Buxoroda uch tilda ziyoratlar xaritasi yaratildi. Bu turistlarga qo‘shimcha qulaylik yaratadi.
Buxoro davlat muzey-qo‘riqxonasi Tarix ilmiy bo‘limi mudiri O‘ktamali Ravshanov xaritani O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi Tarix instituti “Etnologiya va antropologiya” markazi tayanch doktoranti Shavkat Bobojonov Buxoro davlat muzey-qo‘riqxonasi bilan hamkorlikda qariyb 6 oy mobaynida yaratgani xususida so‘zladi. Shaharning 500 gektarlik qadimiy shahriston va zamonaviy qismidagi barcha ziyoratgohlar xaritaga qamrab olingan. E’tiborli jihati, muallif faqat hozir mavjud ziyoratgohlarni emas, balki yo‘qolib ketgan, saqlanib qolmagan ziyoratgoh va qadamjolarni ham turli tarixiy manbalar orqali aniqlab, xaritaga kirgizgan.
— Buxoro shahri qadimda 200 dan ortiq guzardan tashkil topgan. Afsuski, 1920-yilda Chor Rossiyasi askarlarining Buxoroga hujumi, sovetlar davridagi ateizm, dahriylik siyosati va boshqa ma’muriy, ijtimoiy sabablar tufayli ko‘plab ziyoratgohlar yo‘qotilgan, xalqimiz ma’naviyatidan o‘chirilgan. Xaritadan 133 ta ziyoratgoh va 40 ta qadimiy qabriston haqidagi ma’lumotlar o‘rin oldigan. Xaritaning old tomonida shaharning topografik joylashuvi aks etgan bo‘lib, unda obyektlar 173 ta nuqtaga bo‘lingan holda tartib bilan joylashtirilgan. Ziyoratgohlar o‘rni arab raqami, qabristonlar o‘rni rim raqamida belgilab chiqilgan. Mavjud obyektlar ko‘k, saqlanmaganlari esa qizil rangda ifodalangan. Xaritada shahar devori, qabriston, ziyoratgohlar shartli belgilarda o‘z aksini topgan. Shuningdek, qadimiy shahristonni o‘rab turuvchi 12 km.lik devorning 11 darvozasi joyi va nomlari keltirilganki, bu orqali ziyoratchi shaharning qaysi nuqtasiga borishi kerakligi haqida yanada aniqroq yo‘nalishni bilishi mumkin. Xaritaning orqa tomonida to‘rt ustunli jadvalda qabriston va ziyoratgohlarning joylashuv tartib raqami, nomi, asri hamda manzili batafsil bayon etilgan, — deydi O‘ktamali Ravshanov.
“Buxoro shahri ziyoratgohlari xaritasi” nomli ilmiy ishlanma O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligi tomonidan ro‘yxatga olingan hamda guvohnoma taqdim etilgan. Ko‘hna sharif shaharning jamiki ziyoratgoh va qadamjolari jam bo‘lgan mazkur xarita Buxoroning islom olamidagi jahoniy shuhratini yanada oshirishga hissa qo‘shadi. Xarita Buxoro ziyorat turizmining tashrif qog‘oziga aylanadi.

Laylo HAYITOVA