Senga navqiron yoshingda saboq bergan insonni hyecham unutolmaysan. Xoh u ustoz-muallim bo‘lsin, xoh ota-onang, yoki bir qadirdoning, bir umrga esdan chiqmaydi. Yaxshi kitob yoki sevimli gazetani mutolaa qilib, o‘zingga manzur bilimlarni olsang-chi?! Bundan ham ortiq zavq bormi odam uchun!
Yoshlar gazetasi biroz muddat tanaffusdan so‘ng yana o‘z o‘quvchilariga peshvoz chiqishga ahd qilganini eshitib, shuurimga shu fikrlar keldi. Ha, xalqimiz bejiz aytmagan: “Oqqan daryo oqmay qolmas”!
Bu gazetada mening ham jurnalist sifatidagi eng qaynoq damlarim o‘tgan. Tahririyatda katta-yu kichik barcha lavozimlarni bosib o‘tib, o‘n yilga yaqin bosh muharrirlik ham qildim. O‘tgan asrning 80-yillari oxiri — mustaqillik arafasida jamiyatda bu nashrning o‘z o‘rni, o‘z nufuzi, o‘z so‘zi bor edi. Qariyb bir millionga yaqin tirajda chop etiladigan gazetani hamma o‘qirdi. Haftasiga besh marta chop etilganini hisobga olsak, o‘rtacha 10 millionlab odam mutolaa qilardi. Tahririyat jamoasi gazetani o‘qishli qilish uchun kecha-yu kunduz izlanar, ishlar, ijod qilardi. Ular har bir dargoh, dala, ilm maskani, mahalla, boringki, osmon-u falak… hamma joyda hozir-u nozir edi. Ular uchun gazeta suv bilan havoday eng muhim hayotiy zarurat edi. Haqiqiy fidoyi jurnalist-ijodkorlar ishlardi.
Yoshlar gazetasi xodimlari va muxlislarining o‘sha yillardagi dadil qadamlarini — ijod namunalarini hyech nimaga qiyoslab bo‘lmaydi. O‘zbek tiliga Davlat tili maqomini berish uchun olib borilgan harakatlar… Mavzu yuzasidan e’lon qilingan qonun loyihasiga bildirilgan bir varaqlik “Chala tug‘ilgan bola” nomli maqolachaning qanchalik aks sado bergani keksa avlodning yodidan chiqmaydi. Yoki qatag‘on qurbonlari bo‘lgan Cho‘lpon, Abdulla Qodiriy, Fitrat singari yozuvchi-shoirlar haqidagi tarixiy haqiqatlarning baralla yoritilishi, vatandan uzoqda xo‘rlanib qolgan harbiy xizmatdagi askarlarimizni himoya qilib yozilgan maqolalar, “Paxta ishi”, “O‘zbeklar ishi”ni fosh etuvchi turkum chiqishlar, Ikkinchi jahon urushi davrida beva qolgan xotin-qizlarimizning ayanchli taqdirlari aks etgan sahifalar…
Mustaqillik uchun kurash jabhalarida oldinda bo‘lish, har bir yosh qalbini Vatanga cheksiz muhabbat nashidasi bilan to‘ldirish, tarixiy haqiqatlarni ochib berish, jangovar ruhdagi maqolalar, yangi-yangi she’rlarni e’lon qilib borish gazetaning, har bir yosh jurnalistning burchi edi.
Bugun o‘zbek markaziy matbuotini boshqarayotgan, yangi O‘zbekiston bo‘yi-bastini baralla ko‘rsatishga harakat qilayotgan Safar Ostonov, Ahmadjon Meliboyev, Norqobil Jalil, Sirojiddin Rauf, Islom Hamro kabi yetakchi muharrirlar o‘sha davrda ana shu yoshlar gazetasining qalami o‘tkir, “o‘tda yonmas, suvda cho‘kmas” jurnalistlari edi.
Bu gazeta nafaqat hozirgi, balki o‘tgan asrning eng ulug‘, eng mashhur iste’dod egalari bo‘lgan, xalqimizning sevimli yozuvchi-shoirlari — Hamid Olimjon, Oybek, G‘afur G‘ulom, Sharof Rashidov, Zulfiya, Hamid G‘ulom, Mirmuhsin, Ramz Bobojon kabi yuzlam qalam sohiblari uchun haqiqiy ijod maktabi rolini o‘tagan. Keyinchalik Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, O‘lmas Umarbekov, Gulchehra Nurullayeva, O‘tkir Hoshimov, Xudoyberdi To‘xtaboyev, Sa’dulla Karomatov, Halima Xudoyberdiyeva, Omon Matjon, Rauf Parfi, Muhammad Yusuf singari el ardog‘idagi adiblarning eng sara ijodlarini xalqqa yetkazishda yetakchi nashrlardan biri bo‘lgan.
Vatanni sevish, mustaqillikni ardoqlash, kerak bo‘lsa, uning himoyasi uchun jonini fido qilish shu zaminda yashayotgan har bir insonning muqaddas burchi. Ana shu yuksak tuyg‘uni yoshlar qalbida shakllantirish, ulug‘ ajdodlarining ibratli hayoti va faoliyatidan bahramand etish — ma’naviy-ma’rifiy faoliyatimizning asosini tashkil etishi lozim. Bunday mas’uliyatli ishlarni birinchi galda matbuot bajarishi kerak.
Davlatimiz rahbari xalqimizning, avvalambor, yigit-qizlarning ma’naviyatini yuksaltirishga katta e’tibor qaratayotgan bir paytda yoshlar gazetasining chop etilmay turishi achinarli edi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev: “Agar jamiyat hayotining tanasi iqtisodiyot bo‘lsa, uning joni va ruhi ma’naviyatdir”, deb ta’kidlab, matbuotning xizmatini e’tirof etib turgan paytda muassislarning nashrlarga e’tiborsizligi kechirilmas holdir. To‘g‘ri, o‘tgan 2020-yil butun dunyo uchun, shu jumladan, bizning mamlakatimiz uchun ham og‘ir keldi. Koronaverus pandemiyasi davrida ko‘pgina nashrlar chiqmay qoldi. Ayrimlari o‘z faoliyatini elektron tarzda — saytlarda davom ettirdi. Lekin qog‘ozga bosilgan gazetaning o‘rni va roli boshqa. U nafaqat ma’rifat jarchisi, balki tarixni yaratuvchi yilnomadir.
Tarixdan ma’lumki, yoshlar gazetasi bundan 96 yil burun — 1925-yil 8-fevraldan (“Yosh leninchi”) chiqa boshlagan. Gazeta mamlakat hayotining eng qiyin davrlarida, hatto Ikkinchi jahon urushi yillarida ham o‘z faoliyatini to‘xtatmagan…
Mustaqil O‘zbekiston kelajagi yoshlar qo‘lida. Hozirgi kunda amalga oshirilayotgan olamshumul islohotlarning tag zamirida yoshlarni har jihatdan qo‘llab-quvvatlashga bo‘lgan e’tibor yotibdi. Ilm-fan sohasidagi o‘zgarishlar, oliy ta’lim va xalq ta’limi tizimidagi yangilanishlar asrlarga teng ishlardir. Hamma yoqda ulkan bunyodkorlik — barpo etilayotgan noyob san’at ob’ektlari, qishloq xo‘jaligi, elektr energetika sohasidagi uzoqni ko‘zlab qilinayotgan ishlar, oddiy oilalardagi ijobiy o‘zgarishlar — bular barchasi yangi O‘zbekistonning dadil qadamlaridir. Birgina poytaxtning o‘zida yuz berayotgan yangilanishlarni sanab adog‘iga yetolmaysiz.
Bunday ulug‘vor ishlarni, olamshumul o‘zgarishlarni, ularning mohiyatini xalqqa yetkazish, boxabar qilish, qolaversa, tarix sahifalariga muhrlab, kelajak avlodlarga yetkazish bosma ommaviy axborot vositalarining zimmasidagi vazifadir.
Gazeta va jurnallar har bir muassasaga, xonadonga yetib borishi kerak. To‘g‘ri, elektron ommaviy axborot vositalari rivojlanib, o‘z mavqyeini mustahkamlab bormoqda. Lekin hali mamlakatimiz qishloqlariga bosma nashrlar suv bilan havodek zarur.
Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 30-iyundagi “O‘zbekiston Respublikasi yoshlar ishlari agentligi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, yoshlar hayoti, orzu-intilish va muvaffaqiyatlarini keng yoritish, muammo va kamchiliklari yechimiga qaratilgan ko‘rsatuv, maqola va eshittirishlar tayyorlashni yo‘lga qo‘yish maqsadida ushbu yo‘nalishda faoliyat yurituvchi ommaviy axborot vositalari va nashriyotlar negizida aksiyadorlik jamiyati shaklidagi «Yoshlar media xoldingi»ni tashkil etish va belgilangan tartibda uch oy ichida shakllantirish belgilangan edi. Yoshlar ishlari agentligi qoshidagi ushbu xolding tarkibiga bizning yoshlar gazetasi ham kirishi lozim edi. Murakkab tashkiliy ishlar natijasida gazetani chop etish ham vaqtincha to‘xtab qolgan edi. Bu kamchilikni bartaraf etish vaqti keldi.
Yoshlar gazetasi o‘z faoliyatini boshlaganiga 96 yil to‘layotgan pallada yana chop etilayotgan ekan, uni qutlashni lozim topdim. Har bir davrning o‘z qiyinchiligi, muammolari bo‘ladi. Bular yaxshi niyatli insonlar oldida hyech gap emas. Faqat yoshlar gazetasi jurnalistlari o‘z nashrini mazmunli, ommabop, yangicha yondashuvlar bilan yanada qiziqarli qilib chiqarsalar bas. Men bunga ishonaman, u yana o‘zining mushtoq mushtariylarini xushnud etadi!

Jabbor RAZZOQOV,
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist