Butun dunyoda koronavirus tarqalishining yangi to‘lqini kuzatilayotgani hech kimga sir emas. Bunga infeksiyaning “britancha shtamm” va mutatsiyaga uchragan boshqa turlari paydo bo‘lishi sabab bo‘lmoqda.
Buyuk Britaniyaning Milliy statistika xizmati koronavirusning “britancha” deb ataluvchi yangi shtammiga yo‘tal, kuchli charchoq, tomoq va mushaklardagi og‘riq kabi belgilar xos ekanligini, ammo hid va ta’m sezmaslik alomati avvalgi shtammdagiga qaraganda kamroq uchrayotganini aniqladi. Ma’lumotlar shuni ko‘rsatadiki, yangi shtamm birinchi holatda bo‘lgani kabi uchta emas, ikkita gen bilan mos keladi. 3,5 ming kishidan iborat yangi shtammni yuqtirganlar guruhidan: 35 foizi yo‘tal, 32 foizi charchoq, 25 foizi mushak va tana og‘rog‘i, 21,8 foizi esa tomoq og‘rig‘idan shikoyat qilgan.
Olimlarning fikriga ko‘ra, virus tarkibidagi ba’zi o‘zgarishlar organizmning immun resksiyasiga va infeksiyani keltirib chiqaradigan alomatlarga ham ta’sir qilishi mumkin. Yangi shtammni yuqtirib olganlarning organizmida virus intensiv ravishda ko‘payib ketish ehtimoli yuqoriroq. Mavjud holat infeksiyaning butun tanaga kengroq tarqalishiga hamda kuchli yo‘tal, mushaklarda og‘riq va charchoq paydo bo‘lishiga olib keladi.
—Yurtimizda kasalikka qarshi kurashish tadbirlarining o‘z vaqtida boshlangani, prezidentimizning hali kasallik kirib kelmasidan turib chiqargan farmonining ijrosi, kasallikga qarshi kurashish, uning oldini olish va doimiy ravishda nazorat qilish bo‘yicha respublika maxsus komissiyasining tashkil etilgani evaziga mamlakatimizda kasallanganlarning 98 foizini o‘z vaqtida davolash va oila davrasiga qaytarishga erishdik, — deydi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘i o‘rinbosari Botir Qurbonov. — Kasallikga oid vaziyat dunyoning bir qator mamlakatlarida haligacha murakkabligicha saqlanib qolmoqda. Britancha shtammning paydo bo‘lishi oqibatida mamlakatimizga Buyuk Britaniya, Germaniya, Avstriya, Avstraliya, Niderlandiya, Italiya, Daniya, Janubiy Afrika respublikalari bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri aviareyslar bekor qilindi. Ushbu mamlakatlarda bo‘lgan fuqarolar uchinchi davlat orqali kirib kelganda 14 kunlik karantinga olinishi joriy etildi. Amalga oshirilayotgan barcha ishlar aholi salomatligi uchun, albatta. Bundan to‘g‘ri xulosa chiqarib, karantin qoidalariga qat’iy rioya qilish orqaligina kasallikni yenga olamiz. O‘quv muassasalarida tarbiyachilar, o‘qituvchilar vaziyatga mas’uliyat bilan yondashishlari talab etiladi. Binoga kirish-chiqishda bolalarning tana harorati o‘lchab borilishi, dars jarayonlaridagi tanaffuz paytida xonalar shamollatilishi hamda zararsizlantiruvchi vositalar yordamida tozalanishi lozim. Shuningdek, antiseptik vositalardan doimiy foydalanish, shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya qilish shart. Tibbiy niqoblar yuqumli kasalliklarning barcha turida, ya’ni yuqori nafas yo‘llari orqali yuqadigan kasalliklardan himoyalanishda asosiy vosita hisoblanadi. Shuning uchun ham aholi niqobdan to‘g‘ri foydalanishi va vaqtida almashtirishi lozim. Bundan tashqari, salomlashish qoidalariga rioya qilsak, maqsadga muvofiq bo‘lar edi.
To‘g‘ri, mutasaddilar va mutaxassislar takidlayotganidek, ayni paytda mamlakatimizda epidemiologic vaziyat ijobiy va barqaror. Ammo bu bizning xatirjamlikka berilishimizga asos bo‘laolmaydi. Chunki virusning yangi turi yurtimizga ham kirib keldi. Bu barchadan birdek hushyorlikni talab etadi. Shu bois barchamiz jamoat hamda ish joylarida tibbiy niqobni to‘g‘ri va doimiy tarzda taqish, ijtimoiy masofani saqlash, qo‘llarni muntazam yuvish kabi kundalik odatlarni kanda qilmasligimiz kerak. Shuningdek, yurtdoshlarimiz zarurat bo‘lmasa, shunchaki ko‘ngilxushlik yoki hordiq chiqarish uchun chet el safariga otlanmasliklari lozim. Sababi har bir harakatimiz ertangi kun uchun muhim ahamiyatga ega.
Ayniqsa ta’lim muassasalarida doimiy karantin qoidalariga rioya qilish talab etiladi. Uyda ota-onalar, ta’lim dargohida murabbiylar o‘g‘il-qizlarga mavjud vaziyatni tushuntirishlari va nazoratni kuchaytirishlari talab etiladi. Karantin tugadi qabilida ish tutib, ko‘cha-ko‘yda, ta’lim muassasalarida niqobsiz yurgan fuqarolarni to‘xtatib, dakki berishdan o‘zimizni tiymaylik.

Ma’mura HUSANOVA