Maktabda unga “Kashshey” deb, laqab yopishtirgandik. Bundan u xursand bo‘larmidi yoki xafa… eslolmadim. Eslaganim, shusiz ham qisiq ko‘zlarini yanayam qisgancha, tirjayi-ib qarab turaverardi. Unga sayin biz ham hazilni hangomaga, hangomani mazaxga “xamirturush” qilib, laqqillayverardik. Bo‘lmasa-ku gavdasi qoruvli, baquvvat bola. Yolg‘ondan urib qo‘ysayam, rostdan turolmay qolishimiz aniq… Ko‘ngliyam keng-da! Shuni bilganimiz uchun ham haddimiz sig‘ardi hazil-mazaxga.
Yillar o‘tdi. O‘zimizcha ulg‘aydik. Va shunga yarasha o‘zgardik ham. Buni bugun maktabdosh jo‘ralar ahyonda o‘tirib-netib qolganimizdayam payqash qiyinmas. Zahrimizga yutvolgan uch-to‘rt piyola “uying kuygur” ta’sirida yoppasiga aljiray ketamiz. “Milisa”miz siyosat urishga o‘tsa, “maalim”imiz bolalarning tarbiyasi rasvoligidan oladi. “Konchi”miz cho‘lning havosi xit qilganidan kelsa, “bankda ishlaydi”ganimiz kreditdan ketadi. Men barchasini bitta qilib, “g‘idi-bidi”layman… U esa, garchi butilka bo‘shatishda mutlaqo qatnashmagan bo‘lsa ham, “kayfi bor”lardan battarroq qizarib-bo‘zarib, bahslashadi. O‘tirganlar bilan bitta-bitta, erinmay tortishadi. Bexabar bir odam kirib qolsa, ha-a, eng ko‘p araqni shu ichipti-da, deb o‘ylashi tayin.
— …ichishni qanday tashlagansan, jo‘ra?, — xuddiki po‘stini tashlagan ilonni so‘roqqa tutganday, horiqulodda hayrat bilan so‘raymiz.
— E, ko‘p tentakchilik qildirg‘an, shu ichkilik!, — olis bir zamona xotirotini so‘zlaganday, vazmin javob beradi uyam. — Keyin… oshnamiz Xirojam qaytarg‘an. Namoz o‘qib qoluvdi-ku, bir paytlar… Hozir u namozdi tashlagan, men ichkilikdi…
Buvasiga “dum bo‘lib”, kattargani uchun gap-so‘zlari ham chollarga monand: salmoqla-ab, ezili-ib, maqol-matal qo‘shi-ib gapiradi. Elda u tanimagan odam yo‘q. Oilalar haqida mahalla raislaridan ko‘ra tuzukroq boxabar. Kimning qizi qaerga tushgan, hozir nechta bolasi bor, kim qaerga ishlashga ketgan… u tirik “ma’lumotxona”. Erinmay, hijjalab aytib beradi.
Otasi Jalil aka qulog‘i og‘ir odam edi. Baqirib-baqirib gapirsakkina eshitardi. O‘zi traktorchi zotining qulog‘i “yengil”ini ko‘rmadim, hech. Ikki yilcha burun uylarining yonginasidan oqib o‘tgan katta ariqdagi temir suvbandni ko‘taraman deb, bir qalqqan-u yuragi “ushlab qolgan”… Xudoyisiga borganimizda, darvozada qoyim jo‘ramiz, bu dunyosida ortiq suyanchig‘i qolmaganini to‘kis tuygan kabi o‘z dardiga suyangancha adl turardi.
Onasi olamdan o‘tganda, bu hali endi esini taniyotgan bola bo‘lgan. Ammo bola qalbidayam onasi qattiq muhrlanganini bultur kuzda noxos ilg‘ab qoldim. Amir Temur haqida bir kitob berdi menga… Yo‘q, uni og‘iz to‘-o‘ldirib, “Kitobxo-on” deyolmayman. Shunchaki, tarixga o‘ch. Ayniqsa, tariximizdagi sarkardalarga, shohlarga… Amir Temur bobida gap ketsa-ku, o‘zining otiniyam esdan chiqargudek kayfiyatga minadi! Qo‘yib bersang, ertalabgacha “Amir Temur”lab chiqadi. Bir o‘g‘lining ismini “Temurbek” atash uchun uylanganidan beri g‘ayrat qilyapti. Niyatiga yarasha Xudoyam bir emas ikkita o‘g‘il berdi. Taassufki, birida qaynotasi, birida yana kimidir “muxolif kelib”, bul ismi muboragini qo‘ya olmadi haligacha. Unisini — Islombek, bunisini — Ulug‘bek qo‘yishdi. Ammo hanuz niyatida sobit…
Alqissa, menga bergan kitobining varaqlari orasidan “to‘p” etib bir rasmcha gilamga “kalla tashlagandi”. Olib qaradim: oq-qora, mitti formatdagi, ko‘-o‘hna rasm. Istaraligina, odmi kiyingan bir ayol, ikki jujuqchasi bilan tushgan… O‘ziga ko‘rsatdim, bir-ikki kundan keyin:
— …ayam bu! Manovisi opam, bunisi men…, — degandiyu tomog‘iga nimadir tiqilganday gapirmay qo‘yuvdi, — …ha, shu ko‘zimdan bir nima chiqyapti-da, namlangani namlangan…
Onasining barvaqt vafotidan so‘ng, otasi, yosh-yosh qolgan bolalarini o‘yladimi, boz uylangandi, bir ayolga. Ne shomki, o‘gay onaga jo‘ramiz, jo‘ramizga o‘gay ona… tatimadi. Ular hali-hali bir idishdagi suv bilan moydek…
Maktabni tugatgach, bir muddat biz “to‘plamchilar”ga (abiturient) qo‘shilib, daftar-kitob qo‘ltiqlab yurdi. Repitetorga qatnadi… Qaradiki, kallasiga bilim uyini topolmayotgan chumoliday kirolmadi-kirolmadi. Borey deb qog‘oz-ruchkani yig‘ishtirdi-da armiyaga jo‘nadi. Jo‘nagandayam uncha-munchasigamas, Toshkentning “Uch qahramon”idagi “chas”ga ketdi. Biz esa hadeb o‘qishga topshiraverdik-topshiraverdik. Yana yaqinroqqa hammas, naq Toshkentga ko‘r chumchuqday urardik o‘zimizni…
Harbiy xizmatdan qaytgan jo‘ramiz ancha vaqtgacha “grajdanskiy” hayotga ko‘nikolmadi. Haytovur, “ligota” olib qaytganakan, Navoiy kon-metallurgiya instituti talabasi bo‘ldi. Shu orada uylandiyam. Uylanishi ham turfa rivoyatlarga turtki bo‘ldi, ammo. Uydagilarining ne-ne orzularda mo‘ljallab qo‘ygan jamiki “kandidat”larini qati’yan rad etib, Konimex taraflardan tanlaganiga bor “ovozini berdi”.
Talabalikning qoq yarmida o‘qishni tashladi. Hammasiga “tilla” aybdor… Yo‘q, “tilla” jilvasida ba’ni Paxtachini “gipnoz qilgan” tirikchilik aybdor! Jo‘ramiz-da ko‘p qatori xomcho‘t qoqdi, o‘sha mahallar: “…nima uchun o‘qiyappan, o‘zi? Diplom uchun! U nimaga kerak, o‘zi? Davlat ishiga kirish uchun!.. Shu davlat beradigan bir oyliqdi tillag‘a chiqib, bir haftaga qolmay topsam, gazagimga dorimi, shu o‘qishi?!” Ugina emas, qancha-qancha yigitlar o‘qish-u ishidan kechib ketdi, o‘shanda. Vaqtning oliy hakamligi chin ekan. Bugun bari anglab yetyaptiki, o‘qib, ilm olganga, “davlatti odami” bo‘lganga yetmas ekan!..
O‘sha kuni tumanimiz markazidagi bir idora poyida, asabiy avzoda telefonga tomoq yirtardim. Qayoqdandir u paydo bo‘ldi: shusiz ham qisiq ko‘zlarini yanayam qisgancha, tirjayi-ib qarab kelardi. Qo‘llarida bir “papka” hujjat. Ko‘rishdik. “Irimiga” so‘radim:
— …nima dardda yuribsan?
— O‘qishimdi tikladim, oshna. “Zauchni”g‘a, faqat…
— Ie, qulli bo‘sin! Nechchi yil deganda qaytding?
— Yetti yil… Shu tillani, toshdi, tog‘di o‘ylasam, bir joylarim og‘rib ketuvradi. Toza jonimg‘a tegdi, hammasi! O‘qiymaney, onasini emsin! Ertagayam jon kerak, menga…
— Buncha qog‘oz nimaga?
— Ey-y, shu bankka-da… “Kantrakt” bo‘yinga ilindi. Yetti millionli boyvachcha bo‘ldim-qoldim. Shunga-a… kredit olaman desam, biranta binkda ta’limga limit jo‘g‘akan. A, biyaqda bir hapta srogim qoldi. Qaydan topdim endi, shuncha puldi, kallam qotdi, oshna-a…
“Polvonlik qonim qo‘zidi!” deb yozadi Tog‘ay Murod, tarjimai holida. Shunga o‘xshab, meniyam muxbirlik qonim qo‘zidi. Birga-birga tuman hokimiga tikka borib, aytarimizni aytdik. Hokim uzil-kesil lafz qildi: “…yordam beramiz!” Biroq maxluqning emas, Xoliqning aytgani bo‘larkan. Shu-shu bir hafta “tinchib ketdi”, tuman hokimligi. Axiyri amallab, tagiga yetdikki, hokim ham, o‘sha lafziga binoan biriktirilgan mas’ullar ham “kovid”ga chalinib qopti. Shartnoma muddati esa tugab borardi. Boshqa yo‘llarini axtardik. Va quyosh Kun.uz saytidan chiqdi! Aniqrog‘i, saytning Samarqand bo‘limida Haqni tanigan, oxiratini bu dunyoning “qilpang-jilpang”iga alishmaganlar bor ekanki, jo‘ramiz o‘qishiga zarur bo‘lgan yarim yillik shartnoma pulini — uch yarim million so‘mni ehson etishdi!..
Qolgan yarmiga, lafzidan chiqqan holda, tumanimiz hokimi yordam berdi. O‘-o‘, jo‘ramizning shodligi dunyolarga sig‘masdi! Turib-turib, hokim nomiga “Tashakkurnoma” yozmoqchi bo‘ladimiey. “Kelishtirib bir rahmatlarimdi yozib senga bersam… sen uni gazitga bersang… qanday bo‘ladi, oshna?”, derdi, o‘zicha hapqirib. Kulimsib, yelkasiga qoqardim:
— …yo‘q, jo‘ra! Men o‘z vazifamni bajarib bo‘ldim. Hokimam o‘zining vazifasini bajardi… Mayli, duo qil, hurmat qil, joyi kelsa, bahosini qil… Boshqasi ortiqcha, deb o‘ylayman…
— Shundayliqqa shunday-ku-u… In-ndamay ketishgayam bet chidamayapti-da?.. — o‘yga cho‘mib qolardi.
Indamay ketmadi, darhaqiqat. Bir yakshanbada uyg‘onib qarasam, uyimizdagi pechga dadam tappi qalayapti. Tappiki, barkashday-barkashday. Bilsam, uxlab yotganimda, u katta xalta to‘la tappini yelkalab keptiyu supaga suyab, qaytibdi. Kirmabdiyam, meni uyg‘otishlariga ko‘nmabdiyam. Tavba, o‘ziku uyidagi pechga eski-tuski poyabzallarini yoqib o‘tirgandi…
Sessiyasini yopdi. Ulgurdi… Hozir “IJ” mototsiklini varillatib, tog‘lar orasida yelib borayotgandir, ehtimol. Yoki Konimexda, qishning sovug‘idan sog‘ opchiqib olay degan xavotirda obborib qo‘ygan bolalarining oldida, qaynotasining uyidamikin. Balki, qishloqning qaysidir xilvatidagi tegirmonda navbat kutib o‘tirgandir. Tegrasidagi qay bir “tillachi”ga tarixdan kuyib-pishib, va’z aytayotgan bo‘lsa ham, ajabmas: “…shunday qip Amir Temur otig‘a shappa minganda, cho‘ldi o‘-o‘rtasig‘a borip, qumg‘a cho‘k tushgan. Xudog‘a so‘z bergan, endi ichkilik-pichkilikdi tashayman, xotinlarimg‘a haptasig‘a bir marta jaqinlashaman, degan!”.
Uning tilida, uning talqinida tarixiy shaxslar go‘yo bir qo‘shnisidek qad rostlaydi. Ular to‘g‘risida ko‘zi bilan ko‘rgandek, zarracha gumonsiz gapiradi. Qo‘liga tushgan kitobni, ilmi zo‘r Temurshunosnikimi u, “temirchi”nikimi u… ishonib o‘qiyveradi. Ishtaha bilan o‘qiydi. So‘ng mavrid-bemavrid aytib berishga tushadi. Beg‘araz so‘zlarini tinglab, tang qotadi, kishi. Temur o‘lmagandek, xuddi. Uzo-oq bir o‘lka fathiga ketganu erta-indin qaytadigandek… Ha, uningcha, sohibqiron ham, Mirzo Ulug‘bek ham, hazrat Navoiy ham, shoh Bobur ham… “o‘lmaydigan jon”lar! O‘LMAS jonlar…

Sherbek BOBOQULOV