O‘quvchi-kitobxon sifatida biz dunyo adabiyotini ko‘p o‘qiymiz. Jahonning eng mashhur yozuv­chilarining ism-shariflarini va qalbimizdan chuqur o‘rin olgan kitoblarining nomini to‘lqinlanib gapiramiz. U qaysi davrda va qay makonda yashab, ijod etgani­ning mutlaqo farqi yo‘q. O‘quv­chida ortiqcha savolga o‘rin qoldirmaslik uchun bu yerda gap faqat romanlar haqida ketayotganini aytib o‘tmoqchiman. Biroq nimagadir o‘zimizning dunyo ada­biyotidan hech qolishmaydigan boy adabiyotimiz borligini qayta va qayta aytishdan tiyilamiz. Qaysi yozuvchi va ­uning qaysi asarini aytmoqchisiz, degan savolingizga men Abdulla Qodiriy va uning “O‘tkan kunlar” asari deya javob bergan bo‘lar edim.

Bu kitob o‘zbek tilining naqadar boyligini, salohiyatini, uning jozibasini ko‘rsatib bera olgan birinchi yirik tarixiy asarligini ham yaxshi bilamiz. Yozuvchining o‘zi tilimiz haqida shunday deydi: “O‘zbek tili kambag‘al emas, balki o‘zbek tilini kambag‘al deguvchilarning o‘zi kambag‘al”. Abdulla Qodiriy o‘z e’tiqodiga sodiq qolgan holda o‘zbek tilining boshqa tillardan kam emasligini romandagi tasvirlar, obrazlar dialoglarida mohirlik bilan isbotlaydi. Asar shuhrat qozonishida, birinchi navbatda, til shirasi, so‘zlarning o‘z o‘rnida ishlatilgani hal qiluvchi omillardan biri bo‘lsa, ikkinchidan, davr muhitini yozuvchi puxta o‘rganganidir. Yana yozuvchi­ning so‘zlariga quloq tutamiz: “Yozuvchi turmushni har taraflama puxta o‘rganishi, buning uchun uning har sohalaridan xabardor bo‘lishi kerak”.
O‘zbek millatining o‘tmish taqdiri, kelajagi haqidagi tarixiy asar yana nimasi bilan shuhrat cho‘qqisiga chiqa oldi? Otabek va Kumushning uncha-muncha adabiyotlarda uchramaydigan samimiy va sof, otashin muhabbati bilanmi? Yoki muhabbat dardida ado bo‘lgan Zaynabning fojiasi bilanmi? Bermud uchburchagini eslatuvchi goho zavqli, goho mahzun manzaralar yordamidami?
Aslida yuzaki va faqat biryoq­lama qaralgandagina shunday. Biroq yozuvchi “Moziyga qaytib ish ko‘rib” nima demoqchi bo‘ladi-yu, uni kitobxon qanday qabul qiladi? Qodiriyning o‘zi bu asarni besh marta o‘qigan kitob­xongina yozuvchi nima demoqchi ekanini tushunishi, anglashi mumkinligini e’tirof etadi. Aslida ham shunday, chunki har safar qayta o‘qiganimdan so‘ng asarga munosabatim o‘zgara bordi. Nima uchun yozuv­chi o‘z asarini qish faslining qoq o‘rtasi, ya’ni dalv oyidan boshladi? Bu haqda O‘zbekiston xalq yozuvchisi Tohir Malik o‘zining “Ibrat maktabi” nomli maqolasida ham atroflicha fikr yuritgan. Men ham ustozning fikrlariga to‘liq qo‘shilgan holda uni o‘zimcha rivojlantirgim keldi…
Dalv qahraton qishning eng avjiga chiqqan nuqtasi – chil­laga to‘g‘ri keladi! Asar bahordan, yozdan, jilla qursa, kuzdan boshlansa bo‘lmasmidi? Javobini aytaman: bo‘lmasdi. Chunki yozuvchi asarning ruhiga, ya’ni davr ruhiga kitobxonni mos­lashtirmoqda. Yozuvchi kitob­xon asardagi voqealar aynan nima haqda ekanini tushunishini osonlashtirish maqsadida quyi­dagi jumlani juda mohirlik bilan ishlatadi… “qishki kunlarning biri, quyosh botqan, tevarakdan shom azoni eshitiladir”.
Aslida azon yana qay vaqtda aytiladi? Chaqaloq dunyoga kelgan vaqtda ham aytiladi-ku! Nima sababdan? Bu yorug‘ olam­ga endigina kelgan chaqaloq dunyoni teran anglashi, unga ochiq chehra va o‘tkir nigoh bilan qarashi uchun emasmi?! Yozuvchi ham xalqni shunga da’vat etmayaptimikin?! Xalqim nima sababdan shu ahvolga tushib qolding, ko‘zingni kattaroq och, birlash demayaptimikin?
Muallif kitobxonni qo‘lidan ushlab, voqealar girdobiga juda ustalik bilan olib kiradi va asar­ning asosiy qahramoni Marg‘ilonga “birinchi bor kelgan” Otabek bilan tanishtirishdan boshlaydi. O‘zbek xalqining asl farzandi qanday bo‘lganligi va bo‘lishi kerakligini “og‘ir tabiatlik, ulug‘ gavdalik, ko‘rkam va oq yuzlik, kelishgan qaro ko‘zlik” Otabek misolida ochib boradi. Bunda uning fahm-farosati, o‘tkir zehni, ota-ona oldidagi odobi, sevgi yo‘lidagi mardligi, jasorati, xalq tashvishi, o‘ylari haqidagi fikrlari, ilmi, bosiqligi yordamga keladi. Otabekning Hasanali haqida aytgan gaplari, Homid bilan dunyoqarashi boshqa-boshqaligi bosh qahramon haqida yozuvchi aytmoqchi bo‘lgan yuqoridagi g‘oyaga misoldir. Yozuvchining mohirligi shundaki, Otabek va Homid talqinida ikki toifadagi inson xarakteri ishonarli tarzda yoritib beriladi.
Homidning asl basharasi, o‘y-fikri, maqsadi voqea bayonida goh oshkora, goh pinhona ochib berilaveradi. Homid aslida kim? Xotinbozmi? Yoki ozodlik va hurlikni xush ko‘ruvchi, sami­miy muhabbat egasi, millat fido­yisi Otabekning dushmanimi? U millat dushmani, chirkin qiyofa ekanligi bir qarashda sezilmaydi. U o‘zining qabih niyatiga yetmoq istagida har qanday pastkashlik va yovuzlikdan qaytmaydi. Bunga birgina Otabekning Kumushga yozgan xatini o‘zgartirganligini aytishning o‘zi kifoya! Otabekni dor ostiga yetakla­gan, undan qutulish yo‘lida hech narsadan toymaydigan vijdonsiz, iblis, imonsiz Homidboyni yana kim deb atash mumkin? Otabek uni mardlarcha yengadi! Bu uning jasoratiga yorqin misol bo‘la oladi. Bu ishni kim qilgan bo‘lishi mumkin, degan savolga Otabekning do‘sti usta Alim shunday javob beradi.
“– Menga qolsa, – dedi usta Alim, – o‘ldiruvchi albatta Mirzakarim akaning kuyavi Otabekdir… zap ish qilgan-da, men unga qoyilman. Men uning O‘tabboy Qushbegiga qilg‘an muomala­sini eshitib, yuragiga bali degan edim… zap yigit ekan-da!”.
Otabekning sheryurak, ya’ni mardligini yozuvchi usta Alim tilidan shunday ifodalaydi:
“– Zap qilgansiz, Otabek, – dedi usta – yomonlarning jazosi shunday bo‘ladir… Yoningizda kishilaringiz bor edimi?
– Yo‘q.
Usta Alim Otabekka tushuna olmay qarab turgach, so‘radi:
– Uch dushmanga qarshi yolg‘iz o‘zingiz?
– Yolg‘iz o‘zim! Xudo yomong‘a jazo beraturg‘on bo‘lsa, shundoq bo‘lar ekan.
Usta Alim tamom ajabda qolg‘on edi:
– Subhonolloh! Qanday yura­gingiz bor ekan. Otabek!..”.
Nihoyat, adolat g‘alaba qozongandek tuyuladi. Biroq ikkinchi yovuz dushman paydo bo‘ladi. Yaxshilik va yomonlik romanda izma-iz bir birini quvib yuraveradi. Bunga birgina ayol – “endi o‘n sakkizga qadam bosqan… qora qiyiq qoshli, … sadaf kabi oq tishli, oy yuzli, bir malak” – Kumush sababchi! Yozuvchi Kumushning go‘zalligini, latofatini shu qadar e’zozlab tasvirlaydiki, beixtiyor ko‘z o‘ngingizda uning timsoli jonli tarzda gavdalanadi: “Ariqning musaffo tiniq suvi… o‘z ustida o‘tirgan sohiraning sehriga musaxxar bo‘lgan kabi tag‘i kattaroq bir doirada aylangach, ohistag‘ina ko‘prik ostig‘a oqib ketar edi… Uning yuzini o‘pib tushkan suv tomchilari bilan ariq harakatka kelib chayqaldi…”
Yozuvchining bu tasviri oldida o‘quvchi lol qoladi. Kumushning tabiat in’om etgan go‘zalligiga ishonadi va bu malaksiymoga beixtiyor muhabbati, ehtiromi oshadi…
Yozuvchi Kumushning odobini oddiy so‘zlar bilan ta’riflaganda balkim o‘quvchi uning oqila ayol, vafodor yor ekaniga unchalik ishonmasdi.
“– Ajab qilaman, – dedi Kumush va shapalog‘i bilan erining yuziga sekingina urib qo‘ydi.
– Bu yoqqa ham…
– U yoqqa Zaynab ursin…”.
Kumushning bu gapida qan­chalar ichki iztirob, sog‘inch, muhabbat, rashk va o‘zbek ayoligagina xos bo‘lgan ado­lat, ulug‘vorlik yashiringan. Buni zukko o‘quvchi, albatta, ilg‘ab oladi. Bu go‘zal malakning o‘limi oldidagi holati har bir kitobxonning qalbini, yuragini tilka-pora etishining sababi ham shunda deb o‘ylayman.
“Oyi… dada… – so‘ngra, – begim, – deb ingrandi… Erining yuziga yuzini qo‘ydi, uyalgansumon ko‘zini yumdi…”.
Oxirgi lahzasida ham ibosini yo‘qotmagan yuragi muhabbatga to‘la ayol obrazini yozuvchi shunday tasvirlaydi. Ortiqcha yig‘ilarsiz hamda baqiriq-qichqiriqlarsiz. Bu yerda yurak ich-ichidan yig‘laydi, xolos. Yozuvchi ham o‘zi yaratgan Kumushni “o‘ldirib” o‘zi yig‘lagani bejiz emasdir.
Kumush tirik qolsa bo‘lmasmidi? U Zaynabga nima yomonlik qilgan ediki, Zaynab uni zaharladi. Uni “loppos”, “pismiq”, “o‘nta so‘zga arang bitta javob qaytaradigan” “ming‘aymas” Zaynab zaharladimi? Yo‘q, albatta, yo‘q! Uni yozuvchi tasvirlagan chirkin hayot va shu hayotda o‘sib ulg‘aygan “ko‘zi o‘ynab, har sekundda o‘n yoqqa” alanglaydigan, o‘zining foydasi yo‘lida barcha narsalarni “yulib tashlaydi”gan, Homidga xos xususiyatga ega bo‘lgan, o‘ziga haddan tashqari bino qo‘ygan Xushro‘ybibi zaharladi. Zaynab esa ijrochi, xolos. Yuragi kinga to‘la Xushro‘y Zaynabning “esini kirgizib” ko‘zini ochadi va yovuz­lik tomon g‘oyatda ustalik bilan yetaklaydi.
Hayotda Xushro‘yga o‘xshagan makkoralar ko‘pligiga, ular pana-panada pisib ish bitirishlariga va o‘zlari tomoshabin sifatida bir chetda turishlariga yozuvchi ismlar yordamida ishora qiladi. Yozuvchi bu qiyofalar yuzini juda ustalik bilan o‘quv­chiga tanishtiradi. Bu kabi chirkin obrazlar uzviyligi dunyo adabi­yotida nazarimda kam uchraydi. Bal­kim, menga shunday tuyular. “Esi kirgan” Zaynabning ­fojiasi­ shundaki “vahshiy ko‘zlari bilan” singlisiga aql o‘rgatgan Xushro‘yning gapini o‘zicha tu­shunadi va yo‘naltiruvchi mudhish so‘zni qulog‘iga isirg‘adek taqib oladi. Zaynab oilada yashab qolish ilinjida, kundoshi – Kumushni o‘rtadan olib tashlash maqsadida atalaga zahar qo‘shib beradi. Yozuvchi bu holatni shunday mohirlik bilan tasvirlaydiki, dastlab bu ishni Zaynab qilganligi anglashilmaydi va faqat tabib kelgandan so‘nggina voqeaning aybdori oshkor bo‘ladi. Roman so‘ngida esa o‘z ishidan pushaymon bo‘lib, qabristonda tentirab yurgan Zaynabning ahvolini yozuvchi shunday ifodalaydi. “Ko‘laga yalingansumon unga yaqin yurib keldi…
– Kim bu?
– Men Kumush!..
Otabek tovush egasini tanidi. Bu majnuna Zaynab edi.
– Ket mundan!
– Men Kumush!.. – dedi yana Zaynab, ammo ketmay iloji qolmadi. Zeroki dunyodagi eng yaqin kishisi unga “ket!” amrini bergan edi… Otabek qaytib unga qaramadi, qabr yoniga tiz cho‘kdi”…
Otabek uni urmadi, lekin urgandan-da qattiqroq farmon berdi: ket! Uning ahvoliga achinmadi, unga qayrilib ham qaramadi. Otabek yovuz kuch qo‘lida o‘yinchoq bo‘lgan yovuzlik qurboniga shu tariqa oqilona jazo qo‘lladi. Dunyoda sevikli rafiqa bo‘lish istagida yongan ayol uchun bundan ortiqroq jazo bormi?
Adibning “zamon romanchiligi bilan tanishish yo‘lida kichkina bir tajriba, yana to‘g‘risi bir havas” bo‘lgan ushbu asari qardosh xalqlardan tashqari, rus, nemis, xitoy, ingliz, turk va boshqa tillarga tarjima qilingan, bu boradagi ishlar izchil davom etmoqda. Ayniqsa, adib tavalludining 125 yilligi arafasida Abdulla Qodiriy ijod maktabi va muzeyining ochi­lishi bilan har qancha faxrlansak arziydi. Chunki asrlar ardog‘idagi asar – “O‘tkan kunlar” romanini har bir o‘zbek kitobxoni, jilla qursa, bir marta o‘qib chiqsa, ma’naviyatimiz, merosimiz, tariximizning eng qora kunlari­dan xabardor bo‘ladi. O‘zligini anglagan avlod esa mustaqilligimizni asrab-avaylashiga, qad­riyatlarimizni yuksaltirishiga, dunyoda o‘zbek degan millat sha’ni va or-nomusini yanada baland ko‘tarishiga mas’uliyat va jo‘shqinlik bilan harakat qilishiga ishonaman. Zero, bugun zamon yoshlar qo‘lida. Ular o‘z vataniga sadoqatni so‘zsiz Abdulla Qodiriydan va uning romanlaridagi ijobiy obrazlardan olishlari qalbimizga o‘zgacha shukuh bag‘ishlaydi.

Bahrom AKBAROV