O‘qishdan to‘xtagan odam fikrlashdan ham to‘xtaydi. Darhaqiqat, yoshlarning bilim olish yo‘lida sobitqadam bo‘lishi yurtni taraqqiyot sari yetaklaydi.
Davlatimiz rahbari o‘tgan yil 25 dekabr kuni O‘zbekiston yoshlari forumida “Ilmni qadrlang, ilmga intiling! Bir soniya vaqtingiz ham bekor o‘tmasin! Yoshlik – umrning eng bebaho davri. Ilm o‘tda yonmaydigan, suvda cho‘kmaydigan, hech kim sizdan tortib ololmaydigan boylik ekanini aslo unutmang!”, degan so‘zlarni ta’kidlab o‘tgandi.
Mamlakatimizning jahon maydonidagi nufuzini oshirish ko‘p jihatdan yoshlarning intellektual va ijodiy salohiyatini yuksaltirishga bog‘liq. Shu sababli iqtidorli yigit-qizlarni aniqlash va rag‘batlantirishga, yosh avlodning zamonaviy dunyoqarashini, ijodiy va shaxsiy xususiyatlarini milliy va umuminsoniy qadriyatlar asosida shakllantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Mazkur imkoniyatlardan oqilona foydalanayotgan ertamiz egalari o‘z iste’dod va salohiyatini to‘la namoyon etib, yuksak natijalarga erishmoqda.
2020/2021-o‘quv yili uchun respublika oliy ta’lim muassasalari bakalavriatining oxirgi ikki kursida tahsil olayotgan 219 nafar iqtidorli yosh O‘zbekiston Respublikasi davlat stipendiyalarini qo‘lga kiritdi. Shunday iqtidorli yoshlar safida O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasining besh nafar iste’dodli talabasi ham bor.
Psixologiya (din sotsiopsixologiyasi) ta’lim yo‘nalishi 4-bosqich talabasi Diyora Abdug‘aniyeva O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti davlat stipendiyasiga sazovor bo‘ldi. Toshkent viloyati Piskent tumanida ziyoli oilasida tug‘ilgan Diyora bolaligidan ilmga havasmand bo‘lib tarbiya topdi. 2016-yilda Piskent xizmat ko‘rsatish va texnologiya kasb-hunar kollejini tamomlab, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasiga o‘qishga kirdi. Bu yerda o‘zining odob-axloqi, ilmga tirishqoqligi bilan ustozlar va tengdoshlari hurmatini qozondi. Akademiyadagi o‘qishi davomida ko‘plab tanlovlarda faol ishtirok etdi. U “Maktab amaliyotchi psixologlari faoliyatida malaka oshirishning o‘rni”, “Shaxsning intellektual darajasini aniqlashda Amtxauer testining afzalligi”, “Psixolog faoliyatidagi etikaviy prinsiplar”, “O‘zbek oilasida egizak farzandlar tarbiyasidagi ijtimoiy-psixologik muammolar” kabi 20 ga yaqin maqolalar muallifi.

Diyora ABDUG‘ANIYEVA,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti davlat stipendiyasi sovrindori:

– O‘zbekiston — yoshlar mamlakati. Prezidentimizning har bir farmon, qarorida yoshlar masalasiga alohida e’tibor qaratiladi. Bunday e’tibor natijasi o‘laroq, 2019-yilda Islom Karimov nomidagi davlat stipendiyasini, joriy o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti davlat stipendiyasini qo‘lga kiritdim. Bu yutuqlar zamirida ota-onam va ustozlarimning zahmatli mehnati yotibdi, albatta.
Ayni paytda “Koping strategiyalarni amalga oshirishda din omilining namoyon bo‘lish xususiyatlari” mavzusida ilmiy izlanishlar olib boryapman. Tadqiqotdan maqsadim diniy e’tiqod darajasi shaxsda muammolarni yengib o‘tish sifatiga qay darajada ta’sir etishini o‘rganishdan iborat. Shu orqali yurtimizda din psixologiyasi rivojlanishiga o‘z hissamni qo‘shish niyatidaman. Bu mukofot kelajakda ilmiy faoliyatimni davom ettirishga katta ishonch va turtki beradi.

Akademiyaning “Islom iqtisodiyoti va xalqaro munosabatlar” fakulteti “Jahon iqtisodiyoti va xalqaro iqtisodiy munosabatlar” yo‘nalishi 4-bosqich talabasi Kamola Bekniyozova Islom Karimov nomidagi davlat stipendiyasi sohibasi bo‘ldi.
Kamola Bekniyozova 2019-yil Amerika Qo‘shma Shtatlarining “SUSI Women’s Leadership” (“Ayollar yetakchiligi”) grantini qo‘lga kiritib, O‘zbekiston Respublikasi qizlari nomidan mazkur mamlakatdagi besh haftalik xalqaro konferensiya va intensiv kurslarda qatnashdi. AQShning Jorj Vashington universitetida “Xalqaro Qizlar” konferensiyasi, Puget Sound universitetida “Madaniyatlar Festivali”da faol ishtirok etdi. Shu yili Germaniyada chop etiladigan “Monografia pokonferencyjna: Science, Research, Development” ilmiy jurnalda “Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik” (“Small-sized business and private entrepreneurship”) maqolasi chop etildi.

Kamola BEKNIYOZOVA,
Islom Karimov nomidagi davlat stipendiyasi sohibasi:

– Har qaysi millat va xalqning ma’naviy kamolotini aks ettiradigan mezon — jamiyatning xotin-qizlarga e’tibori, hurmati bilan belgilanadi. Buyuk davlat arbobi Indira Gandining “Bitta qiz bolani o‘qitsangiz, butun oilani o‘qitgan bo‘lasiz”, degan so‘zlarida katta hayotiy haqiqat borligini davrning o‘zi ko‘rsatib turibdi. Quvonarlisi, mamlakatimizda xotin-qizlarga berilayotgan imkoniyat va sharoitlar natijasida ular jamiyatimizning ko‘plab jabhalarida yetakchi mavqelarni egallab kelmoqda. Men ham Islom Karimov nomidagi davlat stipendiyasining sohibasi bo‘ldim. Bu zimmamga yanada mas’uliyat yuklab, ertangi faoliyatim uchun katta ishonch bag‘ishlaydi. Kelajakda o‘z salohiyatimni yuksaltirish, vatan ravnaqi, xalqimiz farovonligi yo‘lida xizmat qilish maqsadida hamisha o‘qish, izlanishda bo‘lish kerakligini his qilib turibman. Bugungi kunda Akademiyada bilim olish bilan birga jamiyatda yosh qizlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan “Girls’ Talk” munozara klubining tashkilotchisi sifatida faoliyat yurityapman.

“Islom iqtisodiyoti va xalqaro munosabatlar” fakulteti “Xalqaro munosabatlar” yo‘nalishi 3-bosqich talabasi Sabina Xudoyqulova Imom al-Buxoriy nomidagi davlat stipendiyasiga sazovor bo‘ldi.
Iste’dodli talaba bolaligidan tarix, xalqaro munosabatlar, informatsion texnologiyalar va ingliz tili kabi ilmiy sohalariga qiziqadi. 2020-yili “O‘zbekiston ayollarining 100 ta eng yaxshi innovatsion loyihasi” III Respublika tanlovi g‘olibi. Iqtidorli talaba 2017-yilning dekabr oyidan 2018-yilning aprel-may oylariga qadar Navoiy shahridagi viloyat ko‘rish imkoniyati cheklangan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan davlat ta’lim muassasasida maktab o‘quvchilariga tarix, adabiyot va ingliz tili fanlaridan bepul to‘garak mashg‘ulotlarini o‘tgan.
Sabina Xudoyqulova bugungi kunda hanuzgacha o‘rganilmagan Navoiy viloyati Nurota tumani Suvliq va Modovod qishloqlari hududlarida joylashgan qadimiy qoyatosh suratlari tadqiqoti bilan shug‘ullanmoqda. Bundan tashqari, “Qurolli mojarolar hududlaridagi bolalar himoyasi va ayollar huquqlari” nomli ilmiy loyiha ustida izlanishlar olib boryapti.

Sabina XUDOYQULOVA,
Imom al-Buxoriy nomidagi davlat stipendiyasi sovrindori:

— Imom al-Buxoriy stipendiyasi ilm-fan sohasida o‘zining innovatsion g‘oyalarini amalga tatbiq etayotgan yoshlarga rahbat bermoqda. Rostini aytsam, bu stipendiyaga loyiq topilishimni rahmatli onam judayam istar, meni doimo ruhlantirib turardi. Bugun shu stipendiyani qo‘lga kiritdim. Bu yutuqda hayotimdagi birinchi ustozim — onajonim, menga mehnati singan, ilmiy faoliyatimdagi muvaffaqiyatlarimdan o‘zimdan-da ko‘proq quvonib, doim qo‘llab-quvvatlagan ustozlarimning hissasi katta.
Tengdoshlarimga doimo harakat qilish, yaratilgan imkoniyatlardan unumli foydalanish kerakligini ta’kidlagan bo‘lardim. Ota-onalardan esa farzandlarini ilm yo‘lida doim ruhlantirishni, ularga ishonishlarini so‘rab qolardim.

“Islomshunoslik” fakultetining “Turizm (ziyorat turizmi)” yo‘nalishi 3-bosqich talabasi Bahodir Esonboyev ham Imom al-Buxoriy nomidagi davlat stipendiyasini qo‘lga kiritdi. Talaba o‘tgan yili Toshkent shahri va atrofiga ziyorat qilish, dam olish uchun kelgan turistlarga mo‘ljallab “Smart Tour Map” dasturini yaratdi.
Shuningdek, uning “Jahon iqtisodiyoti globalizatsiyasi sharoitida turizm industriyasi rivojlanishining ustuvor yo‘nalishlari”, “Mamlakat iqtisodiy xavfsizligini ta’minlashning asosiy yo‘nalishlari” kabi mavzulardagi ilmiy maqolalari to‘plamlarda chop etilgan.

Bahodir ESONBOYEV,
Imom al-Buxoriy nomidagi davlat stipendiyasi sovrindori:

– Bolaligimdan oilamizda o‘qishga e’tibor kuchli edi. Ota-onam oliy ma’lumotli bo‘lmasa-da, biz farzandlarni o‘qitish uchun harakat qilishardi. Ularning “Biz yetarli darajada bilim ololmadik, ammo sizlar o‘qishingiz kerak!”, degan so‘zlari qulog‘im ostida jaranglab turadi. Menga ishonib, o‘qishim uchun sharoit yaratib berishdi. Davlat stipendiyasini qo‘lga kiritgan paytim ustozlarim ota-onamga qo‘ng‘iroq qilib, bu xabarni aytishganida ularning men bilan g‘ururlanishganini his qildim. Asta-sekin o‘z oldimga qo‘ygan marralarni zabt etyapman. Bu menga o‘z ustimda yanada ko‘proq ishlashga xohishni kuchaytirdi.
Tahsil davomida respublika va xalqaro miqyosidagi konferensiyalarda “Iqtisodiyotni modernizatsiyalash sharoitida turizm sohasini innovatsion rivojlantirish”, “O‘zbekistonda turizm sohasining rivojlanish tendensiyalari”, “Yoshlar bandligini ta’minlashda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning o‘rni: muammo va yechimlar” mavzularidagi ilmiy maqolalarim bilan ishtirok etdim.
Ayni paytda yo‘nalishim bo‘yicha hamkorlikda turagentlik firmasini tashkil etdim. Bu orqali yurtimiz sayyohlik salohiyatini yanada rivojlantirish, soham bo‘yicha yurtimiz ravnaqiga hissa qo‘shishni maqsad qilganman.

Bu yil Imom al-Buxoriy nomidagi davlat stipendiyasiga sazovor bo‘lgan “Islomshunoslik” fakulteti “Dinshunoslik” yo‘nalishi 4-bosqich talabasi Nigina Botirova ham o‘qish va jamoat ishlarida faol ishtirok etmoqda. U 2019-yilda Hindistonda o‘tkazilgan xalqaro konferensiyada sertifikat bilan taqdirlangan. Respublika davriy nashrlarida ijtimoiy maqolalari, she’rlari e’lon qilingan. “Agar kirsam o‘qishga”, “Oq otdagi shahzodam” nomli she’riy to‘plamlari chop etilgan.

Nigina BOTIROVA,
Imom al-Buxoriy nomidagi davlat stipendiyasi sovrindori:

– Mamlakatimiz aholisining 60 foizdan ortig‘ini yoshlar tashkil etishini inobatga olsak, yurtimizda olib borilayotgan islohotlar mazmun jihatidan bevosita yoshlarga naqadar daxldor ekanini anglaymiz. Albatta, bugungi shiddatli zamonda yoshlar istak-xohishi, qiziqishi, qanday kasb bilan bandligi haqida xabardor bo‘lish har birimizning zimmamizdagi mas’uliyatli vazifa sanaladi. Yoshlarga yaratib berilayotgan imkoniyatlar yutuqlarimiz uchun qanot bo‘lmoqda. Husayn Voiz Koshifiy “Ustoz nimaiki aytsa, shogird uni jon dili bilan eshitishi, chin ko‘ngil bilan qabul qilishi va olgan bilim va malakasini amalda ado etishi kerak”, deb aytadi. Biz, yoshlar ustozlarimizning o‘gitlariga amal qilsak, yutuqlarimiz ko‘payaveradi.
Davlatimiz yoshlarga yurt ravnaqini ta’minlovchi katta kuch, strategik resurs sifatida qaramoqda. Natijada bugun yuksak bilimli, zamonaviy fikrlaydigan, qat’iy hayotiy pozitsiyaga ega yoshlar mamlakatning ertangi taraqqiyotida tobora hal qiluvchi kuchga aylanib boryapti. Chunki yosh avlodni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ma’naviy yetuk, jismonan sog‘lom, vatanparvar va fidoyi etib tarbiyalash, huquq hamda manfaatlarini himoya qilishga e’tibor qancha kuchaytirilsa, uning samarasi ham shuncha yuqori bo‘ladi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi
Matbuot xizmati