“Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartirishlar kiritish haqidagi qonun loyihasining jamoatchilik muhokamasiga havola etilishi bu boradagi muammoning yechimi topilishiga olib keladi.
Loyiha bilan tanishib chiqqach, u haqida ayrim fikr-mulohazalarimni bildirishni lozim topdim. Men ham to‘rt yil avval tilshunos-mutaxassis sifatida alifbomizni isloh qilish ustida faoliyat ko‘rsatayotgan ishchi guruhi e’tiboriga o‘z takliflarimni taqdim etgan edim. Qonun loyihasi muhokama uchun e’lon qilinganligi munosabati bilan yana bir bor ushbu loyihaga tayangan holda o‘z fikr-mulohazalarim – takliflarimni o‘rtaga tashlamoqchiman.
Ba’zi yurtdoshlarimiz mustaqilligimizning dastlabki yillarida – 1993-yil “Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risida”gi va ikki yildan so‘ng mazkur alifboni yanada takomillashtirish bo‘yicha qabul qilingan qonunlarni “puxta o‘ylanmagan” deb baholamoqdalar. Bu fikr unchalik to‘g‘ri emas. 1993-yil qabul qilingan “Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risida”gi qonun ham, tasdiqlangan alifbo ham puxta o‘ylab ishlab chiqilganligini hayotning o‘zi isbotlab turibdi. Buni keng tushuntirib o‘tirishga hojat yo‘q deb o‘ylayman.
Ammo o‘ttiz yildan beri “Davlat tili haqida” hamda yangi alifboni joriy etish to‘g‘risidagi qonunlarni amalga to‘liq tatbiq eta olmayotganligimizning asosiy sababi yangi alifbomizning nomukammalligidandir. Mazkur qonunlar ijrosini to‘liq ta’minlash uchun, avvalo, davlat tilini o‘rganish, o‘rgatish, o‘qitish, hujjatlarni tom ma’nodagi savodxonlik bilan yuritish uchun mukammal, yagona o‘zbek alifbosini yaratish va amalga joriy etish lozim edi. Mamlakat doirasida hamma bitta alifboda va u asosida ishlab chiqilgan imlo qoidalariga tayanib ish yuritishga o‘tish kerak edi. Bizda, avval boshdanoq, yangi alifboni o‘rganish va amalga tatbiq etish borasida qat’iyatlilik talab etilmaganligi sababli yangi alifboda savod chiqargan yoshlar bugungi kunda yangi o‘zbek alifbosida, keksa avlod vakillari kirill yozuvi asosidagi alifboda, o‘rta avlod esa har ikkalasida ish olib boryapti. Taassufki, qariyb o‘ttiz yildan beri alifboni joriy etish bo‘yicha qat’iy bir qarorga kelinmadi.
Aslida amalga tatbiq etilayotgan yangi alifbo biz uchun mutlaqo yangi bir alifbo emas edi. Chunki bu alifbodan xalqimiz 1929-yildan 1940-yil sentabr oyigacha o‘n yildan ortiqroq muddat foydalangan. O‘sha alifboning tarkibi quyidagicha edi: Aa(o), Bb, Cs(che), Çç(dj), Dd, Ee(e), Әә(a), Ff, Gg, Ƣƣ(g‘e), Hh, Ii, Jj(y), Kk, Ll, Mm, Nn, Ŋŋ(ng), Oo(o‘), Pr, Qq, Rr, Ss, Şş(sh), Tt, Uu, Vv, Xx, Z z, Ƶ ƶ(j).
Mazkur alifboda 30 ta harf bo‘lib, ularning 6 tasi unli: Aa(o), Ee(e), Әә(a), Ii(i), Oo(o‘), Uu(u) va qolgan 24 tasi undosh tovushlarni ifodalash uchun xizmat qilgan. Bu alifbodagi 10 ta harf hozir qo‘llanilayotgan harflarimizdan shakl jihatidan biroz farq qiladi: Aa(o), Cs(che), Çç(dj-jo‘ja), Әә(a), Ƣƣ(g‘e), Jj(y), Ŋŋ(ng), Oo(o‘), Şş(sh), Ƶ ƶ(j-jurnal).
Loyihada e’lon qilingan “O‘o‘” harfining – “Ŏŏ” , “G‘g‘” harfining – “Ğğ” , “Shsh” harfining – “Şş” va “Chch” harfining “Çç” tarzidagi yangi shaklini qo‘llab-quvvatlash lozim, ularning yangicha ko‘rinishiga e’tiroz yo‘q. Ammo tutuq belgisi va “Ng ng” harflar birikmasining alifbo sirasida saqlanib qolishiga jiddiy e’tirozimiz bor.
Ma’lumki, tutuq belgisi tovush ifodalamaganligi uchun 1995-yil 6-mayda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining “Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risida”gi qonuniga o‘zgartishlar kiritish haqida”gi qonuniga asosan lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosi tarkibidan chiqarilib, imlo qoidalari doirasida o‘rganiladigan bo‘ldi. Shuning uchun uni alifbo tarkibidagi harflar sirasiga qo‘shish shart emas.
Agar “Ng ng” harflar birikmasi o‘rniga alohida bitta shaklli harf olinmaydigan bo‘lsa, bu harflar birikmasini ham alifbo sirasidan chiqarish kerak. Nega? Chunki, yangi alifbomizga mustaqil undosh tovush ifodalovchi Nn va Gg harflari bilan bir qatorda, o‘zbek tilining o‘ziga xos burun tovushini ifodalovchi Ng ng harflar birikmasining ham “adashib” kirib qolganligi tilimizni o‘rganuvchilarni ham, maktab o‘quvchilarini ham chalg‘itib kelyapti. Yozuvda so‘zlar tarkibidagi ng harflar birikmasini har ikkalasi mustaqil holda, alohida [n] va [g] undosh tovushlarini ifodalovchi n va g harflaridan farqlashning hech ham imkoni yo‘q. Chunki ular shakl jihatidan bir xildir. Masalan, quyidagi so‘zlarda ma’no farqlash uchun xizmat qiladigan ng harflar birikmasi bilan yoziladigan burun tovushli so‘zlarni alohida n va g tovushni ifodalovchi harflar bilan yoziladigan so‘zlardan talaffuz etish orqali ularni bir-biridan farqlashning hech ham iloji yo‘q. Marhamat, ularni yozuvda farqlab ko‘ring: tanga (mayda, chaqa pul) – tanga (tanaga, gavdaga), ko‘ngil (yurak, qalb) – ko‘ngil (rozi bo‘l), tongin (tong paytini) – tongin (inkor et), singil (qiz qarindosh) – singil (sinish), to‘ngimoq (sovqotmoq, muzlamoq) – tungi (tun paytidagi), o‘ngimoq (rangi o‘chmoq, eskirmoq) – o‘nga (o‘n soniga) – o‘ngga (o‘ng tarafga), engil (ust-bosh) – engil (pastga tush) va hokazo.
Xo‘sh, bu so‘zlarning qaysi biri ng burun tovushini ifodalovchi harflar birikmasi bilan, qaysilari n va g mustaqil harflari bilan yozilgan?! Vaholanki, tilimizda bunday so‘zlar juda-juda ko‘p. Ular yozuvda ng burun tovushini ifodalovchi harflar birikmasi hamda n va g mustaqil harflari bilan bir xil shakllarda beriladiki, bunday so‘zlarning qaysi birida ng harflar birikmasi, qaysi birida esa har biri bir mustaqil undosh tovushni ifodalovchi alohida harf ekanligini farqlab bo‘lmaydi. Ular yozuvda shakl jihatidan farqlanmasa, talaffuzda qanday farqlash mumkin? Ammo bu tovushlar nutqimizda yaqqol farqlanadi, so‘zga boshqa ma’no, jarang va jilo beradi, so‘zlovchi va tinglovchi talaffuzdagi ana shu farqlilikka qarab ularni o‘z o‘rnida qo‘llayveradi. Afsuski, buni farqlay olmaydigan o‘quvchilar, talabalargina emas, ayrim teleradio boshlovchilari, suxandon va jurnalistlar ham [ng] burun tovushini alohida [n] va [g] undosh tovushlari kabi qo‘pol urg‘u bilan akan-giz, maqsadin-giz, istagin-giz va hokazo tarzda noto‘g‘ri talaffuz etib kelishmoqda. Bu so‘zlar aka-ngiz, maqsadi-ngiz, istagi-ngiz, bola-chaqa-ngiz, ko‘ngli-ngiz tarzida muloyim, ohangdor talaffuz etilishi lozim. Agar yangi alifbomizda [ng] burun tovushini ifodalovchi alohida Ŋŋ harfi olinsa, bu muammo o‘z-o‘zidan bartaraf bo‘lar edi. Loyihada taklif etilayotgan alifbomiz quyidagi tartib va tarkibda berilgan:
Agar taklif etilayotgan ushbu alifbo sirasidan “Ngng” harflar birikmasi va tutuq belgisi chiqarilsa, 28 ta, agar shu harflar birikmasi o‘rniga bitta shaklli Ŋŋ belgisi olinsa, 29 ta harf qoladi. Alifbo tarkibiga tilimizga baynalmilal so‘zlar tarkibida o‘zlashgan [s] undosh tovushini ifodalovchi “Cc” belgisi ham kiritilsa, ma’qul bo‘lar edi.
“Cc” harfini alifbomizga kiritish bilan biz, birinchidan, tilimizga taraqqiy etgan dunyo tillaridan o‘zlashgan shunday tovushli yuzlab so‘zlarni yozishda va talaffuz etishda bir xillikka erishar edik, ikkinchi tomondan, alifbomiz tarkibi ham dunyo tillarida qo‘llanilayotgan, kompyuter va boshqa yozuv texnikalarida mavjud standart 30 ta harf bilan mukammallik kashf etib, quyidagicha ko‘rinish olar edi: Aa, Bb, Cc, Dd, Ee, Ff, Gg, Hh, Ii, Jj, Kk, Ll, Mm, Nn, Oo, Pp, Qq, Rr, Ss, Tt, Uu, Vv, Xx, Yy, Zz, Ŏŏ, Ğğ, Şş, Çç, Ŋŋ (imlo qoidalari asosida o‘rganiladigan ʼ – tutuq belgisi alifbo sirasida berilmaydi).
Yangi alifbomizda ikkita harfning ortiqcha yoki kamligi tilimizni o‘rganuvchi boshqa millat vakillariga ham, maktab o‘quvchilariga ham unchalik katta qiyinchilik tug‘dirmaydi. Aksincha, bunday tovushli baynalmilal so‘zlarni bexato yozishga va talaffuz etishga asos bo‘ladi. Axir 20 mingga yaqin iyerogliflar bilan yaponlar, 40 mingga yaqin iyerogliflar bilan xitoyliklar dunyoning ilg‘or ilm-fanini egallabgina qolmasdan, zamonaviy elektrotexnika, turli betakror sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish va boshqa ko‘plab sohalarda ilgarilab ketishlariga necha ming yillik tarixga ega murakkab yozuvlari zarracha halaqit berayotgani yo‘q.
Biz ham oldimizda turgan eng muhim – yangi alifbomizni takomillashtirish muammosi mohiyatini to‘g‘ri tushunib, ortiqcha ehtirosli bahslarga berilmasdan, yozuvimiz va imlomizni – alifbomiz va imlo qoidalarimizni mukammallashtirib, ulardagi kamchiliklarni bartaraf eta olsak, birinchi galda, tilimiz taraqqiyotiga katta yo‘l ochamiz, qolaversa, yoshlarimizning, butun xalqimizning savodxon bo‘lishiga, tilimizni o‘rganayotgan boshqa millat va elat vakillariga katta yengillik yaratishga erishamiz. Alifbomizni mukammal holga keltirmas ekanmiz, uning yangi imlo qoidalarini takomillashtirish, “Davlat tili haqida”gi hamda “Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risida”gi qonunlarning ijrosini to‘liq ta’minlashga erishish bo‘yicha bahs yuritishning o‘zi ham ortiqchadir.

Mardon BOLTAYEV,
SamDU dotsenti.
O‘zA