MA’NAVIY TAHDIDLARGA QARSHI KURASHISH — DAVR TALABI

O‘zMU jurnalistika fakultetida “Yoshlar huquqbuzarligining oldini olish va ma’naviyatga tahdid soluvchi illatlar” mavzuida profilaktik davra suhbati o‘tkazildi. Unda O‘zMU professor-o‘qituvchilari, Olmazor tumani IIO FMB 4-sonli XPP vakillari va talabalar ishtirok etdi.
Bugungi kunda yoshlarning asosiy maqsadi o‘qish bo‘lishi kerak. Ular sotqinlik va xoinlik ma’naviyatga tahdid soluvchi yot tushuncha ekanligini anglashi zarur. Bunday illatlarning negizida ma’naviyatsizlik, bilimsizlik turishi va eng katta illat esa o‘z vataniga xoinlik ekanligini haqida filologiya fanlari doktori, professor Yoqutxon Mamatova alohida to‘xtalib o‘tdi.
– “Hozirgi kunda yoshlarimiz o‘rtasida xudbinlik illati ko‘p uchramoqda. Xudbinlar hamisha o‘zining manfaatini ko‘zlaydigan insonlardir. Insoning odob-axloqi yaxshi bo‘lmasa, unda yaramas illatlar shakllanadi. Bizda jo‘mardlik degan tushuncha bor. Bular jonini vatani uchun fido qiladigan insonlardir, — deydi fakultetning o‘zbek filologiyasi kafedrasi katta o‘qituvchisi Feruza Topildiyeva.
— Jinoyatchilik jamiyatning barqaror rivojlanishiga jiddiy xavf soluvchi ijtimoiy hodisa bo‘lib, uning tahdidi, ta’sir doirasi qonunlar asosida belgilanadi. Jinoyatchilikka qarshi kurashish barcha davrlarda davlatning jiddiy va muhim vazifasi hisoblangan. Jinoyatchilik har qanday jamiyat ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy barqarorligining jiddiy kushandasi hisoblanadi. Jinoyatchilikka qarshi kurashish faqat huquq tartibot organlarining emas, balki keng jamoatchilikning vazifasi bo‘lmog‘i zarur. Tinchlik bo‘lgan joyda baraka va rivojlanish bo‘ladi. Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar asosan kelajak barkamol avlodni tarbiyalashga qaratilayotgani, qolaversa, yoshlarning ilm-ma’rifat va ma’naviy-axloqiy qiyofasini yuksaltirish, talaba-yoshlar o‘rtasida turli huquqbuzarlik, jinoyatchilikning oldini olish, ijtimoiy tarmoq va internet, dunyo axborot tizimidan to‘g‘ri maqsadlarda foydalanish davlat siyosatining ustuvor vazifalaridan biri, — deydi Toshkent shahar Olmazor tumani IIO FMB 4-sonli XPP Xotin-qizlar masalalari bo‘yicha katta inspektori, podpolkovnik Madina Inagamova.
Tadbir yakunida Jurnalistika fakulteti talabalari o‘rtasida o‘tkazilgan “Men diniy ekstremizm va terrorizmga qarshiman” tanlovi g‘oliblari Faxriy yorliq va badiiy adabiyotlar jamlanmasi bilan taqdirlanishdi.

Ravshan OMONOV,
Jurnalistika fakulteti dekanining o‘rinbosari