O‘zbekiston — yoshlar mamlakati. Aholining kata qismini yoshlar tashkil etadi. Ularning bandligini ta’minlash, intilishlarini qo‘llab-quvvatlash davlatimiz oldidagi eng muhim vazifalardan biri bo‘lishi lozim. Xo‘sh, bugun yaratilayotgan imkoniyatlar shunga mosmi?
Yoshlarning g‘oyalarini moliyaviy jihatdan qo‘llab-quvvatlash maqsadida davlatimiz tomonidan imtiyozli kreditlar, grantlar ajratilmoqda. Bu kichik sarmoyalar yoshlarni katta orzular sari yetaklamoqda. Yoshlarning iqtisodiyotimiz barqarorligi, el-yurtimiz farovonligi yo‘lidagi intilishlariga keng imkoniyatlar eshigi ochilmoqda. Yoshlar bugun hal qiluvchi kuch bo‘lib, hayotga shunday dadil qadamlar ila kirib kelyaptiki, bu yosh tadbirkorlar faoliyatida ko‘zga tashlanmoqda.
Suhrob Eshmonov intellektual salohiyatli, faol va itiluvchan yosh tadbirkorlardan biri. U dastlab tadbirkorlik faoliyatini ko‘p qavatli uylarning yerto‘lasida boshlagan. O‘zi kabi yoshlarni ish bilan ta’minlab, yosh tadbirkorlar safini kengaytirgan.
— Imkoniyatlardan foydalangan holda kichik bo‘lsa ham o‘z tadbirkorligimni yo‘lga qo‘ydim, — deydi yosh tadbirkor Suhrob Eshmonov. — Ayni paytda 20 nafar yosh ishlamoqda, yaqin kunlar ichida faoliyatimizni kengaytirib, yana 60 nafar yoshni ish bilan ta’minlamoqchiman. Dastlab har bir ishchiga tikish-bichishni o‘rgatib, faoliyat bilan tanishtiramiz. Asosan bolalar kiyimlarini tikib, ichki bozorimizga o‘z mahsulotimiz bilan kirib boryapmiz. Kelajakda faoliyatimni yanada kengaytirib, jahon bozoriga ham chiqishni maqsad qilganman.
Yoshlar bandligi — jamiyatning barqaror rivojlanishi uchun asosiy kafolat hisoblanadi. Aniq reja va qat’iy maqsadning mavjudligi — bu yoshlarning eng muhim fazilati bo‘lsa, bilim va intiluvchanlik qo‘yilgan maqsadni amalga oshiruvchi kuchdir. Ayniqsa, tadbirkorlik faoliyati yoshlarning tahlil, hisob-kitob borasidagi noyob iqtidorini talab etishi bilan murakkabdir.
Tadbirkorlik faoliyati tufayli shaxsning imkoniyatlari ro‘yobga chiqadi, kishi millionlab odamlar orasida o‘z o‘rnini topadi, ko‘plab insonlar doimiy daromad manbaiga ega bo‘ladi. Albatta, ish boshlagandan so‘ng darhol daromad topib, boyib ketish oson emas. Buning uchun yillab mijozlar uchun kurashish, ularning ishonchini misqollab yig‘ish kerak. Bu mushkul vazifa. Shunday bo‘lsa-da, qiyinchiliklarga qaramasdan o‘z oldiga qo‘ygan maqsadi tomon ildamlayotgan yoshlarning safi kundan kunga kengayayotgani quvonarli hol.
Go‘zallik barchani birdek ilhomlantirib, yaxshi kayfiyat hadya etadi. Ammo oddiy chiqindilardan go‘zallik yarata oladigan, qo‘li gul hunarmandlarning borligi kishini hayratlantiradi. Muzaffar ana shunday go‘zallik yaratuvchi tadbirkor. Chiqindidan san’at asarlari darajasidagi ishlarni yaratish har kimning ham qo‘lidan kelmaydi.
— Bolaligimdan narsalar yasashga qiziqaman, — deydi Muzaffar Yusupov. — Bu insonda erkin fikrlashni yuzaga keltiradi. Asosan taxta va mato qoldiqlari bilan ishlayman. Faoliyatimga bolalar ham qiziqish bildirgani bois bugungi kunda bolalarga ham o‘rgatib, dars mashg‘ulotlarini o‘tyapman. Biror narsa yaratgan inson ruhan yengil bo‘ladi, yanada kuchliroq ishtiyoq paydo bo‘ladi. Kelajakda faoliyatimni tadbirkorlik bilan davom ettirmoqchiman. Shu orqali shogirdlarimni ish bilan ta’minlayman.
Har bir sohada muvaffaqiyatga erishish uchun o‘ziga yarasha qiyinchilik va muammolarni yengib o‘tish lozim. Bunday qiyinchiliklar har bir qahramonimizni chetlab o‘tmagan albatta. Muhimi, ular o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlari sari intilmoqda.
Har bir yosh noyob iste’dodga ega. Ularni ro‘yobga chiqarish kerak, xolos. Bu o‘rinda mutasaddi tashkilotlar ko‘magi juda muhim.
— 2021-yilda yoshlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha aniq yo‘l xaritasini tuzib olganmiz, — deydi Yoshlar ishlari agentligi Yashnobod tumani bo‘limi rahbari Farrux Mahmudxo‘jayev. — Asosan, yoshlarning bandligini ta’minlash, kasb-hunarga yo‘naltirish, tadbirkorlikni boshlamoqchi bo‘lganlarga yordam berishni ko‘zda tutganmiz. Buning uchun ularga imtiyozli kreditlar olishda, biznez rejalar tuzishda ko‘maklashamiz.
Ba’zan qo‘limizdan kelganini qilish shunchaki yetarli bo‘lmaydi. Bizdan nima talab qilinayotgan bo‘lsa, shuni qilishimiz lozim. Haqiqatan ham, bugun “El qatori”, degan gap uchun ish qiladigan zamon emas. Yoshlardan talab etilayotgani faqat o‘qish, bilim va tajribasini oshirish. Zamon bilan hamnafas bo‘lib, mamlakat taraqqiyotiga hissa qo‘shish pallasi. Buning uchun mamlakatimizda yaratilgan imkoniyatlardan oqilona foydalana olsak, bas.
Yoshlarning tadbirkorlik borasidagi bilimini boyitish, ularda ishbilarmonlik malakasi va ko‘nikmasini shakllantirish borasida keng ko‘lamli islohatlar olib bomoqda. Yoshlarimiz bu imtiyozlardan oqilona foydalangan holda o‘z tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘ymoqda. Bu mamlakatimizda Uchinchi renessans davri poydevorini qurishda muhim omil bo‘lsa, ajab emas.

Kamola SOBITJONOVA