Imorat qurish, yangi mashina yoki ust-bosh xarid qilish, xullas, boshqalardan bir qadam oldinda yurishga intilish insonga xos odat. Albatta, buni har doim ham ijobiy baholay olmaymiz. Ortiqcha orzu-havas tufayli ba’zi hollarda qonunni bilmasligimiz natijasida xatoliklarga yo‘l qo‘yganimizni anglamay qolamiz.
Jahongir Ortiqov(ismi familiya o‘zgartirilgan) ham shunday fuqarolardan biri. Bog‘ot tumanida istiqomat qiluvchi bu fuqaro ko‘p yillardan beri yangi uy qurishni maqsad qilib yurar edi. Ro‘zg‘ordan orttirib, yig‘gan mablag‘i imorat tiklashga yetgulik bo‘lganida ishga kirishdi. U oldindan ko‘zlab yurgan yer maydonini yangi uyi uchun tanladi. Qurivchilarni chaqirib, uyning qurilish rejasini tuzishdi. Yuk mashinalarida qum, tuproq va boshqa qurilish materiallari kela boshladi. Qarabsizki hash-pash deguncha uyning poydevori tayyor bo‘ldi. Agar tuman Yer resurslari va davlat kadastri bo‘limi xodimlari kelmaganida, balki uy ham tayyor bo‘lar edi.
O‘rganishlar natijasida Jahongirning hech qanday yerga egalik huquqi yo‘qligi aniqlanib, o‘zboshimchalik bilan boshlagan qurilishi to‘xtatildi. Dastlab, tuman Yer resurslari va davlat kadastri bo‘limi xodimlari Jahongirni belgilangan muddatda poydevorni buzish va qolgan qurilish materiallarini olib chiqib ketish bo‘yicha ogohlantirdi.
Belgilangan muddat o‘tdi hamki, Jahongir yaxshigina mablag‘ sarflaganidanmi poydevorni buzgisi kelmadi. Masala jiddiylashgach, ishga oxirgi nuqtani sud qarori qo‘ydi.
Xorazm viloyat sudining fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati sudyasi tomonidan Bog‘ot tumanida o‘tkazilgan sayyor majlisida javobgar Jahongir Ortiqov tumanning “Qipchoq” qishloq xo‘jaligi yer xaritasining 1340-qismida joylashgan 0,0156 ga yer maydonini o‘zboshimchalik bilan egallagan, deb topildi. Sud qaroriga ko‘ra, javobgar tomonidan qurilgan poydevorni buzish va yer maydonini oldingi holatiga keltirish belgilandi.
Aslida ham Xorazm viloyatining fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlariga kelib tushayotgan murojaatlarning ko‘pchiligini yerga noqonuniy egalik qilish masalasi tashkil etmoqda. Masalan, o‘tgan 2020-yilda yerga oid nizolar bo‘yicha 1 ming 857 ta da’vo arizasi kelib tushgan. Shundan 948 tasi qanoatlantirilgan va 370 ta ariza rad etilgan. Bundan ko‘rinadiki, aholi o‘rtasida hali ham yer bilan bog‘liq munosabatlarda bilib-bilmay qonunni chetlab o‘tish holatlari uchrab tueibdi. Bunday holatlarning takrorlanishi esa har qanday kishining dilini xira etadi. Aql-u hushi joyida bo‘lgan insonning yosh bolalarcha ish tutishi salbiy hol albatta. Yaxshi niyat bilan imorat barpo etishdan oldin hududiy yer resurslari va davlat kadastri bo‘limi hamda tuman yoki shahar hokimiyatiga murojaat qilish, turar joy uchun ajratilgan yer maydoni bilan tanishish va tanlangan joyni auksionda yutib olish lozim. Shundagina yer maydonining qonuniy egasiga aylanasiz.

Mavsuma YO‘LDOSHEVA,
Xorazm viloyat sudining fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati sudyasi