Artur Konan Doylning “Labi tirtiq odam” hikoyasini o‘qiganmisiz?..
Chilonzor tumanida eski kitoblar do‘koni bor — bir dona kitob 5 ming so‘mdan. Menga o‘xshagan kitobxo‘r talabalar u yerga tez-tez borib turishadi.

Bir kuni Chexov bilan “gurung” qilib qaytayotganimda nogironlar aravachasida o‘tirgan 40-50 yoshlardagi odamga ko‘zim tushdi. Oyoqlari ishlamasligi sezilib turibdi, tizzasiga qo‘yib ketilayotgan pullarni cho‘ntagiga sololmayotganidan qo‘llari ham yaxshi harakatlanmasligini bilsa bo‘ladi. Pul berayotganlarga har xil tovushlar bilan javob qaytaryapti, rahmat aytyapti chog‘i. Aravachada o‘tirib, qiynalib bo‘lsa-da, yo‘lovchilarga, daraxtlarga, osmonga qaraydi.
Ichimda savollar paydo bo‘ldi: “Uni kim bu yerga qo‘yib ketgan, qachon olib ketishga keladi, anchadan buyon shu joyda bo‘lsa, qorni ochgandir, do‘kondan ul-bul olib bersammikan?”. Shunday xayolda oziq-ovqat do‘koniga yo‘naldim. Shu chog‘ men kirmoqchi bo‘lgan do‘kon egasi chiqib, atrofga nazar tashladi va 3-4 qadam uzoqlikda turib, aravachada o‘tirgan “nogiron”ga imo-ishoralar bilan gapirdi. Ne ko‘z bilan ko‘rayki, to‘lg‘anib, zo‘rg‘a o‘tirgan odam oyoqlari bilan yerni tepib, aravachasini orqaga harakatlantira boshladi. Odamlar gavjum ko‘chadan uzoqlashgani sari harakatlari tetiklashib bordi. Uylar orasiga o‘tib, ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi.
Ko‘z oldimda odamlarni laqillatayotganidan g‘azablandim, biroz kulgim ham qistadi…
“Labi tirtiq odam” hikoyasi qahramoni gazetada muxbir bo‘lib ishlaydi, bir kuni muharriridan tilanchilar haqida ocherk yozish topshirig‘ini oladi. Jurnalist zarur faktlarni yig‘ish maqsadida gadoylik qiyofasiga kiradi. Bir oz vaqt o‘tgandan keyin unga pul zarur bo‘lib qoladi va ko‘chada xayr so‘rab yuradi. 10 kunlik tushumdan so‘ng kasbini tashlab, tilanchilik qilib ketadi.
Muallif qahramonini labi tirtiq qilib tasvirlaydi. Labi tirtiq odam mohirlik bilan tilanchi roliga kiradi, hatto o‘z ayoli ham uni taniy olmaydi. Aravachada o‘tirgan odam ham shunchalik “iste’dodli” ekanki, uning aslida sog‘lom odam bo‘lishi mumkinligi xayolimga kelmabdi.
Ko‘cha-ko‘y, bozorlar atrofi, odam gavjum joylarda tilanchi-yu jismonan nosog‘lom odamlar ko‘payib boryapti. Ba’zilariga kiyimingga surkalib, g‘ashingga tegmasligi uchun, ba’zilariga rahming kelib himmat ko‘rsatasan. Nahotki, odamlar shunchalik boqimanda bo‘lib ketdi? Ular bu aybini qanday yuvadi ekan?!
To‘g‘ri, jismoniy imkoniyati cheklanganlarga barchaning yordam bergisi keladi. Afsuski, ba’zi “mohir aktyorlar” sabab ularga ham shubha bilan qarashga majbur bo‘ladi kishi. Jamiyatimizdagi “labi tirtiq odam”larga insof, aql va mehnat qilish uchun qunt bersin.

Shahribonu RAHMATOVA,
O‘zJOKU talabasi