Ma’lumotlarga ko‘ra, har yili respublikamizda 60 ming nafardan ziyod odam insult bilan xastalanar ekan. Insult — bosh miyada qon aylanishining o‘tkir buzilishi bo‘lib, uning o‘tkir va tiklanish davrlarida harakat, nutq buzilishi kabi o‘zgarishlar kuzatiladi. Chap o‘rta miya arteriyalari zararlangan bemorlarning 80 foizida nutq buzilishi — afaziya kuzatiladi. Insultdan keyingi afaziyali bemorlar nutqini tiklash g‘oyatda murakkab jarayon.
Afaziya, bu — to‘liq yoki qisman yo‘qolgan nutq buzilishi bo‘lib, nutq funksiyasi uchun javobgar bo‘lgan bosh miya bo‘limlarining zararlanishi natijasida yuzaga keladi. Afaziya — nutq buzilishlari reabilitatsiyasi qancha erta boshlansa, shuncha tez va yaxshiroq tiklanadi.
Afaziyali bemorlar nutqini qayta tiklash muammosi hali to‘liq yechimini topmagan bo‘lib, bunday bemorlarni davolashda shifokor va logopedlar turli usullardan foydalanib kelishadi. Biroq bir bemor nutqini tiklash uchun ishlatilgan samarali usul boshqa bemor nutqini tiklashi uchun samara bermasligi mumkin. Shu sababli har bir bemorning davo topishi uchun ularga individual yondashish zarur. Ammo bunday yordamga muxtoj bemorlar ko‘p, mutaxassislar esa sanoqli.
Bu muammoga yechim topish kerakligi haqida juda ko‘p o‘ylardim. Shunda menda bemorlar nutqi reabilitatsiyasi bilan nafaqat statsionar sharoitda, balki uy sharoitida ham davom ettirish uchun mobil ilova yaratish g‘oyasi paydo bo‘ldi. Shundan so‘ng LOGOS — birinchi milliy multimediali mobil ilova yaratishga qaror qildik va nutq tiklanish dinamikasi boshdan kechirilgan insult turi hamda og‘irlik darajasiga bog‘liqligini o‘rganib chiqdik.
LOGOS — bosh miya qon aylanishining o‘tkir buzilishi, ya’ni insultdan keyingi afaziyali insonlar nutqini tiklashga yordam beruvchi o‘zbek tilidagi birinchi multimediali mobil ilovadir. Ushbu mobil ilovaning prototipi yaratilib, nevrologik amaliyotga tavsiya qilindi.
Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan ustuvor ilmiy-tadqiqot va ishlanmalar, tajriba-konstruktorlik hamda “Start Up” loyihalari tanlovi e’lon qilinganini eshitib, unda o‘z loyiham bilan ishtirok etdim. Tanlovda qatnashgan loyihalar orasida tibbiyotdagi ishlanmalar ham dolzarbligi nuqtai nazaridan o‘rganib chiqildi. Yosh olimlarning xalqimizga foyda keltiradigan, aholi sog‘lig‘ini muhofaza qilishda samarali natija beradigan yangi g‘oyalari alohida e‘tirof etildi.
Bizning loyihamiz 2019-yili 657 ta Start-up innovatsion loyiha ichida eng yaxshilaridan biri sifatida tanlanib, sertifikat bilan taqdirlandi. O‘tgan yili “Eng yaxshi 20 ta Start up” loyiha orasida g‘olib bo‘lib, to‘g‘ridan-to‘g‘ri moliyalashtirish uchun 75 million so‘m pul mukofoti berildi.
Biz taqdim etgan mobil ilova dasturlari o‘zbek tilida ekani, rasmlar ham mentalitetimizga mosligi bilan ajralib turadi. U bemorning tibbiy ma’lumoti bo‘lmagan yaqinlari va mutaxassislar uchun uslubiy yordam vazifasini ham o‘taydi. Yana bir qulayligi shundaki, shug‘ullanish uchun alohida joy, vaqt talab qilmaydi. Bu mobil ilovadan xohlagancha foydalanish imkonini beradi.
LOGOS mobil ilovasi insultni boshdan o‘tkazgan afaziyali bemorlarga nutqini tiklashda ko‘maklashuvchi uslubiy qo‘llanma bo‘lib, insult asoratlarini kamaytirishga ham xizmat qiladi.

Munisa RASULOVA,
Toshkent Tibbiyot akademiyasi asab kasalliklari kafedrasi assistenti