Xabaringiz bor, joriy yilning 28-mart kuni poytaxtimizda an’anaviy III Toshkent Xalqaro marafoni o‘tkazildi. Dunyoda COVID-19 virusining keng tarqalishi oqibatida yuzaga kelgan pandemik sharoitni inobatga olib, Xalqaro marafon karantin qoidalariga rioya qilingan holda yuksak saviyada tashkil etildi.

Musobaqada ishtirokchilar marafon (42,195 km), yarim marafon (21,0975 km), ekiden (5 km+10 km+5 km+10 km+5 km+7,195 km) hamda 3km masofaga o‘tkazilgan poygalarda o‘z omadlarini sinab ko‘rishdi.

Marafon musobaqasida yon qo‘shnilarimiz Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, shuningdek Rossiya Federatsiyasi hamda mamlakatimizdan jami 76 nafar professional va havaskor sportchilar o‘z omadini sinab ko‘rgan bo‘lsa, yarim marafon bahslarida ishtirokchilar soni 529 nafarni tashkil qildi.
3 km masofaga o‘tkazilgan yugurish va yurish musobaqasida esa 779 nafar ishtirokchi startga chiqdi. Bundan tashqari, ilk bora tashkil etilgan ekiden bahslarida turli vazirliklar, idoralar, korxona-tashkilotlar hamda mamlakatimizda faoliyat olib borayotgan diplomatik vakolatxonalardan jami 64ta jamoa (har bir jamoa tarkibi 6 nafar sportchidan iborat) qatnashdi. Marafonning umumiy ishtirokchilari soni qariyb 1 800 nafarga yetdi va bu Toshkent Xalqaro marafoni tarixida rekord ko‘rsatkichdir.

E’tiborlisi, marafonda professional va sog‘lom sportchilar bilan bir qatorda jismoniy imkoniyati cheklanganlar ham faol ishtirok etishdiki, bu chindan ham tahsinga loyiq. E’tirof etish joiz, ular nafaqat III Toshkent Xalqaro marafonida qatnashdi, balki belgilangan marrani matonat bilan bosib o‘tishdi.

Ayniqsa, marafon bahslarida asli muhandis bo‘lgan Fidan Yakupovning 42 km 195 metr masofani 4 soat 21 daqiqayu 54 soniya ichida 45-bo‘lib bosib o‘tganligiga qoyil qolmaslikning iloji yo‘q. III Toshkent Xalqaro marafoni ishtirokchilari orasida jismoniy imkoniyati cheklanganlardan Fidan yolg‘iz emasdi.

III Toshkent Xalqaro marafoni tashkilotchilari shunday matonatli havaskor sportchilarni rag‘batlantirishni lozim topdi.

Quyida ana shunday matonatli havaskor sportchilar bilan tanishing:

Fidan Faritovich Yakupov – 1989-yil 28-dekabrda tug‘ilgan.
PSK «BRIG» MChJ ishlab chiqarish texnik bo‘limi yetakchi muhandisi
Marafon musobaqasida 12-raqam ostida ro‘yxatdan o‘tgan, marraga 45-bo‘lib yetib kelgan. Natijasi: 4:21.54

Shuhrat Rahimberdiyevich Toshpo‘latov – 1978-yilda tug‘ilgan.
«Sibirskoye zdorovye» MChJning regional (hududiy) direktori
Yarimmarafonda 332-raqam bilan ro‘yxatdan o‘tgan, 395 nafar ishtirokchi orasida 200-bo‘lib marraga yetib keldi. Natijasi: 2:04.42.

Daniil Aleksandrovich Bronskiy – 1990-yil 9-mayda tug‘ilgan.
1-guruh tug‘ma nogiron. Yarimmarafonda 19-raqam bilan ro‘yxatdan o‘tgan. Natijasi: 4:21.54

Sergey Sergeyevich Uchayev – 1973-yilda tug‘ilgan.
“Ishonch va hayot” NNT Boshqaruvi raisi.
3 km masofaga o‘tkazilgan poygada ishtirok etdi. 1073-raqam bilan ro‘yxatdan o‘tgan. Natijasi: 0:30.42.

Ushbu havaskor sportchilar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi Kotibi, O‘zbekiston triatlon federatsiyasining raisi Viktor Maxmudovich Maxmudov tomonidan taqdirlandi.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati