Ayni paytda “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” davlat dasturi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmoni loyihasi umumxalq muhokamasiga qo‘yilgan. Unda qator muhim tashabbuslar ilgari surilgan bo‘lib, loyiha muhokamasida keng jamoatchilik, yoshlar vakillari faol ishtirok etmoqda.
Jumladan, loyihada tadbirkorlik kodeksini ishlab chiqish, tadbirkorlik va o‘zini o‘zi band qilish faoliyatini boshlamoqchi bo‘lgan ishsiz fuqarolarga faoliyatini boshlash uchun 7 million so‘mgacha subsediyalar berish bo‘yicha normativ hujjat tasdiqlanishi kabi ustuvor yo‘nalishlar qamrab olingan.
276 ta banddan iborat davlat dasturi o‘z ichiga davlat va jamiyat qurilish tizimini takomillashtish, qonun ustuvorligini ta’minlash, iqtisodiy, ijtimoiy sohani rivojlantish, yoshlar va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash kabi ko‘plab yo‘nalishlarni qamrab olgan. Ayniqsa, oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlarida eng yuqori ball to‘plagan 200 nafar yoshlar uchun prezident grantining joriy etilishi kelajak avlodni yanada dadil olg‘a qadam tashlashiga turtki bo‘ladi. Shuningdek, ikki yoki undan ortiq farzandi shartnoma asosida o‘qiyotgan oilalarga imtiyozli ta’lim kreditlarini berish va kredit summasi o‘qish tugagandan so‘ng qaytarilishi yoshlarga berilayotgan qo‘shimcha imtiyozlardan biridir.
— Jamiyatda ayollarning faolligini oshirish uchun oliy ta’lim muassasalariga imtiyozli grantlar soni ikki baravar ko‘payishi ayollarga bo‘lgan e’tiborni, gendr tengligiga munosabatni anglatib turibdi, desak tog‘ri bo‘ladi, — deydi talaba Munisa Ismatullayeva. — Shuningdek, davlat dasturida biz talabalar uchun ko‘plab imkoniyatlar yaratilayotgani quvonarli. Oilada 2 nafar farzand shartnoma asosida o‘qiyotgan bo‘lsa va yana bir farzand shartnoma asosida o‘qishga kirsa, imtiyozli ta’lim kreditlaridan foydalanishi mumkin. Oldin bunaqa holatda ko‘plab oila farzandlari o‘qiyolmagan. Hozirgi kunda esa yoshlarning ilm olishi, kasb egallab jamiyatda o‘z o‘rnini topishi uchun talay imkoniyatlar yaratilmoqda.
Davlat dasturi loyihasiga kiritilgan xotin-qizlar tadbirkorligini rivojlantirish yo‘nalishlari va ularga berilayotgan imtiyozlar ham jamoatchilik tomonidan iliq kutib olinmoqda.
— Aynan davlat dasturida yosh tadbirkor ayollarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan chora-tadbirlar bizni yanada ruhlantirdi, — deydi tadbirkor Gulzoda Fayziyeva. — Ya’ni savdo va tadbirkorlik zonalarining ochilishi bizga katta imkoniyat yaratadi. Davlat dasturida bir tadbirkor yana bir tadbirkorni otaliqqa olishi haqida ham so‘z boradi. Xuddi mana shu imkoniyatni endi ayollarimizga ham bersak. Ya’ni yosh qizlarimizni shogirdlikka olib, tadbirkorlik sirlarini o‘rgatsak, kelajakda ijobiy samara beradi deb o‘ylayman.
Loyiha muhokamasi davom etmoqda. Siz ham davlat dasturi shakllanishida Taraqqiyot strategiyasi markazi va Yuksalish umummilliy harakatining veb-saytlari hamda Normativ huquqiy hujjatlar loyihasi portali orqali o‘z taklifingizni bildirib, jamiyatning faol a’zosiga aylaning.

Ma’mura XUSINOVA