Yoshlar — jamiyatning harakatlantiruvchi kuchi, ular­ning gʻayrat-shijoati va bilimi yangilanayotgan ­Oʻzbekiston uchun havoday zarur. Shu bois Prezidentimiz yoshlarni bilim olishga ragʻbatlantirish, kasb-­hunarga yoʻnaltirish masalalariga alohida eʼtibor ­qaratmoqda. Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning tub maqsadi aholi farovonligini taʼminlash, oʻsib kelayotgan yosh avlodning barkamol va yetuk shaxs boʻlib yetishishi, oʻqishi, kasb-hunar oʻrganishi uchun zarur sharoitlar yaratish, bandligini taʼminlashdan iboratdir.

Ana shu jarayonga hissa qoʻshish har bir fuqaroning burchidir. Bunda, ayniqsa, tadbirkorlik subyektlarining oʻrni muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bois, Olot tumanida joylashgan “Parvoz Xumo Ravnaq Trans” MChJ paxta toʻqimachilik klasteri jamoasi yoshlar bandligini taʼminlashga katta eʼtibor qaratmoqda. Jumladan, joriy yilning yanvar, fevral oylarida ish bilan taʼminlangan yoshlar safi se­zilarli darajada oshdi. Masa­lan, hozirgi kunda investitsiya dasturlari asosida kredit va jamiyatning oʻz mablagʻlari hisobidan Olot tumanida qurilgan yogʻ-moy zavodining bi­rinchi navbati ishga tushirilib, tumandagi 30 nafar yosh ish bilan taʼminlandi.
Yillar oʻtishi bilan bir paytlar foydali aylanmadan chiqarilgan ekin maydonlari dam olgach, yana ulardan foydala­nish imkoniyati tugʻiladi. Xuddi shunday tumanda hozirgi kunda foydalanilmayotgan 500 gektar yer maydonini qayta aylanmaga kiritish ishlari olib borilmoqda. Bu yerlarda bogʻ yaratish, yogʻ-moy ekinlari va don ekish uchun tayyorlash ishlari natijasida 16 ta yangi ish oʻrni paydo boʻldi va unga yoshlar jalb etildi.
Yana bir gap, masʼuliyati cheklangan jamiyat tomonidan Gʻijduvon tumanida barpo etilgan ip-kalava ishlab chiqa­rish fabrikasida ham 2021-yilning yanvar-fevral oylarida 20 nafar yosh ish bilan taʼminlandi. Bu ana shuncha yoshning muammosi hal etilgani, oilalarning farovonligiga hissa qoʻshilganini anglatadi.
Ishga joylashish uchun yoshlarda yetarli tajriba va koʻnikma boʻlishi kerak.
Masalaning bu jihati ham eʼtibordan chetda qolgani yoʻq. Yaʼni yoshlarni kasb-hunarga oʻqitish maqsadida Olot tumanidagi kasb-hunar maktabi bilan hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan. Maktabda hunar oʻrgangan yoshlar qiyinchiliksiz ishni oʻzlashtirib olayotgani bizni quvontiryapti.
2021-yilning “Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” deb eʼlon qilinishi zimmamizga salmoqli masʼuliyat yukladi. Ayniqsa, Prezidentimiz tashabbusi bilan yoʻlga qoʻyilgan “mahallabay ishlash tizimi” tumanda oʻz samarasini bermoqda. Arabxona, Qirlishon va Davlatboy mahallalari bugun tanib boʻlmas darajada oʻzgardi. Ana shunday obodlik, yangilanish navbati bilan tumandagi barcha mahallalarda amalga oshiriladi, xalq turmush darajasi yanada yaxshilanadi. Bugun viloyat va tuman rahbarlari xalqqa yanada yaqinlashib, ularning kundalik turmushidagi eng arzimasday tuyulgan masalalarga ham eʼtibor qaratmoqda.
Dunyo bilan tengma-teng qadam tashlamoqqa uringan har qanday mamlakat yoshlarga keng imkoniyatlar eshigini ochishi lozim. Chunki yangi va dadil fikrlar, mukammal lo­yihalar va takliflar aksar hollarda yoshlardan chiqadi. Ertaga yangi Oʻzbekistonning sohib­lari boʻladigan yoshlar ham bu yoʻlda tinmay izlanishlari maq­sadga muvofiqdir.

Nurmuhammad OCHILOV,
“Parvoz Xumo Ravnaq Trans” MChJ ta’sischisi,
Oliy Majlis Senatining Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish
masalalari qo‘mitasi a’zosi