Bu safar izg‘irin sababchi bo‘ldi.
Sovuq jondan o‘tdi. “Ariston” o‘rnatay desam, avval uning baki suvga to‘lishi kerak, keyin u suvni gaz isitadi, ana undan keyin elektr toki isigan suvni butun xonalar bo‘ylab aylantiraveradi. Qisqasi, bu mutaraqqiy matohning to‘kis ishlashi uchun ham suv, ham gaz, ham elektr toki bab-baravar lang‘illab turishi zarur ekan. Afsuski, bizning yurtda bu uch resurs — bir uydagi uch kundoshga o‘xshab qolgan: birovi bo‘lsa, ikkinchisi yo‘q, ikkinchisi kelsa, uchinchisi…
Bozor yo‘rg‘aladim — elektropech ko‘rgani. Do‘konlar oldida ketayotib, ustma-ust taxlanib yotgan qalin, yenggu yoqasiz bichimdagi, qishgi nimchalarga ko‘zim tushdi. Shundoqqina yo‘lak chetida yotardi. To‘xtab, uzo-oq qarab qoldim. Dadam ham shunday qarab qolgandi…
Sultonoboddagi bozorda dadam, ayam va men rastalar oralab yurgandik o‘shanda. Ro‘zg‘orga kerakli ul-bulni olib bo‘lgach, dadam men bilan ayamni sarupo kiyintirdi. O‘ziga kelganda, “Bo‘ldi, qaytamiz”, dedi. Ilg‘adimki, cho‘ntagidagi pulning tagi ko‘ringan. Ayam savolomuz qaradi: “Sizga-chi?!”. Dadam ayamning nigohlaridagi norizolikni rizolikka do‘ndirmoqchi bo‘ldimi, haytovur, bir yoymachining yoyib tashalgan kiyim-kechaklari ustida oyoq ildi. Tax-batax yotgan qalin, o‘sha paytlar endigina urf bo‘layotgan nimchalarga ser soldi. Ko‘zlari bilan bir muddat chamalagach, barmog‘ini ular uzra nuqib so‘radi:
— …bularingiz nechchi pul, uv-v, mudir?
Sotarman narxni aytdi. Hozir esimda yo‘q, ammo cho‘tlaganidan ancha qimmat ekan chog‘i, dadam ortiq savol bermadi. Faqat nimchalarga jimgina, uzo-oq qarab qoldi. So‘ng daf’atan uyg‘ongan kishidek boshini ko‘tardi-yu “Ketdik!”, dedi bizga. Ayamning alqovlari naf bermadi. Bozordan qaytdik. Uydagi televizor esa, omon-omon, yaxshi zamon deya lof urardi har kuni. Holbuki, halol, vijdonli, qora mehnat odami uchun “yaxshi zamon”ning kelishi tobora xomxayolga aylanib borayotganini ko‘rish uchun ko‘chaga chiqish kifoya edi. Shungami, kanallarimizdagi darang-durung tomoshalardan ensasi qotgan dadam tezda pultni qo‘liga olardi: “…O‘zbekistonda har kun bayram, Xudoga shukr. Qani, boshqa joylardayam bayrammikan, bi-ir ko‘raylik-chi!”. Xorij kanallaridagi xabarlarga qo‘yardi. O‘rischani tushunmasam-da, qiziqib ko‘rardim men ham. Taajjubki, xorij kanallaridagi odamlar yig‘lardi, arzini aytardi, so‘kinardi… Odamga o‘xshab gapirardi, xullas. Dadam ko‘pincha “ORT”ni (“Perviy kanal”) berilib ko‘rardi: “…o‘-o‘, ana, Maskuvada bitta milisa o‘g‘irliq qip qo‘lg‘a tushipti… Besh yilga qamalipti”…
“9+3” ta’lim tizimi, ya’ni kollejlashtirish siyosati avj olgan yillar. Hamma yoqda kollej qurila ketdi. Bizning tumanda ham bir nechta joyda ustalar ish boshladi. Dadam ham el qatori qurilishga jo‘nadi. Oylab ketdi, shu ketgancha. Nihoyati, kollej bitdi. Bitgandayam hashamdor, dang‘illama kollej bo‘ldi. Hovlisidagi kafellargacha astoydil qilingan mehnatdan darak berib turardi. Shunday. Dadam ishlaydigan ustalar guruhi xoh u davlat binosi bo‘lsin, xoh odamlarning uyi, pishiq chiqadi. Ba’zi aroqxo‘r, yalqov “usta”larga o‘xshab bir kunlik ishni bir haftaga, bir haftalik ishni bir oyga, bir oylik ishni bir yilga cho‘zib yotishmaydi. Kollejni ham o‘z vaqtida va mustahkam qurishdi. Ammo… “peshana teri” — ish haqini olisholmadi. Dadamning bir oyog‘i ish boshqaruvchinikida (“prorab”) qop ketdi. Ish boshqaruvchilari, narigi ko‘chada yashovchi Boy aka, axiyri, bir ko‘rpa qilib, yotib oldi. Haqini so‘rab borganlarga Boy akaning xotini chiqib: “…kasal bo‘p qoldi. O‘zini osmoqchi… Tepasida “hay-hay”lab o‘tirippiz…”, deydigan bo‘ldi. Shu-shu ustalar undan umidini uzib, Toshkentga borishdi. Yo‘lgir bir yuristni topishdi. Sudlashamiz, deyishdi. Yuristning nafsi yuho chiqib, oladigan pullaringning yarmichasini menga berasizlar oldindan, deb hali ko‘rsatmagan “karomat”iga narx bichibdi. Ustalar ikkilanishibdi. Agar sudda yutib chiqmasak-chi, deb so‘rashsa, yurist yelka qisibdi. Alqissa, hech vaqosiz qaytishdi. Har bitta ustaga, shartnomaga muvofiq, berilishi shart bo‘lgan olti yuz ming so‘mdan pul, qaysidir haromxo‘rlarning yug‘on ichagidan o‘tdi-ketdi. Telekanallarimiz esa hanuz qarsak chalardi.
Hozir o‘sha kollej quruq savlat bo‘p turibdi. Ishchilari deyarli oylik maosh olmasa ham, ishdan ayrilib qolmaslik-chun borib kelishadi. Ma’muriyati esa sobiq talabalarining yo‘qolgan diplomlari bahona “soqqa qilish” bilan, xodimlarining yo‘q hisobidagi moyanalarini yanada “yo‘qqa chiqarish” bilan… qisqasi, shusizam mamlakatda tarvaqaylab ketgan korrupsiyaning tagiga “madaniy o‘g‘it” bo‘lish bilan band. Bo‘m-bo‘sh yotgan xonalari ko‘pligidan hokimiyat turli boshpanasiz tashkilotlarni shu yoqqa yuboraveradi. Hozir, masalan, Ekologiya partiyasining tuman tashkiloti o‘sha yoqdan qo‘nim topgan…
Dadam esa hamon qora mehnatda… Boy akami?.. Yo‘q, o‘zini osmadi, negadir. Ora-chora ko‘rib qolaman. Qaribdi. Oxirgi marta ko‘rganimda bir hamsoyamiz ila araqning qandayidan, qachon ichib turilsa, “foydali” bo‘lishi borasida qizg‘in bahslashayotgandi. Xudoning urgani shudir-da!..
Yana bir kunlar keldi. Odamlar gurra-gurra Rossiyaga, Qozog‘istonga ketishga tushdi. Hozir ham ketishyapti. Nachora, tirikchilikning toshtegirmoni o‘lsakkina boshimizda aylanmaydi. Dadam Qozog‘istonga ketgandi. O‘sha yoqlarda qozoqqa uy qurib, vatan qurib, tekshir-tekshirdan qochib… qishning chillasida “quv-quv” yo‘talni orttirib qaytdi. Topgan tanga-chaqasini ukol-doriga sarfladik. Kanallarimizda o‘sha-o‘sha, davomli qarsaklar guldurardi.
Boz bir zamona qo‘pdi. Odamlar qo‘shimcha tomorqalardan, uzumzoru olmazorlardan kun ko‘rishga o‘tdi. Bahonada bog‘dorchilik, ziroat, chorvaning ko‘kayiga kun tegdi. Yem-xashak, o‘tin tashvishidan qutulishdi. Davlatga soliq ham to‘lardi, sarvatga foyda ham ko‘rardi. Ola ichingdan chiqsa, yomon bo‘larkan. Tuppa-tuzuk olmazori bor bitta Kalboshning ishtahasi palak yozib, butun-butun uzumzorlar barq urayotgan yerga “ishqi tushdi”. Fermer bo‘lish da’vosida xat-hujjat to‘plab, u yoqqa chopdi-bu yoqqa chopdi, o‘sha yerlarga ega chiqdi. Uzumzorlarni buzdirishdan boshladi, birinchi “faoliyat”ini. Kamida o‘n besh gektarlik toklarni qo‘portirib, boshiday taqir bir maydonga aylangan yerga yoppa paxta ekdi. Hosili unmadi. Kelasi yili yana chigit qadadi. Yana unmadi… Hali-hali shu paykaldan yolchitib bir martayam hosil olgani yo‘q. Olmazoridan ham ayrildi. Uzumzorlar “juvonmarg” ketgach, olma bog‘lari ham paxta dalasiga qo‘shib yuborilgandi. Hozir o‘sha Kalbosh na fermer, na bog‘bon. Uyining oldidagi xarrakdan ketini uzmay o‘tiradi kun bo‘yi. O‘tgan-qaytganga, salom ham yo‘q, alik ham, alamzada qaraydi. Juda zeriksa, o‘ziga o‘xshagan uch-to‘rt bekorchi-yu befayzni yig‘ib, gap sotadi. Essiz umr!..
Va essiz bog‘lar, deydi endilargacha hamma. Ha, o‘sha uvol ketgan uzumzorlar ichida bizniki ham bor edi. Ellik sotixga yastangan, uch yilgina burun yangitdan ekilgan, o‘n xil navdagi uzumlar… Yigirma yildirki, o‘tin deb boshini qotirmagan ko‘pchil orasida dadam ham, mana, keksarayotgan chog‘ida daladagi qolgan-qutgan g‘o‘zapoyani uyga tashiydi, har tiyramoh. Iloj qancha, tirikchilik… Dadamning o‘z ta’biricha aytsak, bitta kal boshlagan ishni ikkinchi kal buzarkan doim… Muxbirlarimizmi? Sayrashdi, sayrashyapti va sayrayajak: “…ur-raaa!”.
O‘zim ham shu sayroqi “to‘tiqush”lar safidaman. Dadam ayozli havoda g‘o‘za yulib, tappi terib yurgan, ayam onasidan qolgan karavotda qalin kiyimlariga o‘rangancha tinimsiz yutalayotgan, jigarim pechkaning kulini titib, ko‘zi achishayotgan, ayolim muz qoplagan derazalarga xavotir-la qarab, ohista beshik tebratayotgan bir pallada, men, supraday-supraday sahifalarni to‘ldirib yolg‘on yozaman, deputatlar-u turfa tashkilotning rasmiy yugurdaklaridan kelgan uyum-uyum yolg‘onlarga sayqal beraman: “…sharoitlar yanada yaxshilanmoqda”, “…qishki mavsumga tayyormiz”, “…xalqning ichida yurib, ularni rozi qilish asosiy vazifamiz”…
Tirikchiligim shundan. Biroq baribir, dadamning yukini yengil qila olmayotganimdan asablarim qaqshaydi. Uyga o‘zimcha charchab qaytaman. Ammo dadamning ko‘zlaridagi asl horg‘inlikni ko‘rib, charchog‘imga tupuraman. Dadillig-u g‘ayrat otining soxta chavandoziga bir dumalab do‘naman-u jag‘imga erk beraman: “…bugun falon idora kattasi bilan gaplashdim, dada, ahvol nimaga bunday, deb so‘radim!”. Shu ikki pullik ishchamni bemisl qahramonlik ko‘rsatgandek gapirib beraman. Ular ham menga qahramonga qaragandek qarab, tinglashadi. Vaholanki, o‘sha “kattakon”ga bunday savollarni ming bittasi berib ko‘rgan va uyam yodaki bo‘p ketgan ming bitta javobidan birovini aytgan-qo‘ygan bo‘ladi. Balki shu alfoz o‘zimni dadam oldida… yo‘q, dadam timsolidagi vijdonim oldida oqlashga urinarman. Mana, nimadir qilyapman, demoqchi bo‘larman… Bilmadim…
Dadam bugun ham televizorni kam ko‘radi. Ko‘rganiyam, nima, koreys-u turklarning tarixiy seriallari. “Dunyo bo‘ylab” kanalini ko‘radi yana. Ikki oyoqli maxluqlarning oldi-qochdi valdirashlaridan ko‘ra haqiqiy jonivorlarning yashash uchun kurashini ko‘rishni ma’qulroq biladi. Xabarlardan faqat “Zamon”ni (“Zamon” informatsion dasturi) hamda “gapchi bachalar”ni (“Markaziy studiya”) ko‘rib turadi. Ne tongki, shular kabi dasturlarni kuzatib bildikki, nainki Moskvada, balki O‘zbekistonda ham “milisa”lar o‘g‘rilik qilarkan, pora olarkan, birovning xotinini yo‘ldan urarkan… Moskvadan farqimiz — bizda ular qamalmas ekan. Nari borsa, ishidan bo‘sharkan. Beri kelsa, pushaymonning “p”siyam sezilmaydigan ohangda bitta kechirim so‘rab, qutulib ketaverarkan.
Mana, dadam oltmish beshinchi qishini qarshi oldi, O‘ziga shukr. Nima deyishgayam hayronman. Shu choqqacha, qozonda birga qirq kun qaynasayam, qonim qo‘shilmaydiganlarni qutlab keldim. So‘zlarning saralarini atadim. Chin yaqinlarga kelganda, tilning aylanishi dushvor kechadi. Ayniqsa, dadamga. Yaxshi, urinib ko‘raman: Dada, tabriklayman! Umringiz “Baqara” surasiday uzun bo‘lsin!..

Sherbek BOBONUR o‘g‘li