Bugun hamma o‘zi bilan ovora. Ular g‘alati mahkumlar kabi qo‘lidagi matohga termuladi, keng dunyoga kichik ekran orqali boqadi. Telefon deb atalmish bu matohsiz bugunimizni tasavvur qila olmaymiz. Butun hayotimiz, faoliyatimiz u bilan bog‘liq. Ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlar nafaqat vaqtimizni, balki o‘zligimizni ham yo‘qotishga sabab bo‘lyapti.

Masalan, “Tik-tok”! Bu dastur pandemiyadan ham tez tarqaldi.
Davomiyligi 1 daqiqaga ham yetmaydigan qisqa vide­olar kunimizning kamida 3-4 soatini sezdirmay o‘g‘irlaydi. Tasvirlarni kuzatish, yaratish, “like” bosish yoki yig‘ishga oltinga teng umrimizni almashyapmiz.
Achinarlisi, kichik ilova katta muammolarni keltirib chiqar­moqda. To‘g‘ri, bu tasvirlar bir qarashda qiziq, jozibali, kayfiyatni ko‘taradigan bo‘lib ko‘rinadi. Ammo fikrlaydigan insonlar bu chiqishlarning ko‘pidan hafsalasi pir bo‘ladi. Eng yomoni “layk” yig‘ish, shu orqali pul topish ilinjida o‘zini tomdan tashlab mayib bo‘lganlar ham, ochiqchasiga onamni o‘ldiraman, deguvchilar ham topilyapti. Afsuski, “tik-toker”lar shon-shuhrat, mashhurlik va pul vasvasasida onasining yuziga tort uloqtirib, turli libos­larda xunuk qiliqlar: ahmoqona raqs, bekorchi “fokus”lar o‘ylab topmoqda.
Bu bilan yoshlarning endigina shakllanayotgan ma’naviy olami zarbaga uchrab, tuturiqsiz sahnalar go‘yoki, go‘zallik, madaniyat timsoli sifatida ularning ongiga salbiy ta’sir qilmoqda.
Yana bir masala, agar bayram qilaman desak, kun ham, sabab ham yetarlicha topiladi. Mukofotlaymiz desak, atrofda unga loyiqlar ham ko‘p. Sportning biror turi bo‘yicha jiddiy shug‘ulla­nib, kelajakda yurt bayrog‘ini ko‘klarga ko‘tarishni maqsad qilganlar, ilmiy kashfiyotidan nafaqat xalqi, butun dunyoni lol qoldirishni o‘ylab tinimsiz o‘qiyotganlar… eh-he, bu sanoqni uzoq davom ettirish mumkin.
Muhimi, kichik rag‘bat bilan ko‘p narsani o‘zgartirsa bo‘ladi. Ammo hamma gap rag‘batning kimga yoki nima maqsadda berilayotganiga bog‘liq. 2020-yil 23-dekabrda Toshkentda bo‘lib o‘tgan bayramni shahar hokimi
Jahongir Ortiqxo‘jayev ochib berdi va mukofotlarni egalariga topshirdi. Bayramlar, rag‘batlar, eng muhimi, e’tiborning mavjudligi yaxshi, ammo bular yosh olim, umidli sportchi, iqtidorli kashfiyotchilar uchun emas… “tik-tokchi”lar uchun!
“Ularni to‘g‘ri yo‘lga solsa, kerakli insonga aylanishi”, haqidagi bashorat esa yana qator savollarga sabab bo‘ldi. Nahotki, “To‘g‘ri yo‘lga” solish uchun qimmatbaho sovg‘a berish kerak bo‘lsa?!
12 ta “olamshumul” yo‘na­lishni o‘ylab topib, shular bo‘yicha mukofot topshirish ortidan ularga nima demoq­chimiz o‘zi? “Juda yaxshi, sizlardan bundan battarini kutamiz”, deganimi?
Bosh og‘ritib kitob o‘qigandan yoki sport bilan shug‘ulla­nib, xalqaro musobaqaga tayyorlangandan ko‘ra, “tik-tok”ka kir, obunachilaring sonini oshir va qarabsanki, shaxsan shahar hokimining qo‘lidan qimmatbaho sovg‘ani qabul qilib turibsan!
Bu senga bildirilgan yuksak ishonch, endi bu ishonchni oqlash uchun yangi smartfoningdan foydalanib, yana ham tuturiqsiz videolar yarat. Balki kelasi yil yangi “Spark” sohibiga aylanarsan?! Shundan so‘ng “Yosh kitobxon” degan tanlovning o‘rniga “Yosh tik-toker” loyihasini yaratishga hissa qo‘sharsan?
Bu “bayram”dan so‘ng kitobga emas, “tik-tok”ka ko‘proq vaqt ajratadiganlar safi kengaygan bo‘lishi haqiqatga yaqin. Shunday ekan ularni rag‘batlantirib to‘g‘ri yo‘lga solamiz, demasdan “tik-tok”ni bloklab qo‘ysak nima yo‘qotamiz? O‘ylashimcha, bu eng to‘g‘ri qaror bo‘ladi.
Siz-chi, bunga nima deysiz, aziz tengdoshim?!

Ziyoda RAHIMBOYEVA,
O‘zJOKU talabasi