Bugungi kun yoshlari telefon-u internetsiz hayotni tasavvur qila olmaydi. Bu ular uchun odatiy hayot tarzi. Ammo nari borsa, 10-15 yil avval aqlini tanigan avlod bir lahza ortga qayrilib, hayotimizni tahlil etsa, kechagi kunimiz bilan buguni­mizning naqadar katta farqi borligini aniq his etadi. Ha, dunyo so‘nggi o‘n yillikda misli ko‘rilmagan darajada o‘zgardi — globallashdi.
Insonlarni bir maydonda jamlagan internet ularning tillarini, qadriyat va madaniyatini umumlashtirib, aksar hollarda ularni yemirib, yo‘q qilib yubormoqda. Globallashuv UMUMINSONIY QADRIYAT­larni yo‘qqa chiqarib, qiyofasiz kimsalar safini kengaytirmoqda. Bunday vaziyatda har bir xalq o‘zligini saqlab qolishi, yoshlarini ma’naviyatli va ma’rifatli qilib ulg‘aytirishi har doimgidan ham dolzarb masala!
Albatta, taqiqlar bilan natijaga erishib bo‘lmaydi. Pand-nasihat ham o‘zini doim oqlayvermaydi. Demak, namuna bo‘lishimiz, yoshlarga to‘g‘ri yo‘l qaysi-yu egri yo‘ldan ketsa, ne bo‘lishini o‘zlari anglab olishiga imkon yaratishimiz kerak. Bunda yagona najot yo‘li MA’RIFATni – ­KITOBni targ‘ib etishdir. Shu ma’noda mamlakatimizda kitob­xonlikka katta e’tibor berilayotgani kishini quvontiradi.
Darhaqiqat, keyingi yillarda yurtimizda kitobxonlik madaniyatini oshirish borasida ko‘plab loyihalar amalga oshirilib, bu masala davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. Bu o‘z o‘rnida, mutolaa madaniyatini yanada yuksaltirish, yoshlarning ilmga qiziqishini oshirishga xizmat qilmoqda.
2020-yil 14-dekabrda hukumatning “2020 – 2025-yillarda kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash milliy dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan edi. Unga ko‘ra, 2021-yildan boshlab har yili aprel oyining birinchi haftasi “Kitobxonlik haftaligi” etib belgilandi. Kuni-kecha poytaxtimizdagi Yoshlar ijod saroyida “Kitobxonlik haftaligi” boshlandi. Yoshlar saroyining hovlisida yoshlarni bahoriy gullar va qator terilgan kitoblar qarshi oldi. Ma’rifat maydoniga aylangan bu joyda yigit-qizlar o‘zlarini qiziqtirgan kitoblarni qulay narxlarda sotib olish imkoni borligidan quvonib, ustozlari boshchiligida ko‘zga ko‘ringan ziyolilarimiz safini to‘ldirdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agent­ligi, Yozuvchilar uyushmasi, Yoshlar ishlari agentligi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutub­xonasi va boshqa tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan haftalik kitobsevar xalqimizning chinakam bayramiga aylanib ketdi.
Yurtimiz bo‘ylab keng quloch yozgan haftalikning ochilish marosimida Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktorining o‘rinbosari G‘ayrat Bozorov, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari Minhojiddin Hojimatov, Yoshlar ishlari agentligi direktori o‘rinbosari Dilnoza Kattaxonova, Yozuvchilar uyushmasi raisi o‘rinbosari G‘ayrat Majid va bir qator ziyolilar so‘z olib, mutolaaning ahamiyati, bu borada olib borilayotgan ishlar haqida to‘xtaldi.
– Ilm-fan rivojiga hissa qo‘shayotgan hurmatli ustoz­larimiz sa’y-harakati bilan bugun O‘zbekistonda yosh avlod mutolaa bilan mashg‘ul, – deydi YOshlar ishlari agentligi direktori o‘rinbosari ­Dilnoza Kattaxonova. — Bu yil “Yosh kitobxon” tanlovida 300 ming nafar yoshlar o‘z bilimini sinash uchun ishtirok etdi. ­Ishonchim komilki, ular 3 million tengdoshini bemalol ortidan ergashtira oladi. Darhaqiqat, yosh kitobxonlarimiz kun sayin katta kuchga aylanib boryapti. Negaki, ular kitob o‘qiydi, teran fikr yurita oladi, yon-atrofdagi voqeylikni tahlil qiladi va o‘zi­ning shaxsiy fikri, qarashlariga ega. Aynan shu yoshlar mamlakatimiz rivojiga munosib hissa qo‘sha oladi.
Kitobxonlik bayrami yurtimiz bo‘ylab keng quloch yoydi. Jumladan, Farg‘ona viloyati­dagi ­Ahmad Farg‘oniy nomidagi viloyat axborot-kutubxona markazida “Kitobxonlik haftaligi”ga start berildi. “Farg‘ona tajri­basi” sifatida viloyatning har bir mahallasida elektron kutubxona hamda “Ziyo” kitob maskanlari barpo etilayotgani ma’lum qilindi. “Kitobxonlik haftaligi” davomida yoshlarda kitobga qizi­qishni uyg‘otishga qaratilgan mashg‘ulotlar o‘tkaziladi. Vodiy viloyatlari yoshlari o‘rtasida kitobxonlik tanlovi, kutubxonachilar uchun mahorat saboqlari, noshirlik salohiyati namoyishi va boshqa turli sohaviy tadbirlar, ma’naviy-ma’rifiy uchrashuvlar tashkil etiladi. Yana bir muhim jihat, viloyatdagi har bir korxona va tashkilot rahbari haftalik doirasida o‘zi o‘qigan maktabga kitob sovg‘a qilish aksiyasi ham o‘tkaziladi.
Shuningdek, adib Sobir Termiziy nomidagi Surxon­daryo viloyati axborot-kutub­xona markazida ham yosh kitob­xonlar va oliy ta’lim muassasalari talabalari ishtirokida haftalikning ochilishiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi. Tadbir davomida viloyatning barcha hududlarida madaniy-ma’rifiy tadbirlar, aksiyalar o‘tkazilishi ta’kidlab o‘tildi.
Yana bir ahamiyatli jihat, kitobxonlik haftaligining ochilishida yurtimizning turli hududlari bilan masofaviy bog‘lanish imkoni yaratildi.
— Farg‘onada katta kitob bayrami bo‘lyapti, — deydi shoira Enaxon Siddiqova. — Mahallalarda kitobxonlik targ‘iboti kuchaytirilmoqda, lekin bu bilan to‘xtab qolishimiz kerak emas. Ziyolilar har kuni, har soniyada xalqimizning, ayniqsa, yoshlarimizning ko‘ng­liga yo‘l topib ma’rifatga, ma’naviyatga chorlashi kerak. Hozirgidek, globallashuv shiddatli tus olayotgan vaqtda bu bizning eng oliy maqsadimizga, kundalik vazifamizga aylanishi zarur. Boshlangan haftalik ana shu ishlarimizning debochasidir.
Tadbirning asosiy ochi­lish marosimidan so‘ng o‘quv­chi-yoshlar va ziyolilarimiz ishtirokida Alisher Navoiy bobomizning 580 yilligiga bag‘ishlab kitoblar taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Unda Navoiy asarlari va ijodi haqida chop etilgan eng so‘nggi nashrlar, buyuk ajdodimizning boy merosi haqida fikr almashildi. Navoiy ijodidan namunalar o‘qib bergan yoshlarga tashkilotchilar tomonidan esdalik sovg‘alar — kitoblar jamlanmasi taqdim etildi.
Tadbir doirasida “Yosh kitob­xon” tanlovining 10-14 yosh toifasi bo‘yicha respublika bosqichi g‘oliblarini taqdirlash marosimi ham bo‘lib o‘tdi. Hakamlar hay’ati tomonidan eng bilimlilar orasidan tanlab olingan farg‘onalik yosh kitobxon Muhammadfozil Ismoilov 1-o‘ringa, qoraqalpog‘istonlik Aynura Alimjanova 2-o‘ringa va xorazmlik Javohir Karimov 3-o‘ringa munosib ko‘rildi.
— Tanlovda juda ko‘p do‘stlar orttirdim. Kamchiliklarimni o‘rganib, bilimlarimni mustahkamlab oldim, — deydi Muhammadfozil Ismoilov. — Buning uchun O‘zbekiston tumani 50-umumta’lim maktabidagi ustozlarimga, ota-onamga rahmat aytaman. Maqsadim faqat bitta mashina emas, kelajakda fan olimpiadalarida g‘olib bo‘lib Harvard universitetining talabasi bo‘lmoqchiman. Ota-onam va ustozlarim o‘rgatganidek, bugun oldimga katta maqsadlarni qo‘yib, shunga yarasha harakat qilsam, ertaga, albatta, xalqimizga kerakli shaxs bo‘lib yetishaman.
Tadbirda e’tirof etilganiday bu yilgi bahor ma’naviy yuksa­lish, yangilanish bahori sifatida mamlakatimiz tarixida alohida o‘rin egallaydi. Zero, haftalik doirasida bir qator ma’rifiy tadbirlarni o‘tkazish ko‘zda tutilgan. Jumladan, davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan so‘z san’ati fidoyilari Abdulla Oripov, O‘tkir Hoshimov, atoqli san’atkor Botir Zokirov tavallud sanalari keng nishonlanmoqda. Shuningdek, 10-aprelga qadar davom etadigan haftalikda taqdimot, muloqot, uchrashuv, davra suhbatlari, mahallalarga maxsus bibliobuslar vositasida kitob taqdim etish tadbirlari va boshqa ko‘plab qiziqarli loyihalar o‘tkaziladi. Bu yoshlarning kelgusi taqdirini belgilab beruvchi va vatan taraqqiyoti uchun xizmat qiladigan avlod tarbiyasida muhim ahamiyat kasb etishi shubhasiz.

Ravshan NURIDDIN