So‘nggi yillarda O‘zbekiston Respublikasining arab mamlakatlari bilan munosabatlari sezilarli darajada faollashdi. Xususan, O‘zbekiston-Qatar munosabatlari tobora mustahkamlanib, rivojlanib bormoqda.
Maydoni bor-yo‘g‘i 11,4 ming kvadrat kilometr, aholisi 2,6 million kishidan iborat Qatar oxirgi 10-15 yilda dunyo­ning iqtisodiyoti yuksak rivoj-
langan mamlakatlaridan biriga aylandi. Hatto butun dunyoga sezilarli salbiy ta’sir o‘tkazgan jahon moliyaviy inqirozi ham mazkur davlatning jadal rivoj­lanishiga to‘sqinlik qilolmadi. Ekspertlarning fikriga ko‘ra, hukumat va xususiy sektor tomonidan vaziyat taqozo etgan choralarning o‘z vaqtida ko‘rilgani shunday ibratli natijaga erishilishini ta’minladi.
Qatar iqtisodiyotining asosini neft-gaz sanoati tashkil etadi. Suyultirilgan gaz eksporti hajmining yildan yilga oshayotgani va eksport geografiyasining misli ko‘rilmagan darajada kengayib borayotgani ham bu fikrni tasdiqlaydi. Iqtisodiy faollikni oshirish va energetika sohasidan boshqa yo‘nalishlarni ham rag‘batlantirish maqsadida hukumat “Erkin investitsiya zonasi” loyi­hasini yo‘lga qo‘ygan. Unga ko‘ra, qishloq xo‘jaligi, yuqori texnologiyalar, turizm va boshqa sohalarda kichik va o‘rta biz­nes vakillari 20 yilga soliqlardan ozod qilingan.
Qatar 2019-yilda iqtisodiy raqobatbardoshlik ko‘rsatkichi bo‘yicha 141 mamlakat orasida 29-o‘rinni egalladi. Bu Birlashgan Arab Amirliklaridan keyin mintaqadagi ikkinchi ko‘rsatkich hisoblanadi.
AQSh, Saudiya Arabistoni va Eron bilan munosabatlarda muvozanatni saqlagan holda Fors ko‘rfazi mamlakatlari bilan yaxshi qo‘shnichi­lik siyosatini yuritishi hamda Fors ko‘rfazi arab davlatlari hamkorligi kengashi, Arab davlatlari ligasi va boshqa ko‘ptomonlama tuzilmalar doirasida olib borilayotgan faol siyosat Qatarni mintaqadagi eng nufuzli davlatlardan biriga aylantirdi.
Qatar ilg‘or texnologiyalarni o‘zlashtirish, ilm-fanni rivojlantirish va investitsion faoliyatni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yetakchi davlatlar qatoriga kiradi. Mamlakatning nafaqat mintaqa, balki butun dunyodagi nufuzi oshdi. Oxirgi paytda Qatarda nufuzli xalqaro si­yosiy forumlar va sport musobaqalari muntazam ravishda o‘tkazilayotgani, 2022-yilda futbol bo‘yicha jahon chempio-
nati ham Qatarda o‘tkazilishi buning isbotidir.
Qatar o‘zining qulay geografik joylashuvi bilan Markaziy Osiyo mamlakatlarining Arab dengizi orqali xalqaro transport-kommunikatsiya yo‘laklariga chiqishiga imkon yaratishi mumkin. Shu maq­sadda O‘zbekiston tomoni O‘zbekiston–Turkma­niston–Eron–O‘mon Sultonligi–Qatar transport yo‘lagini yaratish lo­yihasini ilgari surgan edi.
O‘zbekiston Respublikasi va Qatar o‘rtasidagi diplomatik aloqalar 1997-yilda yo‘lga qo‘yilgan. 2010-yil 23-24-no­yabr kunlari O‘zbekiston dele­gatsiyasi Shayx Hamad bin Xalifa taklifiga binoan Qatarga rasmiy tashrif buyurgan. O‘shanda tomonlar ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirish, savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, transport-kommunikatsiya, guma­nitar sohadagi hamkorlik va ikki tomon uchun manfaatli bo‘lgan mintaqaviy hamda xalqaro masalalarni muhokama etgan.
Mamlakatimiz va Qatar hamkorligining bugungi bosqichida O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilovning 2021-yil 10-11-aprel kunlari mazkur davlatga amaliy tashrifi katta ahamiyat kasb etadi. Mazkur tashrif O‘zbekiston-Qatar tashqi siyosiy yo‘nalishida yangi qadam bo‘lib, ikki tomonlama aloqalarni sezilarli darajada kengaytirdi. O‘zbekis­ton Tashqi ishlar vazirining Qatar Davlati Amiri Shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy bilan uchrashuvida muhokama etilgan masalalarning ko‘lami ham bu fikrni tasdiqlaydi.
Muzokaralar jarayonida O‘zbekiston-Qatar munosabatlarining hozirgi holati, rivoj­lanish istiqbollari, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar doirasidagi o‘zaro aloqalarning dolzarb jihatlari, tomonlarning o‘zaro siyosiy muloqotini faollashtirish, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy sohalarda hamkorlikni kuchaytirish, Afg‘onistonda uzoq muddatli tinchlikka erishish va xavfsizlikni
ta’minlash bo‘yicha afg‘onlararo inklyuziv muzokaralarni chuqurlashtirish kabi dolzarb muammolarning ko‘rib chiqilgani ikki mamlakat o‘rtasidagi aloqalarning yangi bosqichga ko‘tarilayotganidan dalolat bermoqda.
Qatar Bosh vaziri o‘rinbosari, Tashqi ishlar vaziri Shayx Muhammad bin Abdulrahmon bin Josim Ol Soniy bilan o‘tkazilgan muzokaralarda ikki davlat o‘rtasidagi siyosiy,
savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, turizm, madaniy-gumanitar sohalardagi munosabatlar-
ning holati va istiqbollari, tomonlarning xalqaro tuzilmalar doirasidagi o‘zaro aloqalari, O‘zbekiston-Qatar hamkorligiga ko‘p qirrali mazmun bag‘ishlash, ikki mamlakat tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida siyosiy maslahatlashuvlarni yo‘lga qo‘yish kabi masa­lalar muhokama etildi.
Savdo va sanoat vaziri Ali bin Ahmad al-Kuvariy bilan uchrashuvda tomonlar savdo aloqalarini rivojlantirish, sanoat kooperatsiyasi loyihalarini amalga oshirish, shuningdek, qo‘shma iqtisodiy tadbirlarni o‘tkazish, savdo va investitsiyaviy aloqalarni faollashtirish, oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqa-
rish va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha qo‘shma investitsion loyihalarni tuzish, O‘zbekistonning turizm infratuzilmasini rivojlantirish masa­lalari bo‘yicha fikr almashdilar.
Ma’lumki, Qatarda “Tolibon” harakatining siyosiy vakolatxonasi faoliyat yurita-
di. Tashrif davomida uning rahbari mulla Barodar Axund bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuv­da Afg‘onistonda barqaror va uzoq muddatli tinchlik o‘rnatish maqsadida tinchlikka asoslangan siyosiy jarayonni mustahkamlash bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi. “Tolibon” harakati rahbariyati vakili O‘zbekistonning Afg‘onistonda transport va energetika sohalarida muhim iqtisodiy loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha tashabbuslarini yuqori baholagani ham diqqatga sazovordir. O‘zbekis­ton tomonidan amalga oshi­rilayotgan infratuzilmaviy yi­rik loyihalar Afg‘onistonning nafaqat iqtisodiy rivojlanishi, balki mamlakatda to‘laqonli tinch siyosiy jarayonni boshlash uchun zarur sharoitlarni yaratishga xizmat qilishi ta’kidlangani ham tashrif davomida erishilgan e’tiborli natijalar qatoriga kiradi.
Muxtasar aytganda, O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilovning mazkur amaliy tashrifi Fors ko‘rfazida joylashgan nufuzli arab davlatlaridan biri Qatar bilan aloqalarni yangi bosqichga ko‘tarishni ko‘zlagan tashqi siyosiy qadam sifatida baholashga munosib voqea bo‘ldi.

Bahodir XO‘JAYEV,
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi tadqiqotchisi