“Yaxshi kelsa hutni ko‘r, qozon to‘la sutni ko‘r”.
O‘zbek xalq maqoli.

…Onamning sir-sinoatga boy hikoyalari bir talay, ayniqsa, uzun qish kechalari Oyshirin, Oqil, Momogul momolar charh ko‘tarib gurungga chiqishsa, ularning suhbatini eshitib mo‘jizalar olamiga tushib qolganday bo‘lardik. To‘g‘ri, o‘yinga o‘ch biz — qora-qura bolalarning osongina oyog‘imiz tinmas, tun allamahalgacha oqsuyak, yashirinmachoq, podshoh-vazir o‘ynasak-da, oxir-oqibat uyga yig‘ilib, kattalar gurungiga quloq tutardik.
— “Ayamajuz” nima, — so‘raymiz o‘zimiz uchun yangi atama sirini bilishga qiziqib.
— “Ayamajuz” to‘qsonni yakunlab beradigan olti kunning nomi.
— “To‘qson” degani-chi? — savol berishda davom etamiz.
— Qish to‘qson kundan iborat, bolajonlar, u dekabr oyining beshinchi kunidan boshlanadi. Uning katta va kichik chillalari bor. Shabiyaldo kuni katta chilla kiradi.
Endi uylab ko‘rsam, qichkintoy bolalarni “bijildoq” deb atashlari to‘g‘ri ekan. Hamma narsani miridan-sirigacha bilib olish uchun savol ustiga savol yog‘diramiz:
— “Shabiyaldo”si nima?
— “Chilla” nima degani?
— Nega “hut” deyishadi?…
— Qishning eng qisqa kun va eng uzun kechasini shunday atashadi…
Xullas qiziqishlarimiz beiz ketmadi, qish fasli boshlanganidan o‘n besh kuncha o‘tib, shabiyaldo deb ataladigan yilning eng qisqa kun va eng uzun kechasi kiradigan katta chilla qirq kun — fevral oyi boshigacha davom etishi, keyin o‘rnini yigirma kunga cho‘ziladigan kichik chillaga bo‘shatib berishini bilib oldik.
Azal-azaldan donishlarimiz ayamajuz bilan yakun topadigan to‘qsonga ehtiyot yuzasidan o‘n kun qo‘shib, “sad pok” deb ham yuritganlar.
***
Qiziq, vaqt o‘tib bolalik taassurotlari o‘z isbotini toparkan, uzun qish kechalari momolarning urchiq yigirishdan to‘xtamay bergan gurunglaridan negadir Ayamajuzni tishini qayrab turgan yolmog‘iz kampir qiyofasida tasavvur etardik. Bunga onalarimiz tekturmaslik qilganimizda beradigan dakkilari ham qo‘shilib, tasavvurimiz ishonchga aylanardi: “Hoy, tek o‘tir, bo‘lmasa Ajuz momoga berib yuboraman!”…
…Oradan yillar o‘tib ayamajuz haqida turli manbalardan o‘qiganlarim, sinchilardan eshitganlarim ilk taassurotlarda ma’lum darajada haqiqat borligini ko‘rsatdi:
Ajuz arab tilidagi so‘z bo‘lib, kampir degan ma’noni anglatarkan. Kabisa yilida fevralning (shubotning) so‘nggi to‘rt kuni va mart (ozor) oyi boshidagi uch kunni, kabisali bo‘lmagan yillarda aksincha bo‘ladigan ayamajuz ba’zan sakkiz, to‘qqiz kunga ham cho‘zilib, u “shisha” hamda “kampir kunlari” deb atalarkan. Rivoyatlardan birida bu atamaga keksa bir kampir havoning isiganini ko‘rib, paxtalik kiyimi o‘rniga yengil ust-bosh kiygani oqibatida shu kunlarning sovug‘ida o‘lgani dalil keltirilsa, buyuk alloma Abu Rayhon Beruniy “Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar” asarida uni qishning “kampiri”, ya’ni oxiri deb ta’riflaydi. Ayamajuz va xut haqida bir talay hikmatli so‘zlar aytib kelinadi:
“Ayamajuz olti kun, olti oy qishdan qattiq kun”, “Ajum momo olti kun, sakanglasa – sakkiz kun, to‘qanglasa – to‘kkiz kun”, “Axmon-daxmon olti kun, qahriga olsa qattiq kun”, “Yaxshi kelsa hut – qut, Yomon kelsa hut – yut”, “Yaxshi kelsa hut – kadi to‘la sut, Yomon kelsa hut – keraga to‘la put” va boshqalar.
Hutning yomon kelishi o‘n-o‘n ikki yilda bir takrorlanib, asosan “quyon yili”ga to‘g‘ri kelgan. Shunday yillar hut oyida qorlar eriy boshlagan palla birdan qattiq sovuq boshlanib, yerning yuzi muzlagan. Endigina og‘zi ko‘kka tekkan chorva mollari muzlagan yerdan bir nima topib yeyolmaganidan qirilib ketgan. Shu bois xalq orasida “Hutman, yomon kelsam – oriq molga yutman” degan maqol ham yuradi. Ko‘pni ko‘rgan keksalarimiz:
— “Yut”ning yuzini tesqari qilsin, — deb duo qilishadi.
***
Fevralning so‘nggi kuni havoning avzoyi o‘zgardi.
Erta tongdan izg‘irinli shamol esib, ko‘k tokini lak-lak qora bulut egalladi.
Ko‘pdan bir tomchi yomg‘irga matal edik, sevinchimni sinchi birodarim Odil Qurbonov bilan baham ko‘rishga shoshildim:
— Bulutni qara, hademay sharros quyib beradimi deyman.
Suhbatdoshim barmoqlarini bukib-yozib, nimalarnidir hisob-kitob qildi:
— Aslida hut kunlari qalin qor tushsa ham ajablanmaslik kerak, beshinchi mart to‘qson chiqadi. Keyin ahman-dahman, navro‘z qaroqchi, ayyom Ajuz, har birining o‘z nag‘malari bor. Ammo bugun bir neklik kutib o‘tirmang, baribir yomg‘ir uch-to‘rt kundan so‘ng yog‘adi. Meni aytdi deyavering, halizamon harosat ko‘tarilib, bugina bulutingizni titib tashlaydi.
Qiyg‘os gulga o‘tirgan bodomga achinaman, bechora bahor kelganiga ishonib, libosini o‘zgartirgandi.
“Bahor keldi deb choponingni tashlama, qishda nima qilishingni o‘zing bilasan”, deganlari balki shudir.
Ayniqsa, hutning so‘nggi yetti yarim kunidagi “ayyomi Ajuz” ko‘p o‘yin ko‘rsatadi. Naql etishlaricha, Ajuz momo qishga qarab: “Hoy to‘qson, g‘azab qilsam bir kunimcha yo‘qsan”, deyar emish.
Eshitganim bor, tojik xalqida: “Hut agar hutti kunad, kampirro dar qutti kunad”, degan maqol mashhur. Tarjimasi: “Hut agar hutligini qilsa, kampirlarni uydan chiqarmay qo‘yadi”, degan ma’noni berarkan. Shu kunlarda devorning kungay betiga po‘stak yozib, ustida charh yigirgancha guringni avj oldiradigan xotin-halaj ham uyga kirib ketadi.
Fevralning oxiri, martning boshida ob-havoning tez-tez turlanib turishi boisi ham shunda. Bir qarasang badanni jo‘njiktiruvchi ayoz, bir qarasang, oftobro‘yada murg‘ilaydigan iliq.

Abdunabi ABDIYEV,
yozuvchi