2020-yil: ta’lim sifatida o‘sish bormi?

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspektsiyasi ta’lim sifatini xolisona baholash bo‘yicha o‘tgan 2020-yilda amalga oshirilgan ishlar xususida ma’lumot berdi.
2020-yilda maktablar reytingini aniqlash maqsadida jami maktablarning 10 foizi, ya’ni 992 ta maktab faoliyati 4 ta indikator asosida baholangan. Hududlar reytingida eng yuqori o‘rinlarni Buxoro, Namangan va Xorazm viloyatlari egallagan. Quyi o‘rinlarda esa Toshkent, Sirdaryo va Surxondaryo viloyatlari qayd etildi.
Prezidentning tegishli Farmoniga ko‘ra, joriy yildan reyting natijalariga qarab maktab direktorlari va o‘rinbosarlari, o‘qituvchilar, hokimlar va ularning ta’lim bo‘yicha maslahatchilari faoliyatiga baho beriladi. Bu jarayonga respublikadagi barcha maktablar qamrab olinadi.
2020-yilda 84 ta oliy ta’lim muassasasi faoliyatining tahlilida ularning umumiy, sohaviy va asosiy samaradorlik ko‘rsatkichlari asosida reyting tuzilgan. Milliy OTMlarda barcha indikatorlar bo‘yicha o‘sish ko‘rsatkichlari qayd etilgan. Fan doktori yoki professor unvoniga ega o‘qituvchilar 2020-yil 1-yanvarda o‘tgan yilga qaraganda 11 foizga, fan nomzodi ilmiy darajasi yoki dotsent unvoniga ega professor o‘qituvchilar 10,1 foizga, dissertatsiya himoyalari 41,1 foizga, dunyoning nufuzli 1000 taligiga kiruvchi OTMlardan ilmiy daraja olgan professor o‘qituvchilar 13,1 foizga oshdi.
Ta’lim inspektsiyasi tomonidan 2030-yilgacha xalqaro reytinglarda 2 ta oliy ta’lim tashkilotini – birinchi 500 ta o‘rindagi, 8 ta oliy ta’lim tashkilotini – birinchi 1000 ta o‘rindagi oliy ta’lim muassasalari ro‘yxatiga kiritish uchun “2+500” va “8+1000” loyihalari ishlab chiqilib, bu yo‘nalishdagi amaliy ishlarga start berilgan.
Koronavirus pandemiyasi ta’lim muassasalarini akkreditatsiyalash jarayoniga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatdi. Va bu jarayonlar masofadan turib tashkil etildi. “ONAKS” — elektron platformasi hamda onlayn akkreditatsiya reestri ishga tushirildi.
Ichki va tashqi baholash jarayonlarida 788 ta maktab holati o‘rganilgan. Natijada mas’uliyatsizlikka yo‘l qo‘ygan 87 nafar rahbar xodimga intizomiy chora qo‘llanilgan. Yil davomida jami 1 ming 220 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti attestatsiyadan o‘tkazilgan. 1 nafar viloyat Maktabgacha ta’lim boshqarmasi, 1 nafar tuman Maktabgacha ta’lim bo‘limi, 12 nafar ta’lim tashkiloti rahbarlari bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilingan. 9 nafar tuman maktabgacha ta’lim bo‘limi xodimi, 1 nafar ta’lim tashkiloti rahbariga “hayfsan” intizomiy chorasi qo‘llangan.
24 ta akademik litsey, 29 ta malaka oshirish va qayta tayyorlash ta’lim tashkiloti hamda 22 ta oliy ta’lim muassasasi attestatsiyadan o‘tkazgan. Natijalarga ko‘ra, 54 ta malaka oshirish, 44 ta qayta tayyorlash kursi hamda 13 ta oliy ta’lim muassasasining 8 ta ta’lim yo‘nalishi, 8 ta magistratura mutaxassisligi va 10 ta ixtisosligi attestatsiyadan o‘ta olmagan.
Xorijiy davlatlarda olingan diplomlarni tan olish bo‘yicha jami 4 ming 441 ta murojaat kelib tushgan. Ularning 1 ming 361 tasi qanoatlantirilgan, 576 ta hujjat esa maxsus sinovlarsiz, to‘g‘ridan-to‘g‘ri tan olingan. Pandemiya sabab sinov jarayonlari ilk marotaba viloyatlarda tashkil etilgan. Mazkur amaliyot tizimli ravishda takomillashtirilib, keyingi yillarda ham davom ettirilishi rejalashtirilgan.
So‘nggi uch yilda nodavlat ta’lim tashkilotlari qariyb olti barobarga oshgan. 2020-yilda Ta’lim inspektsiyasi tomonidan jami 1 ming 34 ta nodavlat ta’lim tashkilotiga litsenziya berilgan. Bugungi kunda ularning soni 3 ming 377 tani tashkil qiladi.
Ta’lim inspektsiyasi va Jahon banki hamkorligida ta’lim sifatini aniqlash bo‘yicha o‘tkazilgan sinovlar natijasiga asosan “Inson kapitali indeksi-2020” reytingida ilk marotaba O‘zbekiston natijalari ham e’lon qilindi. Ta’lim sifatini yangi bosqichga olib chiqish maqsadida Finlandiya tajribasini o‘rganish bo‘yicha tizimli ishlar yo‘lga qo‘yilgan.

Ro‘ziqul OCHILOV