Ma’lumki, oxirgi ikki yilda O‘zbekiston Milliy universiteti dunyoning bir qancha xalqaro reyting agentliklari tomonidan e’lon qilib boriladigan reytinglarda ishtirok etib kelmoqda. Ilk qadam Green metric, Moscov International University Rankings, Times Higher Education Impact Rankings va QS University Rankings EECA kabi xalqaro reytinglarda ishtiroki bo‘ldi.
2020-yilda universitet xuddi shunday reytinglardan biri “Times Higher Education Impact Rankings 2020” reytingida 5 ta yo‘nalishda ya’ni Iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash, Kambag‘alikni bartaraf etish, Ijtimoiy tenglik, Ta’lim sifati va barqaror ilmiy global hamkorlik bo‘yicha ishtirok etgandi. 2021-yilda esa universitet mazkur xalqaro reytingda o‘tgan yilga nisbatan ko‘proq yo‘nalishlarda, ya’ni 12 ta yo‘nalishda ishtirok etdi va bugun dunyoning 1000 ta kuchli universitetlar tarkibiga kirgan 1115 ta universitet orasidan 801+ o‘rinni egallab kuchli 1000 talik universitetlar qatoridan joy oldi.
O‘tgan yilgi natijalar tahliliga qaralganda 2020-yil 5 ta yo‘nalish bo‘yicha ishtirok etilgan bo‘lsa, bu yil 12 ta yo‘nalish bo‘yicha ishtirok etildi. Shuningdek, yo‘nalishlar bo‘yicha natijalar tahlili shuni ko‘rsatdiki, “Kambag‘allik yo‘q” (No poverty) yo‘nalishida 401+ o‘rinda, “Arzon va toza energiya” (Affordable and clean energy) 301+, (Reduced inequalities) , “Iqlim o‘zgarishi” (Slimate action) 301+, “Gender tengligi” (Gender equality) 401+, “Sanoat, innovasiya va infrastruktura” (Industry, innovation and infrastructure) 601+, “Barqaror jamiyat” 601+ natijalarga erishildi. Universitet professor-o‘qituvchilarining ilmiy izlanishlari, ilmiy loyihalari va universitetda mazkur yo‘nalishlarda amalga oshirilgan ishlar o‘tgan yilgiga nisbatan ancha o‘sganligi reyting ko‘rsatkichlarida yaqqol ko‘zga tashlandi.
O‘zbekiston Milliy universiteti jamoasi 2021-yilda dunyoning boshqa reytinglarida ham ishtirok etib kelmoqda. Bu borada universitetda tizimli va manzilli ishlar olib borilmoqda. Bugun e’lon qilingan “Times Higher Education Impact Rankings” natijalari biz uchun malaka va tajriba vazifasini bajaradi.

Xalqaro aloqalar bo‘yicha prorektor Raima Shirinova