Avval xabar berganimizdek, O‘zbekiston Milliy universiteti bugungi kunga kelib maqsadli kadrlar tayyorlash va maktab o‘quvchilarning imkoniyat  va qiziqishlaridan kelib chiqib, ularni sohaga yo‘naltirish bo‘yicha qator tizimli ishlarni rejalashtirgan. Jumladan, OTM biriktirilgan tuman maktablarida ham yoshlarni universitetdagi mavjud yo‘nalishlar bilan tanishtirish va ularni kelgusida kasb tanlashlari uchun yetarli axborot berish uchun ochiq muloqotlar, mahorat darslari tashkil qilinmoqda.

Joriy yilning 14-aprel kuni Toshkent shahar Yashnobod tumanidagi 61-sonli umumta’lim maktabida mazkur tumanning 23 va 227-sonli umumta’lim maktablari bitiruvchi sinf o‘quvchilari va maktab o‘qituvchilari bilan Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti vakillari ishtirokida  “Maktab va oliy ta’lim muassasasi integratsiyasi” shiori ostida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda O‘zbekiston Milliy universiteti rahbariyati, pedagogika va psixologiya kafedrasi professor-o‘qituvchilari ishtirok etishdi. Maktab bitiruvchilariga universitet tarixi, ta’lim jarayonlari,  yo‘nalishlari hamda talabalar hayotida aks etgan o‘zbek va rus tillarida videoroliklar namoyish etildi. Bitiruvchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilishdi. Shuningdek, universitet professor-o‘qituvchilari tomonidan umumta’lim maktab o‘qituvchilari uchun zamonaviy pedagogik texnologiyalar va amaliy psixologiya fanlaridan mahorat darslari (master-klasslar)  tashkil etildi.

O‘zMU Axborot xizmati