MENING HIKOYAM

“G-1
Chap qanot
149-xona
M.S.F.
1990
Sizni yaxshi ko‘raman!”.

Har safar jo‘natmalarimga shu so‘zlar yozilgan qog‘ozni yopishtiraman. Zangiota ko‘p tarmoqli yuqumli kasalliklar shifoxonasi darvozasi oldida men kabi jo‘natma ko‘tarib kelganlar ko‘p. Hamma qatori navbatga turdim. Jo‘natmalar asosan, meva-cheva, kiyim-­kechak va suvdan iborat. Shosha-pisha “tez yordam” mashinasida jon talvasasida kelgan bemorlar o‘zlariga kerakli narsalarni olishni unutgan, to‘g‘rirog‘i, xayoliga ham keltirmagan. Bir ayol shippak ko‘tarib olibdi. Balki o‘g‘liga, eriga yoki otasigadir. Bunisi menga noma’lum. Men esa har kuni turmush o‘rtog‘im uchun taom pishirib kelaman. To‘g‘ri, bu yerda ovqatga ehtiyoj yo‘q. Ammo ularga har kuni yegulik tayyorlab o‘rganib qolganman. Boshqa tayyorlab berolmay qolishdan qo‘rqib, har kuni kelaveraman. Kelaveraman! O‘zimni shu bilan ovutaman. Hammaning dardi bir: yaqinlari sog‘ayib ketsa, bo‘ldi. Nimadir kerak bo‘lsa, yerning tagidan bo‘lsa ham topib keltirishadi. Kelgan taksimda qaytib ketdim. Haydovchi meni yupatganday bo‘ldi:
“Yig‘lamang, qizim, tuzalib ketayotganlar ko‘p. Har kuni do‘xtirlarni ishga olib kelib qo‘yaman. Koronavirus deganlari insonlarning ishonchidan kuchli emas. Yaxshi niyat qiling!”…
Soat 02:00. Turmush o‘rtog‘imning nafasi siqa boshladi. Tez yordam chaqirdim. Bir zumda yetib kelishdi. Tish-tirnog‘igacha virusdan himoyalanib olgan shifokorlarni ko‘rib, qizim yig‘lay boshladi. Ulardan qo‘rqdi. Ammo ulg‘ayganida bu qo‘rquv o‘rnini ishonch egallashini hali bilmaydi.
Najotkorlar kelganini ko‘rib taskin topdim…

TURMUSH O‘RTOG‘IMNING HIKOYASI

Og‘ir ahvolda Zangiota ko‘p tarmoqli yuqumli kasalliklar shifoxonasiga olib ke­lishdi. Hech qachon bunday qattiq azob chekmaganman. Holatim: “Osmon to‘la havolar, faqat menga yetmaydi”, deydi-ku. Faqat menga yetmasa, mayli ediya, bu yerda men kabilar juda ko‘p ekan. Jonim bo‘g‘zimda turgandek, hozir o‘lib qoladigandekman. Tepamda Xudo, qarshimda shifokorlar. Boshqa hech kim yordam berolmaydi. Hatto juda qattiq yaxshi ko‘rsa­lar ham, jonlarini berishga tayyor bo‘lsalar ham. Xudo va shifokorlar. Boshqa hech kim yo‘q!
Oradan bir hafta o‘tdi. O‘lim bilan olishdim. Ammo bu oq xalatli farishtalar nechta insonning o‘limi bilan olishdi. Olishyapti. Endi ancha tuzukman. Nafas olishim yaxshilanyapti. Xonada uch kishi ekanmiz, endi e’tibor beribman. Qo‘shni palatadan ayol kishining faryodi eshitildi. Eri o‘tib qolgan chog‘i. Vahimaga tushmasligimiz uchun eshik­larni qulflab qo‘yishdi. Ammo hammamiz nima bo‘lganini yaxshi bilardik.
Birozdan keyin muolaja qilish uchun hamshira kirib keldi. Doimgidek yuzida tabassum. Ko‘tarinki kayfiyatda “Ha, azamatlar, qalaysiz? Ko‘rinishingiz zo‘r. Bu ketishda tez orada javob berib qolishadi”, dedi. Hayron qoldim. Yaqinginada bir bemor hayotdan ko‘z yumdi. Ammo hamshira…
Keyin o‘ylab qoldim. U bizning tushkunlikka tushmasligimiz uchun o‘zini xotirjam, shodon ko‘rsat­yapti. Aslida ichidan nima o‘tayotganini o‘zi biladi. Hamshiraning yuzida ikkita niqob bor edi. Birinchisi virusdan himoyalovchi tibbiy niqob, ikkinchisi esa yaxshi kayfiyatdagi, xursand inson niqobi. Demak, nafas olishga qiynalayotgan faqat biz emas, shifokorlarga ham ikkita niqob ostida nafas olish oson bo‘lmayapti…
Kelganimga o‘n ikki kun bo‘ldi. Menga javob berishdi. Allohga shukr! Shu o‘n ikki kun davomida ko‘p narsalar­ni angladim. Xulosam, yaxshiyam, shular bor! Rahmat sizga, jonkuyar shifokorlar!

YANA MENING HIKOYAM

Nega shifokorlar oq xalat kiyadi? Xalat dega­ni o‘zi nima? Xalat so‘zi arabcha “hil at” so‘zidan olingan bo‘lib “sharafli libos”, degan ma’noni ang­latadi. Oq xalatli insonni ko‘rsam, to‘xtatib rahmat aytadigan darajaga yetdim. Chunki bu sharafli libos egalari menga baxtimni, bolamga otasini qaytarib berdi. Tanasi boshqa dard bilmas deydilar. Ushbu hodisalar boshimdan o‘tmaguncha, baribir hech narsani to‘liq his qilmagan ekanman. Kasallanganlar soni, tuzalganlar soni va hokazo. Shunchaki o‘tib ketavergan ekanman. Endi kasallanganlar soni bittaga ortsa ham, yuragim achishib turadi. Chunki bilaman, shu bitta bemor uchun qancha shifokor zahmat chekadi, kechalari uxlamaydi, oilasi bilan ko‘rishmaydi. Nomini eshi­tib titraydigan joylarimizda shifokorlar ishlamoqda, yashamoqda. Hayotimning o‘n ikki kunini Allohdan shifo tilash bilan o‘tkazdim. Hayotimning o‘n ikki kunini shifokorlardan najot kutib o‘tkazdim…
Jo‘natmalarim uchun tayyorlagan qog‘ozlarimning bitta ortiqchasi bor ekan. O‘sha o‘n ikki kunni eslamaslik uchun qog‘ozni yirtib tashlamoqchi bo‘ldim. Ammo ko‘zim qiymadi. Asrab qo‘yishga qaror qildim. Toki yaxshi kunlarning qadriga yetib yashay:

“G-1
Chap qanot
149-xona
M.S.F.
1990
Sizni yaxshi ko‘raman!”.

Kumush ABDUSALOMOVA