Jamiyatda har bir inson o‘z o‘rnini topishni istaydi. Sevimli insonlari yonida bo‘lib, farovon turmush kechirsam deydi. Ammo hamma ham bu niyatiga yetavermaydi. Buning turli ijtimoiy-iqtisodiy sabablari bor. Ulardan biri ishsizlik masalasidir.

Afsuski, ishsizlik muammosi uzoq vaqtlardan beri dol­zarbligini yo‘qotmay kelyapti. Masalan, rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2020-yilning yanvar-iyun oylarida O‘zbekistonda ishsizlik darajasi 13,2 foizni tashkil etdi. Ish bilan ta’minlanishga muhtoj­lar soni 1,94 million kishigacha ortdi. 2019-yilning birinchi yarmida bu ko‘rsatkich 9,1 foizni tashkil etgan edi. Har yili ishsiz­lar sonining oshishi, chet mamlakatlarga ishlash uchun ketish, u yerdagi og‘ir ishlarni bajarish, sovuqda, zax joylarda ishlash natijasida ne-ne zabardast yigitlarimiz mayib-majruh bo‘lib qaytayotganini ham ko‘rib turibmiz. Chet elga ishlash uchun ketib, qaytib kelmaslik, qaytib kela olmaslik holatlari, odam savdosi va boshqa salbiy jihatlar bu masala nechog‘liq e’tibor talab qilishining yaqqol misolidir.
Bundan tashqari, uzoq muddatga chet elga ketish natijasida qanchadan qancha oilalar parokandalikka yuz tutib, yana qancha bolalar tirik yetim bo‘lib qolayotgani ko‘ngilni xira qiladi. Har yili chet elga ishlashga keta­digan fuqarolar soni o‘rtacha 2 million kishini tashkil etadi. Avvalo, ish o‘rinlarining yetishmasligi, boshqa tarafdan, yoshlarning qo‘lida biror hunari yo‘qligi bu holatga sabab bo‘lmoqda.
Ayrim sohalarda malakali kadrlar yetishmaydi. Ish o‘rinlariga qo‘yilgan talablarga munosib kadr yo‘q! Bu­ning sababi, ta’lim tizimida yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklarda. Negaki, bizda faqat nazariy bilim berilib, amaliyot ikkinchi darajaga tushib qolgan. Vaho­lanki, xorijning ko‘zga ko‘ringan universitetlarida talaba o‘qishga kirgan chog‘idayoq uning ko‘rsatkichlariga qarab ish joyi tayin bo‘ladi. Ya’ni universitet o‘z yo‘nalishidan kelib chiqib ishlab chiqaruvchilar, davlat idoralari bilan kadrlar yetkazib berish uchun shartnoma tuzadi. Shu bois, o‘sha universitetlarni tamomlagan yoshlar diplomini sandiqda saqlab, o‘zi xorijdan ish izlashga majbur bo‘lmaydi.
Xabaringiz bor, kollejlar o‘zini oqlamagach, maktablar 11 yillik tizimga qaytdi. Kollejlar o‘rnida kasb-hunar maktablari tashkil etilyapti. Ular qanchalik natija beradi yo bermaydi, bunisi bizga qorong‘i. Chunki biz hunar o‘rgatganimiz bilan shunga munosib ish o‘rni bo‘lmas ekan, buning naf berishi mushkul. Bu muammoning oldini ­olish uchun ishlab chiqarish kor­xonalarini keskin ko‘paytirish, ko‘rsatkichlar faqat hujjatdagi raqamlarda bo‘lmasligi lozim. Nima bo‘lganda ham bandlik masalasi bilan jiddiy shug‘ulla­nish kerak! Hammani Oliy ta’limga qamrab olishning imkoni yo‘q, albatta. Lekin kasb-hunar, muqim ish bilan ta’minlashning imkoni bor. Bu biroz vaqt va mablag‘ talab qiladi.

Lobar QODIROVA,
O‘zJOKU talabasi