O‘zbekiston Respublikasi oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi faoliyati bilan bevosita tanishdi.
Vazirning “… ta’lim mazmuniga islomni olib kirish uning tubdan isloh bo‘lishida katta ahamiyatga egaligi” xususidagi fikrlari ijtimoiy tarmoqlarda ijobiy ma’noda keng muhokama etilganidan xabaringiz bor. Shu ma’noda vazir birinchilardan bo‘lib Akademiyasi faoliyati bilan tanishgani bejiz emas.
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi Qur’on ilmlari, hadis, islom huquqi, aqida, tasavvuf, islom iqtisodiyoti va moliyasi, xalqaro munosabatlar, xorijiy tillar (arab, fors, ingliz, rus, urdu, turk) va boshqa xalqaro miqyosda ehtiyoj mavjud bo‘lgan sohalar bo‘yicha malakali kadrlarni tayyorlashga, uzluksiz ta’limning yaxlit tizimini tashkil etish, ilmiy merosni chuqur o‘rganish va asrab-avaylashga, diniy va dunyoviy bilim berishga ixtisoslashgan yetakchi ta’lim muassasasi hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Jamoat va diniy tashkilotlar bilan hamkorlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Rustam Qosimov hamrohligida Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulovning Akademiya faoliyati bilan tanishuvi kunning ikkinchi yarmiga to‘g‘ri kelgani bois, talabalarning to‘garak va qo‘shimcha mashg‘ulotlarini kuzatishdi.
Akademiya kutubxonasi va “BOOK-CAFE”da asosiy darslardan so‘ng noyob adabiyotlardan foydalanib, qo‘shimcha bilim olayotgan kitobxonlar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
– Kutubxonamiz yangi kitob va nodir qo‘lyozmalar bilan boyib bormoqda. Shu bois, bu maskanga har kuni shoshib boraman, – deydi vazir bilan suhbatda islomshunoslik fakulteti 2-kurs talabasi Anvar Mustafoyev. – Chunki Akademiyamizda an’anaga aylangan tashabbusga ko‘ra, ustoz-muallimlarimiz ham o‘zi o‘qigan kitoblarini kutubxona fondiga sovg‘a qilishadi. Ustozlarimizni ta’sirlantirgan kitoblar esa bizni ham yangi-yangi bilimlarga oshno qilishi shubhasiz.
O‘zbekiston yoshlar ittifoqining Akademiya huzuridagi boshlang‘ich tashkiloti xonasi va u yerda ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarga tayyorgarlik ko‘rayotgan iste’dodli yoshlar bilan uchrashuv ham mazmunli o‘tdi. Oliy ta’lim dargohida tashkil etilgan “Dutorchi qizlar” guruhi “Farg‘ona tong otguncha” kuyi va qo‘shig‘ini mahorat bilan jonli ijro etdi. Ayniqsa, “Navro‘z” umumxalq bayramida milliy an’analarimizni namoyish etishga hozirlik ko‘rayotgan talaba Jaloliddin Ergashevning chanqovuz sozida ijro etgan kuyi olqishga sazovor bo‘ldi.
Shundan so‘ng vazir Akademiya hovlisi, mini futbol maydoni, o‘quv xonalari, sport zali hamda talabalar turar joylarini ko‘zdan kechirib, ularning faoliyatini yanada samarali va qulay tashkil etish, amalga oshirilishi lozim bo‘lgan bunyodkorlik ishlari xususida o‘z fikr-mulohazalari hamda tavsiyalari bilan o‘rtoqlashdi.
– Akademiyamizda dono xalqimizning “Ustoz otangdan ulug‘” hikmatiga hamohang ravishda “Shogird – farzanddek aziz” naqli shakllangan, – dedi O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Rustam Qosimov. – Mehrdan mehr yaraladi, ildiz otib yuksaladi. Shu bois, shogirdiga mehr va bilim ulashgan ustozning qadri ham baland bo‘lib boraveradi. Shogirdining ota-onasi bilan ham yaqin do‘st-birodar bo‘lgan ustozning ularga farzandi haqidagi har bir xushxabari ham talabada yangidan-yangi intilishga rag‘bat bag‘ishlashiga ishonaman.
Muassasada talabalar bilan individual yondashuv asosida ish olib borilayotgani vazirning e’tiborini tortdi. Zero, bugungi kunda talabalar turar joyidan boshqa manzilda yashab, o‘qiyotgan har bir talaba diqqat-e’tiborda. Fakultet dekanlari talabalar yashayotgan xonadonlarga borib, ularning yashash sharoiti bilan tanishuv asnosida ehtiyoj va muammolarini o‘rganayotgani, viloyatlardagi ota-onalar bilan muntazam muloqotda bo‘layotgani diqqatga molik.
– Ona Vatanimiz qadim tamaddun beshiklaridan bo‘lgani jahonga ma’lum, – dedi uchrashuv yakunida O‘zbekiston oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov. – Buni yurtimizda farzand ta’lim-tarbiyasi, ularni barkamol voyaga yetkazish va albatta, yetuk kadr, xalqaro miqyosda raqobatbardosh mutaxassis sifatida shakllantirishda jahonga teng tajribalar borligida ham o‘z isbotini topadi. Ularni tizimli o‘rganib, ommalashtirishimiz kerak, xolos. Faqat xorijiy tajribani o‘rganishimiz kerak, deguvchilarni esa shu bois ko‘p ham oqlayvermayman.
Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining Akademiya faoliyati bilan tanishuvi ko‘plab yangi fikrlarga asos bo‘ldi.

Bahodir JOVLIYEV