Bugun  Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti Iqtisodiyot fakultetida “O’zbekinvest” eksport-import milliy sug‘urta kompaniyasi bilan hamkorlikda “O‘zbekistonda sug‘urta bozori va ta’limining bugungi holati, muammolari va rivojlanish istiqbollari” mavzuida ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.

Konferensiyada “O’zbekinvest” eksport-import milliy sug‘urta kompaniyasi Bosh direktorining birinchi o‘rinbosari Rustam Xalikov, Sug‘urta maktabi direktori Baxrom Komilov, Aktuar hisoblar va sug‘urta zaxiralarini shakllantirish departamenti katta menejeri Bahodir Shamsiddinov o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etishdi.

Konferensiyada Rossiya Federatsiyasi Hukumati qoshidagi Moliya universiteti professori Aleksandr Siganov onlayn tarzda “Первые итоги пандемии на рынке страховых услуг” mavzusidagi onlayn ma’ruzasi bilan qatnashdi.

Tadbirda oliy o‘quv muassasasi hamda sug‘urta kompaniyasining hamkorligini rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi. Ta’kidlanganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «O‘zbekiston Respublikasining sug‘urta bozorini isloh qilish va uning jadal rivojlanishini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida» 2019-yil 2-avgustdagi qarori, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 31-dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Sug‘urta bozorini rivojlantirish agentligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori sug‘urta bozori faoliyatini rivojlantirishda muhim huquqiy hujjat bo‘lmoqda.

Ma’lumki, Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti Iqtisodiyot fakultetining “O’zbekinvest” eksport-import milliy sug‘urta kompaniyasi bilan 2019-yilda imzolagan memorandumi doirasida ta’lim muassasasi talaba-yoshlari kompaniyada amaliyot jarayonlarini olib borishdi. Shuning bilan bir qatorda, bilimli va salohiyatli bitiruvchi yoshlar kompaniyada ishlash imkoniyatiga ham ega bo‘ldi.
Mazkur amaliy hamkorlikning davomi sifatida Iqtisodiyot fakultetida Innovatsion sug‘urta markazi tashkil etildi. Markazni ochishdan asosiy maqsad ham nazariya va amaliyot uyg‘unligini ta’minlash, markazda sug‘urta kompaniyasining tajribali mutaxassislari ishtirokida mahorat darslari, seminar-treninglar tashkil etish, sug‘urta faoliyatiga oid yangi huquqiy-me’yoriy hujjatlarni tahlil qilish, sug‘urta kompaniyalari yetakchi mutaxassislarining amaliy tajribalari bilan talaba-yoshlarni tanishtirish, ularning mazkur sug‘urta kompaniyalarida amaliyot jarayonlarini olib borishlari uchun yetarli shart-sharoitlar yaratish, shuning bilan bir qatorda, yetuk va salohiyatli, bilimli bitiruvchi-yoshlarni sug‘urta kompaniyalariga ishga taklif etish imkoniyatini yaratish ko‘zda tutilgan.
  “O’zbekinvest” eksport-import milliy sug‘urta kompaniyasining Sug‘urta maktabi direktori Baxrom Komilovning ta’kidlashicha, universitet hamkorligida tuzib olingan “Yo‘l xaritasi” doirasida mazkur markaz faoliyatini rivojlantirish istiqbollari belgilab olindi. O‘ylaymanki, mazkur markazda talaba-yoshlar sug‘urta bozoridagi so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘lishadi, bevosita aholining sug‘urta madaniyatini shakllantirish va rivojlantirishga o‘z hissasini qo‘shadigan mutaxassis bo‘lishadi.
  Konferensiyada sug‘urta bozorida faoliyat ko‘rsatadigan zamonaviy va salohiyatli, raqobatbardosh mutaxassislarni tayyorlash borasida Iqtisodiyot fakultetining professor-o‘qituvchilari tomonidan olib borilayotgan nazariy ishlar haqida ma’lumot berildi.  

O`zMU Axborot xizmat