Inson salomatligi, normal hayot kechirishi va faoliyati uchun zarur bo‘lgan asosiy faktorlardan biri yaxshi va sifatli ovqatlanishdir.
Lekin yaxshi va sifatli ovqatlanishni hamma bir xil to‘g‘ri tushuna­vermaydi. Nima uchundir ko‘pchilik iloji boricha kundalik ovqat tarkibini asosan oqsil (go‘sht va go‘sht mahsulotlari), yog‘ hamda uglevodlar (xamirli taomlar) dan tuzishga harakat qiladi. Ayni vaqtda organizm uchun zarur va foydali ovqatlanishning asosiy shartlaridan biri bo‘lgan sabzavot va ho‘l mevalarga yetarli ahamiyat berilmaydi. Sifatli va to‘g‘ri ovqatlanishni sabzavotsiz, meva va ziravor o‘simliklarsiz tasavvur qilish qiyin.
Organizm uchun foydali mahsulotlardan yana biri bu soyadir. Biroq undan shu paytgacha chorvachilik yo‘nalishida foydalanyapmiz, xolos. Vaholanki, u 50 turdan ortiq oziq-ovqat mahsulotiga asos bo‘la oladi.
O‘z izlanishlarimni amalda sinab ko‘rgan holda ushbu o‘simlikdan bir necha turdagi mahsulot ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ydim. Soya ovqatda ko‘p ishlatiladigan, to‘yimli hamda juda foydali o‘simlik. Urug‘idan un va yorma qilinadi, moy va oqsil olinadi. Bu mahsulotdan sut, tvorog, sirok, kolbasa, non, pechene, keks, konfet, shokolad, kofe, turli souslar, konservalar, makaron va boshqa oziq-ovqat mahsulotlari tayyorlashda foydalaniladi. Dumbul holidagi dukkaklaridan tayyorlangan konserva juda foydali, to‘yimli va juda yoqimli mahsulotdir.
Soya urug‘idan tayyorlangan sut ozuqaliligi va to‘yimliligi, organizmda hazm bo‘lishi, fizik xossalari va ko‘rinishi bo‘yicha sigir sutidan farq qilmaydi. Uni me’da yara kasalligida, me’da shirasi ko‘p ajralish (gipersekretsiya) hollarida, qorin tifi, og‘ir (keskin) o‘tadigan va surunkali yuqumli kasalliklarda iste’mol qilish tavsiya etiladi. Me’daning gipersekretsiyasida soya suti sigir sutidan ko‘proq foydali ekan. Chunki u me’da shira­sining nisbatan kamroq ajra­lishiga olib keladi. Soya suti va undan olingan boshqa sut mahsulotlari hamda urug‘ uni (soya uni) qand (diabet) kasalligini davolashda ishlatiladi.
Soyadan olingan sut mahsulotining kaloriyasi sigirnikiga nisbatan ikki barobar yuqori. Dunyo miqyosida olib qaraydigan bo‘lsak, ayrim mamlakatlarda u XIX asrdan buyon ishlab chiqarilmoqda. Ayniqsa, Xitoy, Yaponiya, AQSh kabi davlatlarda kundalik ehtiyoj mahsuloti tarkibiga kiritilgan. Uning iste’moli qandli diabet, asab tizimi, qon aylanishi, ortiqcha vazndan xalos bo‘lish va uning oldini olish, oshqozon, ichak faoliyatini yaxshilashda foyda beradi. Soya sutidan pishloq, qatiq, qay-
moq kabilarni ishlab chiqa­rish mumkin.
AQShda soya sutining bir litri 90 dollarga teng. Agar uni O‘zbekiston sharoitida ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilsa, tan narxi 5 ming so‘mdan 10 ming so‘mgacha bo‘lgan miqdorni tashkil etadi.
Soyadan, shuningdek, tibbiyot va farmatsevtikada qo‘llash mumkin bo‘lgan spirt mahsulotini ajratib olishga erishdim. Soya suti qo‘shilgan undan tayyorlangan non bir haftadan ortiq muddatda ham qotmasligi, suvi qochmasligi va mog‘or bosmasligini amaliyotda sinab ko‘rdim. Soya donidan tayyorlangan kofe esa biz iste’mol qilayotgan kofedan tubdan farq qilishi bilan ahamiyatlidir. Masa­lan, kofe aksariyat iste’molchilarda qon bosimining ortishiga sabab bo‘ladi. Soya donidan tayyorlangan mahsulot esa qon bosimini me’yorlashtirib turuvchi vosita hamdir.
Soyani qayta ishlash natijasida hech qanday chiqindi yuzaga kelmaydi va uning har bir kilogramidan 150-200 ming so‘m sof foyda olish mumkin.
Soyadan tayyorlangan ichimlik sutli mahsulotlarga allergiyasi bor odamlar uchun ajoyib yechimdir. Chunki u sutning o‘rnini bosa oladi.

Jahongir MAMADALIYEV,
Andijon qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar instituti talabasi