Ayni paytgacha dunyoda 200 milliondan ziyod kishi koronavirusga qarshi vaksina bilan emlandi. Oʻzbekiston Yevropa, Xitoy va Rossiyadagi hamkorlaridan vaksina xarid qilish boʻyicha choralarni koʻrmoqda.
Mart oyining birinchi yarmida…
Koronavirusga qarshi kurash shtabi maʼlumotlariga qaraganda mart oyida vaksinatsiya jarayonlari boshlanadi. Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi davolash profilaktika muassasalari qoshida 3 ming 138 ta emlash xonasi va 820 ta mobil brigadalar tashkil etilgan, ular barcha emlash ishlarini jadval asosida bosqichma-bosqich amalga oshiradi.
Bosh vazir oʻrinbosari Behzod Musayevning maʼlum qilishicha, Oʻzbekiston hukumati 8 ta yirik vaksina ishlab chiqaruvchiga 3 million dozadan vaksina xarid qilish boʻyicha murojaat etgan. Ammo hammasi ham ijobiy javob bermagan.
Hozircha 4 million kishi bepul emlanishi, parallel ravishda pullik emlash ham yoʻlga qoʻyilishi mumkin.
Vaksina qabul qilish ixtiyoriy
Bosh vazir oʻrinbosari Behzod Musayevning munosabat bildirishicha, birinchi navbatda va ixtiyoriylik asosida emlanadigan shaxslar ixtiyoriy emlanishdan bosh tortadigan boʻlsa, ularga ish faoliyatida hech qanday chora koʻrilmaydi, faqatgina emlashning afzalligi tushuntiriladi.
Vaksinatsiya jarayonining dastlabki bosqichida…
Oʻzbekiston koronavirusga qarshi aholining 20 foizini emlash uchun vaksinalarga buyurtma bergan.
— 7 million aholini ikki marotaba emlash uchun jami 15 millionga yaqin doza vaksina olib kelinadi. Dastlabki bosqichda biz 100 ming doza vaksinani olib kelib, 50 mingga yaqin aholini ushbu kasalikka qarshi emlamoqchimiz, — deydi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshligʻi oʻrinbosari Nurmat Otabekov.
2021-yilda Oʻzbekistonda koronavirusga qarshi kurashish tadbirlari va vaksina sotib olish xarajatlari uchun 3 trillion soʻm ajratiladi.
Xitoy vaksinasi sinovlari
Innovatsion rivojlanish vazirligi Xitoy vaksinasi sinovlarida qoʻshimcha 4 ming kishi qatnashishi haqida ma’lumot berdi. “Zhifei Loncom Biofarmaceutical” kompaniyasining “ZF 2001” vaksinasi uchinchi sinov bosqichida Oʻzbekistonda 5 ming nafar koʻngilli qatnashayotgan edi. Endilikda ular soni 9 ming nafarga oshadi. Buning birinchi sababi, ikkinchi va uchinchi doza emlash bosqichida tadqiqot ishtirokchilari soni kamayishi mumkin. Ikkinchidan, mamlakatda koronavirus bilan bogʻliq vaziyat barqarorlashgani bois, koronavirusning vaksina olganlarga taʼsirini oʻrganish qiyinlashayotgani aytilmoqda. “Vaksinaning taʼsiri organizmga virus tushganda aniqlanadi”. Vaksina sinovlarida ishtirok etayotgan koʻngillilarning yarmi vaksina emas, platsebo olayotgani taʼkidlangan.
“AstraZeneca/Oxford” vaksinasi
YUNISEF taqdim etgan jadvalga koʻra, Oʻzbekiston COVAX dasturi doirasida 2 million 640 ming doza “AstraZeneca/Oxford” vaksinasini oladi. Vaksinaning bir dozasi narxi taxminan 3 dollarni tashkil etadi.
COVAX dasturi boʻyicha koronavirusga qarshi vaksinalar kam va oʻrtacha daromadli 92 mamlakatga iyun oyigacha taqdim etiladi.
Kimlar bepul emlanadi?
Xitoy vaksinasining Oʻzbekistonda oʻtkazilayotgan klinik sinovlarining dastlabki natijalariga koʻra, emlanganlar orasida 1-darajali nojoʻya taʼsirlar 5 nafar shaxsda (0,3%) kuzatilgan. Vaksinadan favqulodda foydalanish uchun ruxsat berilsa, vaksina yaratilishida hamkor tomon sifatida Oʻzbekistonga vaksina imtiyozli narxlarda va yetarli quvvatlarda yetkazib beriladi.
Vaksina “ZF-UZ-2001” nomi ostida Oʻzbekiston hukumati bilan hamkorlikda tijoratlashtirilishi mumkin. Ushbu vaksina joriy yilda 300 million donagacha ishlab chiqiladi va yetkazib beriladi.
Hukumat aholining katta qismini 2021-yil oxirigicha koronavirusga qarshi toʻliq emlashni rejalashtirgan. Ijtimoiy himoyaga muhtoj, yoshi katta va aholining boshqa zaif qatlamlari vakillari bepul, yaʼni budjet mablagʻlari hisobidan emlanadi.
Birinchi navbatda emlanadi
Mamlakatimizda koronavirusga qarshi vaksina birinchilardan boʻlib aholining xavf ostidagi qatlamiga berilishi aytilgan edi. Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati mutaxassisi Vazira Mutalovaning maʼlum qilishicha, respublikada ularning soni 4 million 112 ming 668 nafarni tashkil etadi.
Ular:
— 65-74 yoshgacha boʻlgan qariyalar — 1 million 85 ming 797 nafar;
— 75 yoshdan 84 yoshgacha boʻlgan qariyalar — 388 ming 686 nafar;
— 85 va undan yuqori yoshdagi qariyalar — 139 ming 280 nafar;
— Tibbiyot xodimlari — 447 ming 976 nafar;
— Surunkali kasalliklari bor aholi (18-65 yosh) — 888 190 nafar;
— Maktab oʻqituvchilari — 689 ming 383 nafar;
— Maktabgacha taʼlim muassasasi xodimlari — 223 ming 426 nafar;
— Qurolli kuchlar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari — 180 ming nafar.
Ular oʻzlari joylashgan hududlardagi tibbiyot muassasalarida tashkil etilgan emlash xonalarida emlanadi.

Vaksinatsiya tadbirlari uchun maxsus avtomobillar
Kecha — 23-fevral kuni BMTning bolalar jamgʻarmasi (YUNISEF) Toshkent shahridagi “Milliy” stadionida Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati uchun 17 ta muzlatkichli yuk mashinasi va 206 ta Miniven-Labo avtomobilini topshirdi.

Ro‘ziqul OCHILOV tayyorladi.