Chiqarilmagan xulosalar

Toshkent metro bekati. Navbatchi xodim yosh er-xotinga niqob ta’qishi kerakligini aytib ogohlantirdi. Avvaliga niqoblari yo‘qligini aytishdi, niqobsiz metroga tushish mumkinmasligini eshitgach, “hozir taqamiz” deya tushib ketaverishdi. Ammo shunda ham niqob ta’qmasdan harakatlanavergach, nozir ortlaridan borib qayta ogohlantirdi. Shunda er boshlagan janjalni xotini davom ettirdi. Oraga boshqa yo‘lovchilar tushib, yonidan niqob chiqarib berishdi. Er-xotin metro xodimini haqoratlagancha o‘z yo‘llarida ketishdi…

Ko‘rgan odamning ta’bi xira tortadi. Axir hammaning sog‘lig‘i birinchi navbatda o‘zi uchun muhim-ku!

Statistika nima deydi?

Pandemiya hali tugagani yo‘q. Shunchaki, epidemiologik vaziyat barqarorlashgan, xolos. Kasallikning tarqalishi kuzatilmoqda. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, dunyo bo‘yicha kasallanish 73 milliondan oshib, o‘lim holati 1 million 700 mingga yaqinlashmoqda. Jumladan, AQShda kasallanganlar soni 17 milliondan ortiq, shundan o‘lim holati 311 mingdan oshdi. Hindistonda kasallanganlar soni 1 millionga yaqinlashdi, o‘lim holati 144 mingdan ziyod. Ehtimol, shu daqiqalarda bu raqamlar yana o‘smoqda…
Dunyo olimlari hamon kasallikka qarshi to‘liq kafolat beradigan vositasini yarata olgani yo‘q. Biroq barcha mutaxassis va ekspertlar tibbiy niqoblarni taqish samarali vosita ekanini ta’kidlamoqda. Chunki tibbiy niqobda bo‘lgan hududlar aholisi kasallikka chalinish ko‘rsatkichi past.

Koronavirus yuqtirish xavfi qachon kamayadi?

Mutaxassislarning aniqlashicha, toza havo oqimini doimiy ravishda ta’minlash orqali koronavirus yuqtirish xavfini kamaytirish mumkin. Virus odam organizmiga nafas olish tizimi orqali kirib boradi. Shu bois xonada muntazam ravishda toza havo oqimini ta’minlash va uydagi barcha sirtlarni tozalab turish kerak. Havoda kislorod qancha ko‘p bo‘lsa, odamning nafas olish yo‘llari kasalliklariga bardoshliligi shuncha ortadi.

Niqobdan qayta-qayta foydalanishning zarari yuqori

Lovell universiteti va Kaliforniyaning Baptist universiteti tadqiqotchilari tomonidan pandemiya paytida ishlatilgan tibbiy niqobni taqish uni taqmagandan ko‘ra xavfliligini aniqladi.
Niqob yuz atrofidagi havo oqimiga ta’sir ko‘rsatadi. Bu esa odamni zarralardan ko‘proq nafas olishga majbur qiladi. Ishlatilgan niqob mayda tomchilarni samarali filtrlay olmaydi. Ba’zan “niqob taqmagandan ko‘ra har qanday niqob yaxshi” deb hisoblashadi. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, muayyan vaqt ishlatilgan himoya vositalari 2,5 mikrometrdan kichik zarralarga qarshi kurasha olmaydi.

Niqob taqish bekor bo‘lgani yo‘q…

Yurtimizda kasallikka qarshi ko‘rilayotgan choralar sabab virus tarqalishini jilovlashda ijobiy natijalarga erishilayotgani quvonarli hol. Lekin bu xotirjamlikka berilish uchun asos bo‘lolmaydi.
Bee’tiborlik faqat ziyon yetkazadi. Vaziyatga to‘g‘ri baho berishni hamda ijtimoiy masofa saqlashni unutmang. Tibbiy niqob taqib yurish majburiy!

Ro‘ziqul OCHILOV