Boburning butun umri – hayot-u ijodi o‘zlikni izlab topish yo‘lida sarf bo‘lgan ko‘ngilga o‘xshaydi. U dunyo kezib ko‘nglini topgan, haqni izlab, o‘zini topgan shoh, shoir, buyuk inson edi.
U Navoiyni ustoz deb bildi. Unga maktublar bitdi, katta orzular bilan she’rlarini jo‘natdi. She’rlariga go‘zal naziralar bog‘ladi. Navoiy vafotidan bir necha yillar o‘tib, Hirotga borganida hazratning umri kechgan go‘shada yigirma kun yashadi. Uning ruhidan madad oldi. “Boburnoma”da Navoiy, uning iqtidori, a’moli haqida juda ko‘p yozdi. Asarning boshlanishidayoq Andijon haqida so‘zlab, shunday deydi: “Eli turkdur. Shahar va bozorlarida turkiy tilni bilmaydiganlar topilmas. Elining so‘zlari adabiy tilga muvofiq keladi… Alisher Navoiy asarlari Hirotda shuhrat topgan bo‘lsa-da, ushbu tilda bitilgan”.
Uni Navoiy yaratgan xayriy binolar, bog‘-rog‘lar, arig‘u hovuzlar hayratga soladi. Dunyoda hatto podshohlar ham obodonchilik yo‘lida Navoiydek ko‘p ishlar qilmagan, deb ta’kidlagan jahongirning o‘zi ham ustozidan qolishmadi. Kobul va uning atrofida, Hindistonda shuncha ko‘p bino-yu bog‘lar, ariq va gulzorlar barpo etdiki, ulardan ayrimlarining nomi bugun ham mashhur. Bobur egallagan yerlarini obod qildi, u yerga nur, ziyo olib kirishni istadi – vatanidan olisda vatan qurishiga ishonib yashadi. Shu bois bu tuproqqa mehrini, qalbining qo‘rini berdi. Bo‘lmasa, “Hindiston u qadar chiroyli o‘lka emas. Elida ham husn yo‘q. Muomala madaniyati, o‘zaro muloqot, bordi-keldi degan narsalarni bilmaydilar. Ta’bi, idroki va adabi yo‘q, karam va muruvvatni bilmaydi, hunar va ishlarida hisob-kitob, tartib, reja yo‘q. Yaxshi ot va yaxshi it uchramaydi. Yaxshi uzum, yaxshi qovun va yaxshi mevalari yo‘q, muz va sovuq suvi yo‘q, bozorlarida yaxshi ovqat va yaxshi non topmaysiz, Hammom yo‘q, madrasa yo‘q, mash’ala, sham va shamdon yo‘q…”, deb yozgan Boburning shu zaminda buyuk ishlarni amalga oshirishiga kuchi, qudrati yetarmidi?!
Bobur o‘zi obod etgan Hindistonda turib, tug‘ilib o‘sgan yurtini sog‘indi. Yo‘qsa, vatanidan keltirilgan qovunlarga mahzun turmulib, xayolga cho‘marmidi? Hindiston o‘simliklari yoxud qushlariga ta’rif berayotgan chog‘i o‘z yurtidagi shu kabi meva yoki hayvonlarni qiyos qilib esga olarmidi? Yoki farzandlariga o‘z ona tilini mukammal bilishlari uchun dasturi a’mol berarmidi?
…Bir safar yigitlari bilan Kobul sari otlangan Bobur qattiq bo‘ronga duch keladi. Qor shunchalar kattalashadiki, oxir-oqibat yo‘l yopiladi. Shunda yigitlar beligacha, ko‘ksigacha qorga botib qor tepib, yo‘l ochadilar. Bobur bu voqeani shunday eslaydi: “…Ana shu kuni qattiq bo‘ron ko‘tarilib, qor yog‘ardi. Barcha o‘lim vahimasiga tushdi… G‘orga yetganda, qor quyuni tezlashdi. Ushbu g‘or qoshida to‘xtadik… Ko‘plar ot ustida tong ottirdi, g‘or torroq ko‘rindi. Men g‘orning og‘zida kurak olib, qor kuradim, qorni ko‘ksimgacha qazidim, sira yerga yetmasdi. Biroz shamoldan pana bo‘ldi, o‘sha yerda o‘tirdim. Har qancha: “G‘orga kiring”, deyishsa ham kirmadim. Barcha el qoru bo‘ronda, men esa issiq uyda istirohatda o‘tiramanmi, deb o‘yladim. Munda barcha el tashvish va mashaqqatda, men bu yerda uyqu-yu farog‘atda bo‘laymi?! Bu muruvvat va hamjihatlikdan yiroq ishdir. Men ham har tashvish bo‘lsa ko‘rayin, har nechuk el toqat qilib tursa, turayin. Bir forsiy maqol bor: “Do‘stlar bilan birga topilgan o‘lim – to‘ydir”…
Bu kabi mashaqqatlarni boshdan kechirgan, o‘zgalar g‘ami bilan yashashga o‘rgangan shoh Bobur farzandlarining komil insonlar bo‘lib ulg‘ayishini o‘yladi, shu haqda qayg‘urdi, ularning tarbiyasi bilan shug‘ullanishni muhim deb bildi. Zero, Gulbadanbegimning “Humoyunnoma”si, Humoyun mirzo va Komron mirzo yaratgan “Devon”lar, ularning nozik ta’bi va o‘tkir didini faqat qondan o‘tgan, deb bo‘lmas. Bu – Boburning tarbiyasi. Bobur “Xatti Boburiy”ni yaratdi. “Musiqa ilmi”, “Harb ilmi” kabi asarlarni yozdi. Bular, eng avvalo, farzandlari o‘qishi, o‘rganishi zarur bo‘lgan kitoblar edi. Mukammal axloq egasini shakllantirishga mo‘ljallangan “Mubayyan” asari faqat dilbandlarining emas, balki o‘sha davrdagi barcha mo‘min-musulmonlar uchun dasturilamalga aylangan edi, bu asar bugun ham qimmatini yo‘qotmagan.
Farzandlari ulg‘aygach, ularga Hindistondan o‘zga yerlardagi mamlakatlarni boshqarishni ishonib topshirgan shoh Bobur o‘g‘illariga maktublar bitib, yo‘l-yo‘riqlar ko‘rsatar, otalarcha nasihatini qilar, ba’zan do‘q-po‘pisa bilan siyosatini ham ko‘rsatib qo‘yar, lekin hech vaqt otalik mehrini ayab o‘tirmasdi. Boburning farzandlariga bitgan o‘git-nasihatlarga to‘la maktublari bor. Jumladan, Humoyunga bitilgan bir maktubning o‘zida ko‘plab masalalarning hal etilganiga guvoh bo‘lish mumkin.
Maktub Humoyun farzandli, Bobur nabirali bo‘lgani haqidagi quvonchli xabar kelgan kuni bitilgan edi. “Tangri taolo bunday sevinchlarni menga va senga hamisha nasib etsin, omin yo rabb al-olamin. Ismini Al’amon qo‘yibsan. Tangri muborak qilsin. Ammo shunday bo‘lsa-da, o‘zing yozganingdek, g‘ofillik qilibsanki, bu ismni ko‘p qo‘llaganda, avom Alamo yoki El Amon deydilar, «alif» va «lom»ning bunday qo‘shilib kelishi ismda kam uchraydi. Tangri oti va zotini qutlug‘ va muborak qilsin, menga va senga uzoq umr bersin, Al’amon ko‘p asrlar davlat va saodatli bo‘lsin”.
Maktubning davomida ota farzandlariga o‘git beradi, shu bilan birga vasiyat ham qiladi, ya’’ni: “Yana, Komronga va Kobuldagi beklarga borib, senga qo‘shilishga va undan Hisorga yoki Samarqandga, umuman, davlat osoyishtaligi qayerni tilasa, o‘sha yerga jo‘naysizlar, degan farmon bo‘ldi. Tangrining inoyati bilan dushmanni yengib, xudo xohlasa, viloyatlarni qo‘lga olib, do‘stlarni shod va dushmanlarni xor qilgaysizlar. Sizlarning jonni tikib, qilich soladigan paytingiz keldi. Omadingiz kelganida, uni boy berib qo‘ymang. Beparvolik va sustkashlik bilan podshohlik muvofiq kelmaydi.
Jahongire tavaqquf bar nayobad,
Jahon onro buvad ko‘ beh shitobad,
Hama chizi zi ro‘i kadxudoi –
Sukun meyobad illo podshohiy.

(Mazmuni:
Jahongirlik to‘xtab turmaydi,
Kim yaxshi tirishsa, jahon o‘shaniki bo‘ladi,
Hayotda har bir narsa to‘xtashi mumkin,
Ammo podshohlik to‘xtamaydi.)

Agar Tangrining marhamati bilan Balx va Hisor viloyatlarini qo‘lga kiritish nasib etsa, Hisorga sen o‘z odamingni qo‘y, Balxda Komronning odami tursin. Agar Tangrining inoyati bilan Samarqand ham fath etilsa, Samarqandda o‘zing o‘tir. Hisor viloyatini xudo xohlasa, o‘z ixtiyorimda qoldiraman. Agar Komron Balxni oz deb bilsa, xabar bering, bu kamchilikni xudo xohlasa, o‘sha yerdagi qo‘shni viloyatlar bilan to‘ldiramiz. Senga ma’lumki, har doim bir qoidaga amal qilinardi: olti hissa senga bo‘lsa, besh hissa Komronga tegardi. Hamisha ushbu qoidaga amal qilgin, undan chetga chiqmanglar. Ukang bilan yaxshi yashagin. Kattalar ko‘tarimli bo‘lishlari kerak, sening ham u bilan yaxshi muomalada bo‘lishingga umid qilaman. U ham imonli va yaxshi yigit, xizmat va hamjihatlikda uning ham kamchiligi yo‘q”.
O‘g‘li Humoyunning tabiatini yaxshi bilgan ota unga shunday nasihat qiladi: “Sendan bir oz ginam ham bor. Ikki-uch yildan beri birorta odaming kelmadi. Men yuborgan odam ham roppa-rosa bir yil o‘tib qaytdi. Shunday ham bo‘ladimi?
Buning ustiga xatlaringda yolg‘izlik, yolg‘izlik deb yozibsan. Podshohlikda bunday deyish aybdir. Axir aytadilarku:
Agar poy bandi rizo pesh gir,
Va gar yaksuvori sari xesh gir.

(Mazmuni:
Agar oyog‘ing band bo‘lsa, rizoni oldingga qo‘y,
Agar tanda suvora bo‘lsang, o‘z boshingga bor.

Ya’ni: jangga bog‘langan bo‘lsang, boshingga kelgan har narsaga rozi bo‘l, agar hech narsaga bog‘lanmagan bo‘lsang, yo‘lingdan qolma, ketaver.)
Hech bir band podshohlik bandicha bo‘lmas. Podshohlik bilan yolg‘izlik muvofiq kelmas. Yana men aytgandek, xatlaringni yozib bo‘lgach, ularni qayta o‘qimaysan, chunki o‘qishni niyat qilganingda ham o‘qiy olmasding. O‘qiy olmaganingdan so‘ng, albatta, o‘zgartirgan bo‘larding. Xatingni qiynalib o‘qisa bo‘ladi, lekin u juda chalkash. Nasrda hali hech kim muammo ko‘rgan emas. Garchi uncha to‘g‘ri bo‘lmasa ham, imlong yomonmas. «Iltifot»ni «to» bilan, «qulunj»ni «yo» bilan bitibsan. Xatingni bir amallab o‘qisa bo‘ladi, lekin tushunarsiz so‘zlarni qo‘llaganingdan maqsadingni to‘la tushunib bo‘lmaydi. Ehtimol, xat yozishga sustliging shundandir. Jimjimador so‘zlarni bitmoqchi bo‘lasan, shu bois tushunarsiz chiqadi. Bundan keyin takalluf qilma, ravshan va aniq so‘zlar bilan yoz. Senga ham, o‘quvchiga ham tashvish kamroq bo‘ladi.
Endi sen katta ishlar oldida turibsan. O‘y-fikrli va tadbirli beklar bilan kengashib, ularning so‘zlariga amal qil.
Agar mening roziligimni istasang, xilvatda o‘tirishni bas qil, odamlardan uzoqlashishni unut. Bir kunda ikki bora ukang va beklarni ixtiyorlariga qo‘ymay, qoshingga chorlab, har qanday maslahat bo‘lsa kengashib, har bir ishingni bu xayrixoh kishilar bilan ittifoqlikda amalga oshirgin”…
Aytish mumkinki, Boburning mana shunday talabchanligi, tarbiyasi tufayli boburiylar sulolasi uzoq yillar gullab-yashnadi, tarixda yaxshi nom va o‘chmas iz qoldirdi.

Karomat MULLAXO‘JAYEVA,
Alisher Navoiy nomidagi ToshDO‘TAU dotsenti, filologiya fanlari nomzodi