Joriy yilnining 3-mart kuni Belarus Respublikasi ta’lim vaziri Igor Karpenko boshchiligida delegatsiya Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetiga tashrif buyurdi. Belarus Milliy Texnika universiteti,  Belarus informatika va radioelektronika davlat universiteti,  Fransiska Skorina nomidagi Gomelsk Davlat universiteti va boshqa oliy ta’lim muassasalari rektor hamda prorektorlaridan iborat delegatsiyani O‘zbekiston Milliy universiteti rektori Inomjon Madjidov va soha prorektorlari kutib oldi. 
Inomjon Madjidov mehmonlarni universitetga tashrif buyurgani bilan samimiy qutlab universitet tarixi, tuzilmasi va  bugungi kundagi strategik rejalari to‘g‘risida batafsil to‘xtalib o‘tdi. O‘z navbatida  Belarus Respublikasi ta’lim vaziri Igor Karpenko O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim tizimidagi uzoq yillik hamkorlik, erishilgan yutuqlar va kelgusida hamkorlik tarmoqlarini yanada kengaytirish yo‘lidagi o‘zining aniq va maqsadli takliflarini bildirdi. Shuningdek, I.V.Karpenko bugungi kunda Belorus Respublikasi oliy ta’lim muassasalarida tahsil oladigan O‘zbekistonlik yoshlarning bilim olishga bo‘lgan ishtiyoqi, qiziqishi va intilishlarini yuksak baholab raqobatbardosh kadrlar tayyorlashda hamkorlik qilishga tayyor ekanini aytib o‘tdi.
Uchrashuvda tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlik aloqalarini tobora kengaytirish, ko‘plab sohalarda shartnomalar imzolash va ularni amalga oshirishda samarali ishlarni olib borish lozimligini  ta’kidladilar. Ayniqsa, mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan istiqbolli yo‘nalishlarda kadrlar tayyorlash, professor-o‘iqtuvchilarni malaka oshirish, ilmiy stajirovkalarini yo‘lga qo‘yish, o‘quv va ilmiy yo‘nalishlarda hamkorlikni kengaytirish, doktorantura hamda mustaqil tadqiqotchilarni tayyorlashda ilmiy laboratoriya hamda ilmiy tadqiqot institutlari imkoniyatlaridan unumli foydalanish masalalarini alohida ta’kidlab o‘tildi.
Ochiq va konstruktiv ruhda o‘tgan uchrashuvda Belorussiya Milliy texnika universiteti va Respublika kasb-hunar ta’limi instituti bilan hamkorlik memorundumi imzolandi. Unga asosan 2021-2022-o‘quv yilida “Lazer fizikasi, “Materialshunoslik va materiallar texnologiyasi” (tarmoqlar bo‘yicha) hamda “Qayta tiklanuvchi energiya manbalari va barqaror atrof muhit fizikasi” yo‘nalishlarida 2+2 qo‘shma ta’lim dasturi yo‘lga qo‘yiladi. 
Uchrashuvda O‘zbekiston bilan Belorus Respublikasi bir-biriga muhim va uzoq muddatli hamkor sifatida qarashini, xalqaro hamkorlikni o‘zaro ishonch tamoyillari asosida kengaytirish va ikki xalq manfaatlariga xizmat qilishda doimo bir-birlarini qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

O‘zMU Axborot xizmati