Intervyu-trilogiya

“Bozordagi dallollardan emas,
hayotdagi dallollardan qo‘rqing.
Bozordagi dallol narsangizni olib sotadi.
Hayotdagi dallollar esa ko‘nglingizni…”

1-qism: maqsadlar…
U haqida nimani bilardim, o‘zi? Aytarli, hech nimani! Odamlar og‘zida urchigan emish-memish gaplarnigina eslayman: “…otasi oddiy qorovulakan, maktabda. Lekin topqan pulidan orttirib, uyiga kitob ko‘tarib kelarkan. Enasi “uborchisa”ymish… Shu oiladan shu-unday qiz chiqipti-yey!” Ochig‘i, bu gaplardan ko‘p ham hayrat yoqasini tishlamaganman. Nima qipti, bunday oilalar tumanimizdagina emas, butun yurtda qalashib yotibdi-ku! Ayniqsa, hozir — ishsizlik ko‘paygan bir zamon-u zaminda, qaysidir davlat idorasida otang qorovuli, onang farrosh bo‘lib ishlashining o‘ziyam katta gap!..
Meni bo‘lak bir o‘y tinch qo‘ymaydi: agar shu qizgina respublikagacha chiqmaganda va prezident sovg‘asi sanalgan “Spark”ning kalitini hammaning ko‘z oldida qo‘liga olmaganda, uning shu qorovul otasining ham, shu farrosh onasining ham, ularning ro‘zg‘ordan orttirgancha, kitob sotvolib turishlarining ham… qanchalik qizig‘i bo‘lardi, biz uchun?! Muxbirchalar pashshaday yoprilarmidi, shu loysuvoq uylarga? Hokimiyat tumandagi yangi qurilgan “Namunali uy”lardan berarmidi, shu kamsuqum-u ko‘p jonli oilaga? Va men ham, oradan uch yilcha o‘tgan esa-da, yilning yoshlarga taalluq nomlangan joyi borligi uchun ham ertalabdan, fotokamera-yu qog‘oz-ruchka ko‘tarib, kelib olgan bo‘larmidim? Hamda, mana, yarim soatdirki, gapni nimadan boshlashni bilolmay, bir qarshimda qarab o‘tirgan besh juft beg‘ubor nigohlarga, bir o‘rtadagi xontaxta uzra yoyib tashlaganim qog‘ozlarga alanglab, o‘tirgan bo‘larmidim?..
Xo‘p, mana, o‘sha kitobxon qiz: guldor nimchayu alvon xalatda, bitta qilib tugilgan uzun sochlarini ortiga tashlab olgan, jimgina tikilib o‘tiripti, o‘ngida otasi, so‘lida onasi, pinjida esa dasturxondagi qand-qursga hujumni mo‘ljallayotgan kenja singliyu ukachasi… Ko‘zlaridagi o‘t o‘chmapti. Hayriyat! Zotan, mashhurlik adog‘ida xafsalaning pir bo‘lishi, ishonchsizlik, so‘niklik yotadi, ko‘pincha. Nima bo‘lgandayam, butun bir oilani alag‘da etib keldimmi, so‘rarimni so‘ray, endi. Ammo… nimani so‘rayman? Yarim tungacha savol o‘yladim, kecha ishxonada, u yoqdan bu yoqqa yurib. Oxiri qorovul kirib keldi: “…bugun ketasanmi o‘zi, yo‘qmi?!”
Savolsirayotganimni aytganimda, kulimsiradi: “…”Ahvoling qanday? Yaxshimisan?”, deb boshlayvurasan-da!”. Kulimsirash mening-da miyig‘imga qo‘ndi: “…bunday savollarni unga hamsoyasiyam beruvradi, aka!” Ehtimol, shu qorovul aytganicha borgan ma’quldir: xiyol to‘pori, lekin samimiy…

— …choydan oling?

Onasining jamiki onalarga xos bo‘lgan mehrli sasda piyola uzatganidan xayollarimni yig‘ishtirdim. Choyning qaynoq taftidan hofizam yuzasidagi muzlik ko‘chib tushganday bo‘ldi-yu ochilib qolgan ko‘chmas-u o‘chmas xotirotimdan bir shingilini tilga toshirdim:

— Rahmat, Anora opa!.. Malol olmasangiz, ismingizni aytish menga taskin beryapti! Axir, ayam bilan otdosh ekansizlar… Hech esimdan chiqmaydi, bir kuni maktabdan kelib, ayamni axtardim… Menimcha, hamma bolayam uyga kirasolib birinchi ayasini axtaradi… Axtaraman-axtaraman, yo‘q! Chaqirib boshladim. Qaydandir “Hu-uv!” degan ovoz keladi, nuqul. “Qaydasi-iz?” desam “Podvaldama-an?” dedi ayam. “Podvalda nima qilyapsi-iz?” desam, “O‘zimni osyapma-an!” desa bo‘ladimi. Shappa borib qarasam, ayam anor osayotgan ekan, yerto‘laning shiftiga…

Gurra kulgi ko‘tarildi. Kulgiga qo‘shilib, oradagi tanglig-u taranglik ham ko‘tarilib ketdi, go‘yo. O‘zinga shukr! Ana endi suhbatga ko‘chsak ham bo‘lar. Shoir aytmoqchi, “…lahzani ushlab qol, lahzani” (Eshqobil Shukur)
— …xo‘-o‘p, Mahliyo! Kecha internetni kavlab, yuz ellikta manbani ko‘rib chiqdim, Siz haqingizda: “Zamon” informatsion dasturi, Xabar.uz sayti, Qalampir.uz rasmiy kanali, Yoshlar ittifoqining feysbukdagi sahifasi, “Chegarasiz” turkumidagi qisqa metrajli filmlarning sizga bag‘ishlangan qismi, Telegram kanallari, Odnoklassniki.ru videolarigacha… Keyin turib, arxiv javonlarini titkiladim: “PAXTACHI” gazetasining 2018-yilgi sonlarida-ku bir necha karra yozishipti, 2019-yilgi sonida ham borsiz… Internet ayuhannosi ham 2019-yildan tinchigan-qolgan. Yo‘q, ko‘rib turibman, qishloqda, hamma qatori, tinchgina yashayapsiz… Ammo orzularingiz-chi? Yo ular ham “hamma qatori” degan qolipga tushib bo‘ldimi?..

— Maktabni bitirayotgan bolaning orzusi bugun nimayam bo‘lardi, o‘qishga kirish-da. Men ham… hozir o‘ninchi sinfda o‘qiyotgan bo‘lsam… beshinchi sinfdan beri maqsadim o‘zi shu — oliy o‘quv yurtiga kirish! Shunga abituriyentlik, maktab… bilan o‘tyapti kunlarim.

Qaerni mo‘ljallayapsiz?

— Mo‘ljalmi?.. Xudo xohlasa, shu… HUQUQSHUNOSLIK sohasiga qiziqaman.

Yuridik institutgami, unda niyat?

— Balkim shudir, balkim militsiya akademiyasiga topshirarman… Ko‘raman-da hali, tayyorlanaveray-chi. O‘zi… haqiqiy niyatim — DIPLOMATIYA! Ammo ungacha huquqshunoslikni o‘rganmoqchiman.

Qanchalik o‘rganmoqchisiz? Masalan, Navoiy pedagogika institutida ham huquqshunoslik fakulteti bor. Bu sohadagi oliy ta’limga kirishnigina kifoya bilganlar uchun o‘sha fakultet ham kifoya…

— Yo‘q!.. To‘g‘ri, kichkinaligimda orzu qilardim, Navoiyda o‘qishni. Lekin kattarishim barobarida orzularim ham kattardi. Poytaxtda o‘qish boshqacha-da baribir, deb o‘ylayman… Peshana-da uyog‘i. Yana bilim, harakatda to‘xtamay boraveray-chi…

Huquqshunoslik, diplomatiya… ochig‘i, filolog, faylasuf, adabiyotshunos yoki tarixchi bo‘lmochidirsiz, degan tusmolda edim. Kitobni, ayniqsa, badiiy asarlarni mahkam tutganlarning maqsadi, ko‘pincha, hozir sanaganlarim kabi bo‘lardi. Siz esa…

— Ha, adabiyotni, tarixni ko‘proq o‘qiyman. Qiziqaman. Ta’sirlanaman… Lekin maqsadim boshqa!..
Men o‘zi, bitta tomonim bor, judayam haqiqatga o‘chman. Qanday bo‘lmasin, adolat qaror topishini istayman. Misol uchun, beshinchi sinfdan insholar tanloviga qatnashib boshlagan bo‘lsam, har safar berilib yozardim inshoni. Lekin… boshqalarni g‘olib qilishardi. Tushungandirsiz?.. Ehtimol, o‘sha paytlardan bu maqsadni ko‘nglimga tuggandirman…
— Birinchi… ona tili-adabiyotdan qatnashgan yili… “bilimlar bellashuvi”da g‘olib bo‘luvdi, — deya otasi Toshtemir aka, nedir istiholada suhbatimizga qo‘shildi, — lekin… ko‘p o‘tmay… boshqasini “g‘olib” qip qo‘yishuvdi-da. O‘zlaricha “appilyatsiya” qilgan, lekin buni chaqirishmagan. Endi… bizam bordik keyin, so‘radik, nimaga bunday deb… “Pulsiz ish bitmaydi!” degan gapga boruvdi-daey, oxiri… Diktofon yozmayaptima?!..

Diktofon-ku yozyapti, lekin tashvishlanmang! Bunday gaplar allaqachon yozilishi, aytilishi kerak edi, shusiz ham. Kechikdik… a-ancha kechikdik… Xo‘p, demak, shundan ichingizdagi “dinamit”ning piligi yonipti-da?

— Ha. Tanlovlardayam, hayotdayam… umuman hamma narsada haqiqat bo‘lishini xohlayman! Shuning uchunam bir nohaqlikka guvoh bo‘ldimmi, tamom, yo‘-o‘q, noto‘g‘ri qilishdi-i, undaymas bunday bo‘lishi keragidi-i.., deb lovullab yuraman, ancha payt. Va shu kechinmalarimdan o‘sib chiqqan yana bir niyatim bor, faqa-at yuridik soha bilan cheklanmay, XALQ TA’LIM VAZIRI bo‘lish! Xalq ta’limini butun respublikada qaytadan ko‘rib chiqmoqchiman. A, buning uchun bir-rinchi o‘rinda, chet elga chiqib, rivojlangan davlatlarni o‘rganish rejasidaman. Yo‘q, men ularni aynan ko‘chirib kelmoqchimasman O‘zbekistonga. Ko‘rmoqchiman, qani, ular nima uchun bunchalik rivojlangan? Diplomatiyani maqsad qilganimgayam sabab shu. To‘g‘risi, bunday tanlo-ov, bir balolardan ko‘nglim to‘lmaydi. Hozir-ku haqiqat bo‘lyapti, biroq baribir… Huquq va diplomatiya. Ikkalasiga ham erishmoqchiman! Shundagina haqiqatning to‘liq qaror topishiga hissamni qo‘sha olaman.

Bundan chiqdi, oddiy shifokor yo haydovchi yoki o‘qituvchi bo‘lib, haqiqatni qaror topdirib bo‘lmaydi… Shundaymi?

— Yo‘-o‘q, bo‘ladi-i… Oddiygina hunarmand ham, agar kurashsa, haqiqatni yuzaga chiqara oladi. Men ta’limdagi, iqtisoddagi… qisqasi, taraqqiyotdagi ulkan haqiqatlarni qaror topdirish haqida gapiryapman. Yurtingni boshqa davlatlar bilan bevosita solishtirib ko‘ra olish uchun diplomat yo sayyoh bo‘lish kerak. Men esa sayyoh diplomat bo‘laman, nasib etsa. Ya’ni hech qachon “rasmiy tashrif” bilan bormayman xorijga! Xuddi bir sayyoh kabi, o‘zim uchun borganday boraman: erkin, bemalol, vaqtim-u vazifamni qoliplamay… O‘ylayman-da, O‘zbekiston bu iqlimi, bu tabiiy resurslari, bu tinchligi, bu mehnatkash aholisi bilan allaqachon rivojlangan davlatlar qatorida bo‘lishi kerak edi. Ammo biz haliyam rivojlanayotgan davlatmiz. Deylik, Yaponiya: seysmik jihatdan o‘ta noqulay nuqtada joylashgan, kuniga to‘rt martagacha zilzila bo‘ladi, Xirosima bilan Nagosakisida hanuzgacha bolalar nuqsonli tug‘iladi… Lekin rivojlangan davlat!.. Shuning uchun ham qiziqaman-da diplomatiyaga.

Chingiz og‘aday bo‘larkansiz-da? Xorijiy diplomat bo‘lgan-ku…

— Aytmatovmi?.. Hayotini unchalik o‘qimaganman, rosti. Biz faqat ijodini o‘qishimiz keragidi…

O‘xshatish o‘rnida aytdim-da. Umuman, dunyoga yozuvchi bo‘lib tanilgan diplomatlarning asarlari ham yaxshigina taniqli. Bittasi shu Chingiz og‘a… To‘g‘ri, jurnalistikadan boshlagan yozishini. Aniqrog‘i, o‘zlarining ovulida chiqadigan, qo‘ylarning junini qirquvchilar hayotini yorituvchi “Qirqimchi” gazetasidan… Yana bittasi Vikas Svarup. Hind diplomati. Londondagi kvartirasida yolg‘iz o‘tirib-o‘tirib, zerikkanidan kitob yozish xayoliga keladi. Anchadan beri ichida pishitib yurganlarini qog‘ozga tushirib boshlaydi. Kamiga arxivdagi, elchixonadagi tanishlaridan yordam so‘raydi. Va yozgan “Savollar va javoblar” kitobi ko‘p o‘tmay mashhuri jahon bo‘ladi. Ingliz rejissyori Deny Boyl kino oldi, shu kitob asosida — “Xarobadan chiqqan millioner”. U kino esa “Oskar” oldi…

— Lekin… nechta ijodkorning hayotini o‘qigan bo‘lsam, juda ko‘pi jurnalistikadan yo filologiyadan yetishib chiqqan bo‘ladi… (otasining telefoni jiringlab qoldi. Mahliyoning repitetori ekan. Savolomuz qaradi: “…gaplashib olsam maylimi?” Telefonni qulog‘iga qo‘ygancha, tashqariga o‘qday otildi. Qaytgunicha singilchasi Zulfizar va kenjatoy Sherbek bilan g‘ujurlashdik. Katta singlisi Muhayyo o‘sha kuni Samarqandga — olimpiadaga jo‘nab ketgan ekan. Katta ukasi Shuhrat esa, tortindi chog‘i, ko‘rinmasdi…)

Qaysi fanlardan repitetorga boryapsiz?

— Ona tili-adabiyot, tarixdan, — dedi otasiga telefonini qaytararkan Mahliyo.

Xalaqit bermadimmi o‘zi?

— Sirayam. Kursim soat birga.

Nimaga kollejni tanlamadingiz?

— Bilmadim… Hamma bilimi zo‘r o‘qituvchilarim maktabda bo‘lgani uchundir, balki. Keyin… o‘qishga bir-ikki yil qolganda, yangi muhitga borish… tavakkal narsa-da.

Yana birorta tanlovmi-musobaqada qatnashish orzungiz bormi kelgusida?

— “Zulfiya” mukofotini olmoqchiman!..
Zulfiyani qanchalik o‘qigansiz o‘zi? Vijdonan ayting-chi?

— Hayotidan xabarim bor. She’rlarini… ko‘p o‘qimaganman lekin. Momomning hayotiga o‘xshash bo‘lgani uchun ham shaxsiga hurmatim baland!.. Umuman, she’riy kitob o‘qimay qo‘yganman hisob. Bolalikda o‘qirdim. Hatto o‘zimam she’rlar yozganman bir vaqtlar. Bugun o‘sha she’rlarimni o‘qisam, ishongim kelmaydi, o‘zim yozganligimga. Chunki hozir bir qator ham she’r yozolmayman… Bilmadim, nimaga?.. Hikoyalar yozyapman. Faqat hikoya… Roman ham yozgim keladi. Miyamda pishitib yurgan katta bir mavzu ham bor. Atay o‘zimni bosib turibman…

Sabab?

— Hayotni yaxshi bilmayman, hali! Yana… odamlarni, taqdirlarini, tarixlarini o‘rganishim kerak… Davlat arxivlariga kirishim kerak… Ko‘p joylarga borishim, ko‘rishim kerak. Hozirgacha bir shu Samarqandni ko‘rdim, Toshkentni ko‘rdim… E, xullas, hozir yozsam… yosh bolaning gapiday bo‘p qoladi-da.

Svetlana Alekseyevichni esimga soldi bu gaplaringiz. Ukrainalik jurnalist ayolni aytyapman. Ikkinchi jahon urushida qatnashgan ayollar haqida yozish uchun butun Rossiya, Ukraina, Polsha, Chexiya davlatlarini kezib, “frontovitsa”larni topgan. Uylariga borib, ularni tinglagan. Birovi yig‘lagan faqat, birovi so‘kkan, birovi zaharxanda otgan, birovi telefondayoq rad etgan… Alqissa, magnitafon tasmasida neki to‘playolgan bo‘lsa, bari bitta kitobga jo bo‘lgan. Shu kitobi uchun Svetlanani, adashmasam, 2016-yilda adabiyot yo‘nalishi bo‘yicha “Nobel”ga loyiq ko‘rishdi. Bizning tilgayam tarjima qilindi, u kitob — “Urushning ayoldan yiroq qiyofasi” deb… Dahshatli kitob!.. Chindanam urushning biz bexabar bo‘lgan qiyofasini ochib bergan… Umid qilamanki, Mahliyo, inshaalloh, yozajak romaningiz ham shunday hayot ham tarixning bizga qorong‘i taraflarini xolis yoritadi!..
…Mahliyoni eshitganim sari, to‘g‘ri ma’noda, maqsadlarning “qaynar xumchasi”ga mengzadim: oliy o‘quv yurtiga kirmoqchi, huquqshunos bo‘lmoqchi, kamida to‘rtta til o‘rganmoqchi, yurt kezmoqchi, xorijga chiqmoqchi, Oksford-u Kembrijlarda tahsil olmoqchi, ta’limni isloh etmoqchi, kitob yozmoqchi… Ha, bu aytayotganlari bolalarcha orzu emas, oldiga qo‘ygan tayin maqsad bari. Xossatan, erishish uchun harakat qilyaptimi, endi u orzu emas — MAQSAD! Ajab, bir Mahliyodamikin, shu qadar maqsadlar? Axir, uning ham sinfdoshlari bor, dugonalari bor, ko‘chadagi tengdoshlari bor… Ulardayam shu kabi maqsadlarni ko‘rarmikin?

— …uncha ko‘p ko‘rmayman!.. — dedi o‘ychan tortib Mahliyo. — Qiynaladi qizlar… Sinfimizda o‘n uchta qiz bo‘lsak, ko‘pining ota-onalari tushunmaydi. Hattoki, sharoiti to‘kislaridayam taqiq ko‘p: “…uydan chiqma!”. Eshitganlari shu… Ularga faqat ro‘zg‘or ishlarini obdon o‘rgatishadi va maktabni bitirganidan erga berishadi… Tamom! Sinfdayam qizlar uyida qilgan yumushlarini aytib beradi, eshitib og‘zim ochiladi. Nima desam, ular halitdan ro‘zg‘or qurgan ayolday bo‘p qolishgan… To‘g‘ri-i, mengayam uy supirtirishadi, ukalarimga qarayman… Qiz bola hamma yoqni ozoda tuta bilishi kerak-da, endi. Lekin ishga ko‘m-mib tashlashmagan-da… Qizlarni gapiryapman, faqat. O‘g‘il bolalarimizni-ku gapirib o‘tirishga xojat ham yo‘q: yettinchi sinfdan ishga chiqib ketishadi, “stolovoy”larda, qurilishda tirikchilik uchun yurishadi… Sinf sardori bo‘lganim uchun ham o‘g‘il bola sinfdoshlarimdan, “Maqsading nima o‘zi hayotda”, deb so‘rab ko‘raman. Har gal bir xil javob olaman: “…ey, shu ustachilik qilaman, bo‘-o‘ldi, umrim o‘tadi!”. Umidsizlikka tushib bo‘lishgan. Shu hollaridan oshmagancha, ular ertaga turmush qurishadi va qarabsizki, yana bitta kambag‘al oila shakllanib turibdi-da!..

Tengqurlari bobida joniqib so‘zlarkan, ich-ichimdan bosh ko‘tarayotgan savollarimga, savqi tabiiy ila sezgandek, mulohaza siyoqida javob berib borardi. Shu bois ham sukutda tingladim. Uzoq tingladim. Bu xuddi kimningdur fasod bog‘lab ketgan yarasiga noxos tegib o‘tganing singari bir hol. U zirqirayotgan yarasini ushlab ingraydi, ixraydi, bukchayadi, manglayini tirishtirib, lab tishlaydi… Sen esa ilojsiz, uzrxoh qarab turaverasan. Ketib ketolmaysan, qolib bir nafing tegmaydi…

— …tikish-bichishni biladigan qizlarimizga o‘zing tikuv sexi ochsang bo‘lmaydimi, qachongacha birovning qosh-qovog‘iga qarab yashamoqchisan desam, qo‘rqib ketishadi: “…kredit pulini qanday to‘layman keyin?!”. Yoki Samarqandda biror tanlov bo‘p qolsayam “Qizlar, yuringlar, qatnashamiz”, deb aytaman. Ular yana qo‘rqib tushadi: “…uydagilar qo‘yarmikan?!”. Bi-ir amallab, yalinib-yolvorib, onasini ko‘ndirsa, otasi ruxsat bermaydi. Yoki teskarisi… Tavba, men, uydagilar qo‘yarmikan deb, shu paytgacha xayolimdanam o‘tkazmapman-a! Ota-onamning nima deyishlari aniq, axir: “…tanlov? Bo‘l tez, tayyorlan, kitobingni o‘qi, o‘z ustingda ishla, bor, qatnash, Paxtachini nomini ko‘tar, chiq, shu qishloqdan!”. Yaqinda ayamga qo‘shilib, banklarga bordim. Holbuki, bankda ish-pishim yo‘g‘idi. Shunchaki, qiziqdim, bank tizimlarimiz qanday ishlashiga… Ishonasizmi, hatto, mol bozorigacha borib kelganman. Molbozorning qanday bo‘lishini o‘z ko‘zim bilan ko‘rgim kelgani uchun. Asarlarda o‘qib, qiziqib qolgandim, qanaqa bo‘larkan o‘zi molbozor deb… Yo‘q, men, bolani erka qilib o‘stirish, nima desa ko‘nish kerak, demoqchimasman, bu bilan. Tekshirib, nazorat qilib turish kerak, albatta. Qani, kimlar bilan, nimalar qilib yuribdi… xabardor bo‘p turish kerak… Men bolani ERKIN qilib o‘stirish kerak, deyapman!.. Mengayam taqiqlar bor, albatta: o‘tirish-po‘tirishlarga ota-onam ruxsat berishmaydi. Beshinchi sinfligimdan shunday… A-a, ularda esa, aksincha taqiqlar: o‘tirishlarga, sumalakka, archaga, parkka, turli bayramlarga qo‘yishadi… Ammo kutubxonaga, o‘quv markaziga, to‘garaklarga, tanlovlarga borish uchun ruxsat yo‘q..? Ko‘ylak olib kiyishlari uchun yuz-ikki yuz ming so‘mlab pul berishadi. Lekin kitob uchun o‘n ming so‘m berishmaydi… O‘zlari boy bo‘lmasayam, boylardan ortiq sharoit qilib qo‘ygan. Shularni ko‘rib turib, o‘zlari ziyoli bo‘lmasayam ziyolilardan ziyoda tushungan ota-onam borligi uchun shukrlar aytib charchamayman!.. O‘zimdan katta sinf o‘quvchilari oldimga yig‘lab kelardi, sening ota-onang bilan mening ota-onam almashib qolishlarini juda istayman, deyishardi…

Birdan shu choqqacha unsizgina o‘tirgan otasining burni sho‘rqillay boshladi. Vazmin ko‘tarilgan qadoq qo‘llari bilan burnini emas, ko‘zlarini artardi… Ajab, nega bu odam beli og‘rib topgan puliga aroqmas kitob ko‘tarib keladi uyiga? Nega tanlov deb, olis yo‘llarga chiqayotgan bo‘y qiziga so‘zsiz ishonadi? Nima uchun bolalariga bunchalar o‘xshovi yo‘q erkinlik berib o‘stiryapti?.. Azbaroyi ichimga sig‘dirolmaganim bu savollarni o‘ziga bergandim hamki, butun suhbat davomidagi eng qisqa va eng sodda javobni eshitdim:

— Endi… o‘zida intilish bo‘g‘andan keyin… erkinlik berish kerak-da, — deya otasi horg‘in qarab o‘tirardi.
— …ammo faqat ota-onalarni ayblayverisham noto‘g‘ri, menimcha, — deya davomladi Mahliyo. — Ularniyam shunday tarbiyalashgan-da bolalikda. Endi bolalarida taqdirlari takrorlanyapti. Tushunsa bo‘ladi… Maqsadni baland olgan sinfdoshlarim ham bor, sanoqli bo‘lsayam: Avaz, Asilbek, Fazliddin, qizlardan beshtamiz yana… Repititor boradiganlarimiz-da, bular. Shu sakkizovimizning suhbatimizdan mazza qilaman! Xudo xohlasa, birgalikda jamiyatning siyosiy hayotiga yorib kirib bormoqchimiz!.. 2021-yil “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash yili…” bo‘lganidan juda xursandligimning bir tarafiyam shunda. Zora, mana shu yildagi imkoniyatlar sabab bo‘lib, maqsadni baland olib intilayotgan yoshlarimiz niyatlariga yetib qolsa…

Kitob o‘g‘rilaganmisiz, Mahliyo? Men, masalan, ha. Rosa o‘g‘rilaganman, bir zamonlar…

— Bir marta. Uchinchi sinf paytim partada qop ketgan bir sakkizinchi sinf darsligini uyga opkegandim. Ayam ko‘rib, tez joyiga qaytar, degan. Ertasiga qaytarib oborgandim…

Kitobni atayin yirtgan paytingiz-chi, bo‘lganmi?

— Bolalikda ayam bir katta kitobni o‘qib-o‘qib uxlab qolgan. Men o‘ynab borib, o‘sha kitobni mayda-mayda qilib yirtgancha uyub qo‘yganman, ayamning oldiga… E, unda kitob nimaligini bilmasdimam-da.

Kitobxo‘rligingizdan pushaymon qilganmisiz?

— Yo‘q… Mazax qilib kulganlar bo‘lgan. Ko‘chaga kitob opchiqsam, bittasi yengillik qilmayaptimi-i, ikkita ko‘tarib chiqqaningda og‘irroq bo‘lardi-i, deyishardi, masalan… Tashlamadim, baribir. Natijasini bugun ko‘rib, bilib turipti hammasi.

G‘oliblik siz uchun nima?

— Mas’uliyat! Shu kitobxonlik bellashuvida g‘olib bo‘lganimdan buyon odamlar bosgan har qadamimni kuzatishadi. Sa-al mundayroq gapirib yuborsamam baloga qolaman. Xato-pato qip qo‘ysam-ku, urdi Xudo: “…a, ko‘rdik, ana, kitobxon qizning ahvolini-i… Bo‘gani shuyakan-ku-u…”. Axir, men ham odamman? Adashishim mumkin… Bu mukofot meni xato qilishdan qo‘rqitib qo‘ydi!..

Sherbek BOBOQULOV
suhbatlashdi.