Ilm-ma’rifat — insonni kamolotga yetaklovchi, unga najot beruvchi buyuk ne’mat. Imom Buxoriy bundan o‘n ikki asr oldin ta’kidlaganidek, “Dunyoda ilmdan boshqa najot yo‘q va bo‘lmagay”.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan yurtimizdagi barcha ta’lim muassasalarida “Jaholatga qarshi ma’rifat” shiori ostida seminarlar hamda “Ilmdan boshqa najot yo‘q va bo‘lmagay” mavzusida olimlar bilan uchrashuvlar o‘tkazilmoqda. Mazkur tadbirlar zamirida oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan yoshlar orasida jaholat va ilmsizlik g‘oyalariga berilishining oldini olish hamda ularni ilm-fan va kasb-hunarga qiziqtirish kabi xayrli maqsadlar yotibdi.
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida ham shunday davra suhbati tashkil etildi. Anjumanda Akademiyaning Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Zohidjon Islomov, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Davronbek Maxsudov, professor-o‘qituvchilar, yosh tadqiqotchilar, doktorantlar hamda talabalar ishtirok etdi.

Davra suhbatini so‘z olganlar dunyoda ilmsizlik va jaholat oqibatida yuzaga kelayotgan ekstremizm va terrorizm barchani tashvishga solib kelayotganini qayd etdi. Buning oldini olish uchun yoshlarni ilm-ma’rifatli qilish, ularni komil inson qilib tarbiyalash dolzarb vazifa ekani ta’kidlandi.
– Bugungi kunda ilm-ma’rifat orqali jaholatga qarshi kurash dolzarb vazifaga aylandi, – deydi Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Davronbek Maxsudov. – Davlatimiz rahbari tomonidan yurtimizda ilm-ma’rifatni yuksaltirish asosida Uchinchi Renessansga poydevor qo‘yish maqsadida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Bu boradi eng avvalo, ta’lim-tarbiya tizimida tub islohotlar amalga oshirilmoqda.
Davra suhbatida Akademiyada saboq olayotgan yosh tadqiqotchilar, doktorantlar va talabalarga bilim olishda yanada tashabbus ko‘rsatishlari kerakligi qayd etildi. Akademiya ilmiy salohiyatini yanada rivojlantirish bo‘yicha talab va takliflar tinglandi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi
Matbuot xizmati