan bo‘lib, inson mehnati faqatgina jarayonni boshqarish va butlovchi qismlarini yig‘ishda ishtirok etadi. Bu esa, har 19 soniyada 1 ta tayyor mahsulot ishlab chiqarish imkonini beradi.

Ishlab chiqariladigan maishiy sovutgichlar zamonaviy dizayni, “No frost” tizimiga egaligi, energiya tejamkorligi (A+), yuqori kuchlanishga qarshi himoya tizimining mavjudligi, shuningdek, masofaviy “smart” boshqaruv tizimiga ega ekani bilan ajralib turadi. Loyihaning yillik eksport hajmi 50 million dollardan ziyodni tashkil etadi.
Bugungi kunda yurtimizda davom etayotgan keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari natijasida yangi qurilayotgan ko‘p qavatli uylar va boshqa binolar soni kundan-kunga ortib bormoqda. Yangi ko‘p qavatli uylar va boshqa binolar sonining ortishi, shuningdek, mavjudlarining zamon talabiga mos ravishda rekonstruksiya qilinishi o‘z navbatida lift va eskalatorlarga bo‘lgan ehtiyojni oshirmoqda.
Jamiyatimiz tomonidan ushbu ehtiyojni ta’minlash maqsadida umumiy qiymati 12,2 million AQSH dollari bo‘lgan lift va eskalatorlar ishlab chiqarish loyihasi ishga tushirilmoqda. Loyihaning yillik ishlab chiqarish quvvati 2 ming donani tashkil etadi.
Loyiha shu sohada dunyoning yetakchi ishlab chiqaruvchilaridan biri “Shanghai Mitsubishi” kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.
Loyiha doirasida jamiyat tomonidan yo‘lovchi tashuvchi, yuk tashuvchi, panaramali va kasalxonalar uchun mo‘ljallangan liftlar ham ishlab chiqariladi.
Bundan tashqari, buyurtmachilarning talablari asosida ham turli xil liftlar ishlab chiqarish imkoniyati mavjud.
Yana bir muhim yangilik. Texnoparkimizda Xitoyning “LEO Group of Companies” (Xitoy) bilan hamkorlikda mintaqada yagona bo‘lgan yana bir loyiha — suv nasoslari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan. Loyiha doirasida yiliga 550 ming dona mahsulot ishlab chiqariladi.
Mazkur loyihani amalga oshirish natijasida mahalliy bozorga 4 turdagi nasoslarning 10 ta turli modellarini (sirkulyasion, syentrafugali, o‘zi so‘ruvchi, suv ostida foydalanishga mo‘ljallangan suv nasoslari) yetkazib beriladi. Loyiha doirasida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar maishiy xususiyatga ega bo‘lib, asosan uy va qishloq xo‘jaligida, tomchilab sug‘orish va issiqxona komplekslarida, shuningdek, maishiy suv isitish tizimlarining ajralmas qismi sifatida foydalanishga mo‘ljallangan hamda iste’molchilarga suv bosimini oshirish imkoniyatini beradi.
Texnoparkimizda “Shivaki” brendi ostida sanoat konditsionerlari va sovutish tizimlari ham ishlab chiqarilmoqda. Ushbu korxona maishiy suyuq sovutgichlari (chiller), ventilyator lentalari (havoni tozalash tizimlarining ichki bo‘linmalari), kanal tipidagi kondisionerlar, kassetali kondisionerlar va havoni boshqarish moslamalari ishlab chiqarishga yo‘naltirilgan bo‘lib, uning yillik quvvati 80 ming donani tashkil etadi.
Loyihaning asosiy afzalliklaridan biri esa, bugungi kunga qadar faqat import mahsuloti sifatida xorijdan olib kiriladigan sovutish tizimlari o‘rnini mahalliylashtirish darajasi yuqori bo‘lgan mahalliy mahsulotlar hisobiga qoplash imkoniyati yaratiladi.
Shu bilan birga, mahsulotlar uchun xaridorlardan individual buyurtmalar qabul qilish imkoniyati ham yaratilgan.
Shuningdek, mazkur loyiha doirasida sanoat sovutish omborxonalar ishlab chiqariladi. Bu degani, dehqonlarimizga, fermerlarimizga barcha qishloq xo‘jalik mahsulotlarni yetkazib beruvchilarga, uzoq muddatda meva va sabzavotlarni saqlash imkonini yaratadi.
Yana bir loyihamiz ham bugungi kun talabidan kelib chiqqan holda amalga oshirilmoqda. Boisi istalgan ishlab chiqarish yo‘nalishini oling, ularning barchasi uchun, avvalo, sifatli va chidamli qoliplar zarur. Ularsiz mahsulot shakli o‘zgarishi, hajm va sifatda muammolar vujudga kelishi, bu esa o‘z-o‘zidan haridorlarning kamayishiga sabab bo‘lishi mumkin.
Shu omilni inobatga olib, Yaponiyaning “Sodick”, Turkiyaning “Istanbul Makina” va Germaniyaning “Wilhelm Oberste-Beulmann GmbH & Co.KG” kompaniyalari bilan hamkorlikda qolip va shtamplar ishlab chiqarmoqda. Mazkur loyihaning yillik quvvati 200 ming donani tashkil etadi.
Ushbu turdagi mahsulotlarning asosan import qilinishini hisobga olsak, press forma va qoliplardagi arzimas tuyulgan kamchiliklarni barataraf etish uchun ham mahsulot ishlab chiqaruvchiga ta’mirlash ishlari olib borish uchun qaytarib yuboriladi.
Qayta ta’mirlash esa tadbirkorning qo‘shimcha mablag‘i, vosita va muhimi qimmatli vaqti sarflanishiga sabab bo‘ladi. Mazkur loyihamiz esa, qoliplar ishlab chiqarishdan tashqari bizning maxalliy ishlab chiqaruvchilar texnik jihozlarida yoki qoliplaridan nosozliklar paydo bo‘lsa bartaraf etish uchun xizmat qiladi.
Loyihaning ajralmas qismi hisoblangan pressforma va qoliplarni ta’mirlash bilan bog‘liq xizmatlarni ko‘rsatishning ishga tushirilishi ham yuqoridagi kabi holatlarni bartaraf etishda ko‘mak beradi.
Ta’kidlash kerak, “TEXNOPARK” MChJ nafaqat yuqori sifatli mahsulotlarni ishlab chiqaradi, balki har bir zavod ular uchun servis xizmatlarini ham ko‘rsatadi.

“TEXNOPARK” MChJ qoshida tashkil etilgan o‘quv markazi xususida to‘xtalib o‘tsangiz?!
— Bugungi kunga kelib ishchilarimizning soni 3,5 mingdan ortiqni tashkil qiladi. Texnoparkimiz har bir xodimning bilimi va malakasini oshirishga alohida e’tibor qaratmoqda. Shuning uchun ishga qabul qilinayotgan ishchi va xodimlarning korxonada mahsulot ishlab chiqarish jarayoni bo‘yicha dastlabki bilim va ko‘nikmalari shakllantirish maqsadida o‘quv markazi ham faoliyat yuritmoqda. Chunki korxonalarimizda mehnat qilayotgan xodimlarning 3 ming nafarga yaqinini yoshlar tashkil etadi. Markazimizda maxsus o‘quv dasturi va rejalari asosida qisqa muddatlarda o‘qitish, malaka oshirish va qayta tayyorlash yo‘lga qo‘yilgan.
O‘quv markazida qaysi yo‘nalishlar bo‘yicha mutaxassislar tayyorlanmoqda?
— Markazda mexanik va elektr yig‘uv operatori, robot-manipulyatorni boshqarish operatori, kompyuter boshqaruv operatori, sifat nazorati xodimi, ichki logistika va omborxona xodimi, payvandchi mutaxassisligi bo‘yicha yigit-qizlar o‘qitilmoqda.
Ish jarayoniga kirishdan avval, har bir yo‘nalish bo‘yicha kirish imtihonida test olinib, shundan so‘ng dasturlarda belgilangan muddatlarda nazariy va amaliy mashg‘ulotlar o‘tkaziladi. O‘quv kurslarini muvafaqqiyatli tugatgan yoshlar ishlab chiqarish korxonasida o‘z faoliyatini boshlashi mumkin bo‘ladi.
Bundan tashqari, laboratoriya kimyogari, kimyogar-texnolog, anorganik moddalar texnologi, plastik mahsulotlarni bo‘yash bo‘yicha mutaxassis, metall konstruksiyalarni bo‘yash bo‘yicha mutaxassis, sanoat ekologi va boshqa ko‘plab yo‘nalishlar bo‘yicha mutaxassislarga ehtiyoj sababli qator ta’lim muassasalari bilan yoshlarni kasbga tayyorlash bo‘yicha hamkorlik qilyapmiz.
Shuningdek, o‘quv markazida ingliz tili, rus tili, kompyuter savodxonligi, buxgalteriya hisobi bo‘yicha ham qo‘shimcha kurslar tashkil etilgan.
Shu bilan birga, bu yerda axborot resurs markazi faoliyati yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, unda kitobxonlar uchun barcha sharoitlar yaratilgan.
Bundan tashqari, markazda ishlab chiqarish sifatini oshirish xamda ishchi-xodimlarni iqtidor va qobiliyatlarini rivojlantirishga yo‘naltirilgan psixologik va motivatsion darslar, konferensiyalar, forumlar, seminar-treninglar, mahorat darslari, tanlovlar va boshqa tadbirlar tashkil etib borilmoqda.
“Texnopark” MChJda yoshlar ma’naviyatini rivojlantirish, ularni qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy ko‘mak berish maqsadida qanday ishlar amalga oshirilmoqda?
— Texnoparkimizning har bir ishlab chiqarish kompleksida alohida tanaffus hududlari tashkil etilgan bo‘lib, bu yerda kitobxonlar burchagi mavjud. Yigit-qizlarimiz uchun bu joylarda dars qilish imkoniyati ham yaratilgan. Yoshlarimiz ishdan bo‘sh vaqtida tanaffus hududlariga tashrif buyurib, ma’naviy ozuqa olish imkoniga ega.

Yana bir muhim jihat. Pandemiya sharoitida “TEXNOPARK” MChJ to‘liq sanitar-epidemiologik talablarga beradigan xolda ish yuritmoqda va har bir xodim zarur himoya gigenik vositalari bilan bepul ta’minlanmoqda.
Shuningdek, faol va iqtidorli yigit-qizlarni yuqori lavozimlarga va turdosh korxonalarga tavsiya etish, korxonalar ravnaqiga hissa qo‘shayotgan yoshlarni turli mukofotlar, qimmatbaho sovg‘alar bilan rag‘batlantirish tizimi yo‘lga qo‘yilgan.
Muassasamizda ijtimoiy ko‘makka muhtoj bo‘lgan yosh xodimlarga ijtimoiy yordam ko‘rsatish maqsadida “TEXNOPARK” MChJda yosh xodimlarga yordam ko‘rsatish turlari va toifalari Klassifikatori” ishlab chiqilgan bo‘lib, mazkur Klassifikator bo‘yicha yoshlarga ijtimoiy yordam ko‘mak berilmoqda.
Bundan tashqari, har oyda xodimlar muhim ehtiyojli oziq-ovqat mahsulotlari, kunlik bepul tushlik va kunduzgi tolma choy bilan ta’minlanmoqda, barcha ishchi va xodimlar uchun yashash joylaridan ishga va ishdan yashash manzillariga bepul avtobuslar tashkil etilgan.
Kelgusida qanday rejalar bor?
— Ayni paytda korxonalarimiz tomonidan 2021-yilda yana 11 ta investitsiyaviy loyihalarni ishga tushirish, bu orqali esa yana 4 mingga yaqin ish o‘rni yaratish bo‘yicha ishlar davom ettirilmoqda.
Kelgusida 16 ta sanoat tarmog‘i, shuningdek, logistika markazini birlashtirib, “TEXNOPARK” MChJni Markaziy Osiyo mintaqasida mahalliy va tashqi bozorga yo‘naltirilgan elektrotexnika mahsulotlari va qurilish materiallari ishlab chiqarish bo‘yicha eng ilg‘or va istiqbolli kompleksga aylantirishni maqsad qilganmiz.
Samimiy suhbat uchun rahmat!

Javlon Vafoyev suhbatlashdi.