Biz o‘tmish ajdodlarmiz ismini tilga olib haqli ravshda faxrlanamiz. Ammo doim ham ularning o‘gitlariga quloq tutishga, o‘tmishdan turib bizga yo‘llagan vasiyatiga amal qilishga vaqt topmaymiz. Bugungi shiddatli globallashuv zamoni faqat o‘zlikka qaytib, ajdodlar o‘gitiga quloq tutib taraqqiyotga erishish mumkinligini ko‘rsatmoqda. Shu bois, jamoamiz bilan Siz, aziz yoshlarga o‘git berish emas, xalqimizning tom ma’noda muallimi bo‘lgan Abdulla Avloniy bobomizning bitiklarini ulashib borishni niyat qildik.
Quyidagi bitiklarni o‘qib ko‘rgach, taassuf bilan tan olasizki, bir asr narida aytilgan muammolar bugun ham unchalik o‘zgarmagan, dolzarbligini yo‘qotmagan!

Abdulla Avloniy

TARBIYANING ZAMONI

Emdan ochiq ma’lum bo‘ldiki, tarbiyani tug‘ulg‘on kundan boshlamak, vujudimizni quvvatlandurmak, fikrimizi nurlandurmak, axloqimizi go‘zallandurmak, zehnimizi ravshanlandurmak lozim ekan, tarbiyani kimlar qilur, qayda qilinur, degan savol keladur. Bu savolga birinchi — uy tarbiyasi — bu ona vazifasidur, ikkinchi — maktab va madrasa tarbiyasi. Bu ota, muallim, mudarris va hukumat vazifasidur, — deb javob bersak, bir kishi deyurki, “Qaysi onalarni aytursiz, bilimsiz, boshi paxmoq, qo‘li to‘qmoq onalarmi?” O‘zlarida yo‘q tarbiyani qaydan olib berurlar?! — der. Mana bu so‘z kishini ezar, bag‘rini yondurur. Otasiga nima dersiz? — desak, “Qaysi ota! — To‘ychi, uloqchi, bazmchi, do‘mbirachi, karnaychi, surnaychi, ilm qadrini bilmag‘on, ilm uchun bir pulni ko‘zlari qiymag‘on, zamondan xabarsiz otalarni aytursizmi? Avval o‘zlarini o‘qutmak, tarbiya qilmak lozimdur”, der. Mana bu so‘zlarni eshitgach, umid qo‘llari qo‘ltuqg‘a urilur.
— Xayr, bo‘lmasa, muallimlar-chi?! — desak, Qaysi muallim? Maqsadi pul, maslagi shuhrat, yuqori maktablarda o‘qumag‘on, usuli ta’lim ko‘rmog‘on muallimlarni aytursizmi? Avval o‘zlari dorulmuallimlarda o‘qumaklari, so‘ngra dars bermaklari lozumdur”, der. Mana bu so‘z insonni hayrat daryosiga g‘arq qilur.
Mudarrislarga na dersiz desak, “Qaysi mudarris? — matlablari osh, maqsadlari chopon, darslari beimtihon, isloh yaqinidan yurmagan mudarrislarni aytypsizmi? Bular o‘z vazifalarini bilub nafslaridan kechub, zamonaga muvofiq ravishda darslarini isloh qilub, imtihon birla o‘qutmaqlari lozimdur”, der. Mana bu so‘z har kimni “Alisloh” demakka majbur qilur. Bo‘lmasa, hukumat-chi? — desak, “Xayr, hukumat hammaning otasidur, o‘z fuqarosining bolalarini tarbiya qilmagi lozim”. Shuning uchun bizning Rusiya hukumati o‘gay bo‘lsak ham har yerda bizlar uchun ham maktablar ochub, bolalarimizni tekin o‘qutur. Lekin o‘zimiz ish bilmag‘on, yalqov, uyda ona tarbiyasi, otadan pul tarbiyasi, muallimdai axloq tarbiyasi, mudarrisdan funun tarbiyasi ko‘rmagonimizdan, hukumat maktablaridan ham o‘z hissalarimizni ololmaymiz”, der. Mana bu so‘z bizlarni tarbiyadan mahrum, huquqning na ekanini bilmaganlig‘imizni bildurur.
Alhosil, tarbiya bizlar uchun yo hayot yo mamot, yo najot yo halokat, yo saodat yo falokat masalasidur…

Agar bir qushning yosh bolasin olib,
Bo‘lur tarbiyat birla yo‘lga solib.
Onasin olib asrag‘on birla rom
Qilolmas, kishi sa’y qilsa mudom.
Kerak tarbiyat yoshlikdan demak,
Ulug‘ bo‘lsa, lozim kelur g‘am yemak.
Egur bemashaqqat kishi navdani,
To‘g‘unchi egur kuydirib kardani.

FIKR TARBIYASI

Fikr tarbiyasi eng kerakli, ko‘p zamonlardan beri taqdir qilinub kelg‘on, muallimlarning diqqatlariga suyalgan, vijdonlariga yuklang‘on muqaddas bir vazifadur. Fikr insonning sharofatlik, g‘ayratlik bo‘lishiga sabab bo‘ladur. Bu tarbiya muallimlarning yordamiga so‘ng darajada muhtoj durki, fikrning quvvati, ziynati, kengligi muallimni tarbiyasiga bog‘lidur. Dars ila tarbiya orasida bir oz farq bo‘lsa ham ikkisi bir-biridan ayrilmaydurg‘on, birining vujudi biriga boylang‘on jon ila tan kabidur. Masalan, joy solinmag‘on yaxshi bir uyning ichida o‘turmak mumkin o‘lmadig‘i kabi, ichiga har xil yangi ashyolar to‘ldurub ziynatlang‘on eski imorat ham o‘lturushga yaramaydur. Basharti o‘lturulsa, insonlar: “Eski uyga yangi zoldevor”, “Kir ko‘ylakka jun jiyak”, “Mis qozonga loy tuvoq” kabi hajv, kulgi qilurlar.

Fikr agar yaxshi tarbiyat topsa,
Xanjar olmosdan bo‘lur o‘tkur.
Fikring oyinasi olursa zang,
Ruhi ravshanzamir o‘lur benur.

AXLOQ TARBIYASI

Insonlarga eng muhim, ziyoda sharaf, baland daraja berguvchi axloq tarbiyasidur. Biz avvalgi darsda tarbiya ila dars orasida farq bor, deduk, chunki, dars oluvchi — biluvchi, tarbiya oluvchi — amal qiluvchi demaktur. Shuning uchun tarbiya qiluvchi muallimlarning o‘zlari ilmlariga omil bo‘lub, shogirdlarga ham berg‘on darslarini amal ila choqushturub o‘rgatmaklari lozimdur. Bu ravish ta’lim ila berilgan dars va ma’lumot shogirdlarning diliga tez ta’sir qilub, mulloyi boamal bo‘lurlar… Agar tarbiya qiluvchi muallim o‘zi olim bo‘lub, amalsiz bo‘lsa, buning ham shogirdlarning axloqiga zo‘r ta’siri bo‘ladur…
Bayt
Minbar uzra jilva aylab, va’z etarlar, qilma, deb,
O‘zlarin xilvatda ko‘rsang, oni qilmoqda emish.
Ichma suv, derlar biza oltun-kumush asbobda
Bilsamiz maqsudlari qo‘ltuqga urmoqda emish.

YAXSHI XULQLAR

Bir qismi o‘z nafsimizga, bir qismini bir-birimizga qarshu ishlatmak uchun kerakli bo‘lg‘on yaxshi xulqlar: fatonat, diyonat, nazofat, g‘ayrat, riyozat, qanoat, shijoat, ilm, sabr, hilm, intizom, miqyosi nafs, vijdon, vatanni suymak, haqqoniyat, nazri ibrat, iffat, xayo, idrok va zako, hifzi lison, iqtisod, viqor, xavf va rajo, itoat, haqshunoslik, xayrixohlik, munislik, sadoqat, muhabbat va afvdur. Mana shu yozdig‘imiz, yaxshi xulqlar aql va shar’i sharifga muvofiq… Emdi bu yaxshi xulqlarni qo‘lga olmak uchun ota-ona, muallim-ustodlarimiz hazratlarining hikmatli nasixatlarini jon qulog‘i birla tinglab, doim xotirda tutmoq, axloqi yaxshi kishilar birla ulfat bo‘lmak, axoqi buzuq, yomon kishilardan qochmak lozimdur…
Bayt
Yaxshi birla yursa har kim, maqsudi hosil bo‘lur,
Yursa nodonlar ila bir kun borib qotil bo‘lur.
Kattalar qilg‘on nasihatni kichiklar olmasa,
Oqibat xulqi buzuq, bir beadab johil bo‘lur.

“Toshkent oqshomi” kitobidan
(Boboravshan G‘oziddinov tayyorladi.)