Doniyor ASLANOV,
“Mr.Aslanov” o‘quv markazi asoschisi:

— Til o‘rganishga qiziqishim bolaligimda paydo bo‘lgan. Hali maktabga ham chiqmagan kezlarim inglizcha so‘zlarni bilardim. Onam ingliz tili o‘qituvchisi bo‘lgani uchun boshlang‘ich ko‘nikmalarni bergan. Maktabda ustozlarimning “yaxshi bilasan” degan so‘zlari meni yanada ruhlantirar edi.
Maktabni tamomlaganimdan so‘ng men uchun eng sinovli davr boshlandi. Nufuzli bilim yurtlaridan biri — O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetiga hujjat topshirib, kira olmadim. Lekin har yomonning bir yaxshisi bor — bu yillar menga sohani chuqur o‘rganishim uchun imkon berdi. O‘sha vaqtlarda uydan pul olgim kelmasdi. Shu bois abituriyentlarni ingliz tilidan tayyorlaydigan ustozga shogird tushdim. Ustozim tajribasini o‘rganish asnosida o‘zim ham o‘quvchilarga dars bera boshladim. Abituriyentlarning natijalari yaxshilanib borayotgani menga rag‘bat bo‘ldi. Asta-sekin ustozlik maqomiga ko‘tarila boshladim. Birinchi maoshimga 40 ming so‘m olgandim. Nihoyat 2014-yilda universitetga qabul qilindim. Bu mening maqsadlarim sari qo‘yilgan ilk qadam edi.
Orzular ro‘yobi sizni undan-da katta marralar sari yetaklar ekan. Keyinchalik o‘zimning o‘quv markazimni ochish istagi paydo bo‘ldi va kichikroq o‘vuq markazini tashkil etdim. Lekin noto‘g‘ri hisob-kitob va tajribasizligim pand berib, bankrot bo‘ldim. Bu mening shashtimni qaytarmadi. Faqat intilish va o‘rganish sabab natijaga erishish mumkinligini bilganim uchun 2016-yilda hozirgi “Mr.Aslanov” nomidagi ikkinchi o‘quv markazini ishga tushirdik. Aynan mana shunda nom, brend katta rol o‘ynashini bildim. Universitet darslari hamda markazdagi ishlarni birga olib borishning o‘ziga yarasha qiyinchligi ham bor edi.
Ish faoliyatim davomida yuzlab o‘quvchilarimiz universitetlarda talaba bo‘ldi. Mana shu mening eng katta yutuqlarimdan biri deb hisoblayman. Yana bir quvonarli jihat shundaki, hozirgi kungacha tayyorlagan o‘quvchilarimizning 20 foizi viloyatlar bo‘ylab o‘z o‘quv markazlarini ochgan.
Qo‘lga kiritgan eng katta yutuqlarimdan biri — otamga mashina sovg‘a qilganim. Dadam “06” “Jiguli”da taksichilik qilar edi. Bir kuni yo‘lovchilardan biri eski mashinaga chiqishni istamaydi. Bu albatta, dadamning dilini og‘ritgan edi. Buni eshitib ko‘zimga yosh keldi va: “Dada, ozroq sabr qiling, o‘zim sizga yangi mashina olib beraman”, deb ahd qilgan edim. Xudo qo‘llab, 2018-yilda dadamga “Lasetti” olib berishga muvaffaq bo‘ldim.
O‘tgan 2020-yil bahorda boshlangan pandemiya faoliyatimizda noqulayliklarni keltirib chiqardi. Lekin biz irodamizni ishga solib, faoliyatimizni masofaviy shaklda davom ettirdik. Bu vaqtdagi daromadim o‘rtacha hisobda oyiga o‘n million so‘mni tashkil etdi. Darslar masofadan bo‘lishiga qaramay o‘quvchilar sifatli ta’lim oldi, deb ayta olaman. Chunki o‘sha abituriyentlarning aksari universitetlarga kirdi. Hozir ham masofaviy, ham an’anaviy shaklda mashg‘ulotlar olib boryapmiz. Olgan bilimlarim asosida hozirgi kunda “SEFR” va “IELTS” sertifikatlari uchun o‘quv qo‘llanmalar yaratdim. Bu qo‘llanmalar yoshlarga foyda keltirayotganidan g‘oyatda xursandman.
Bu sohaga qiziquvchi yoshlarga pulning ortidan quvmasdan, sabr bilan tajriba orttirishlarini maslahat bergan bo‘lardim. Demak, hech qachon ortga chekinmay faqat olg‘a intilishimiz kerak. Zero, muvaffaqiyat siri hech qachon chekinmaslikdadir.

Sevara BAXTIYOROVA
yozib oldi.