Yoshi ellikdan oshgan insonlarning aksari lotin alifbosida yozish va o‘qishga qiynaladi. Yoshlar esa, aksincha — kirill alifbosida yozishga qiynaladi. Xullas, ikki avlod orasida kirill va lotin degan bo‘y yetmas devor bor! Bu devor yillar davomida tobora balandla­shib boryapti.

1993-yilda “lotin grafikasiga asoslangan o‘zbek alifbosiga bosqichma-bosqich o‘tish” belgilangan, qonun hujjatlariga ko‘ra, bu jarayon 2000-yilga kelib yakunlanishi kerak edi. Lekin ko‘zlangan vaqt yetib kelgach, yana orqaga qadam tashlab, lotin alifbosiga o‘tish avval 2005-yil, keyin esa 2010-yilgacha uzaytirildi. Shu yo‘sin hozirgacha bir qarorga kelolmadik. Bu orada lotin alifbosida saboq olgan avlod oliy ta’limni ham tamomlab, davlat idoralarida ishlay boshladi. Bu ular uchun eng murakkab jarayon edi. Negaki, ta’limni lotin alifbosida olgan avlod kirill alifbosida ish yuritishi kerak!
Afsuski, biz hali ham o‘tish bosqichidamiz. Hozir ham gazeta, jurnallarning 70 foizi kirill alifbosida chop etiladi. Ana shunday bir vaziyatda alifboni isloh qilish masalasi kun tartibiga chiqdi. Shundoq ham yangi alifboda bexato yozamiz deya olmaymiz. Chunki lotin alifbosiga o‘tish jarayonidagi avlod hozirgacha “x” va “h”ni adashtiradi. Alifboning o‘zgarishi ularning savodsizligini yanada avj oldirmaydimi?
Eng yomoni, darsliklarni qaytadan nashr etishga maj­bur bo‘lamiz. Butun boshli hujjatlar yangilanadi. Buning barchasi ortiqcha tashvish, xarajat degani. Bundan tashqari, kechagina 1-sinfga qadam qo‘yib, lotin alifbosini endi o‘rgangan avlod yana bir yil vaqtini yangi alifboni o‘rganishga sarflaydimi? Yoki to‘lig‘icha lotin alifbosiga o‘tishga ulgurmagan hujjatlar yana yangi alifboga ko‘chiriladimi? Umuman, shuncha xarajatni ilm-fan rivojiga, yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga sarflasak, yaxshi emasmi?

Mashhura NASRIDDINOVA,
O‘zJOKU talabasi