Mamlakatimizda ta’lim sohasini isloh qilishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shu maqsadda qator hujjatlar qabul qilinib, amaliyotga tatbiq etildi. Jumladan, yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasining “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonuni, 2019-yilda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi fikrimiz dalilidir.

Mazkur hujjatlar zamon talablari va xalqaro standartlarga mos ravishda ishlab chiqilgan bo‘lib, yurtimiz yoshlarining barkamol va yetuk inson bo‘lib voyaga yetishi, ularning ilm olishi, ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanishi uchun zarur imkoniyatlarni yaratdi. Xususan, oliy ta’lim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasida oliy ta’limni tizimli isloh qilishning ustuvor yo‘nalishlari belgilandi, zamonaviy bilim va yuksak ma’naviy-axloqiy fazilatlarga ega, mustaqil fikrlaydigan yuqori malakali kadrlar tayyorlash jarayonini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish, oliy ta’limni modernizatsiya qilish, ilg‘or ta’lim texnologiyalariga asoslangan holda ijtimoiy soha va iqtisodiyot tarmoq-
larini rivojlantirish vazifalari ko‘rsatib berildi.
Yurtimizda oliy ma’lu­motli­ huquqshunos kadrlarni tayyorlash borasida ham keng ko‘lamli ishlar amalga oshi­­rilmoqda. Prezidentimizning 2020-yil 29-apreldagi “O‘z­bekiston Respublikasida yuridik ta’lim va fanni tubdan takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonida huquqiy sohani tubdan isloh qilish hamda Toshkent davlat yuridik universiteti faoliyatini yangilash va kuchaytirish vazifalari belgilab berildi.
Farmong amuvofiq, universitet o‘quv jarayonida tub o‘zgarishlar amalga oshirildi. Toshkent davlat yuridik universiteti mamlakatimizda birinchi bo‘lib to‘liq Yevropa kredit tizimiga (European Credit Transfer and Accumulation System – ECTS) o‘tkazildi hamda o‘quv jarayoni 2020/2021-o‘quv yilidan to‘liq ushbu tizim asosida tashkil qilindi.
O‘quv jarayonining ochiq va shaffofligi, ta’lim berish va baholashning osh­koraligiga asos­langan kredit-modul tizimi talabaga hamda uning mustaqil ta’lim olishiga yo‘naltirilgan bo‘lib, kreditlarni yig‘ish va ko‘chirib o‘tkazish, o‘qishini turli ta’lim dargohlarida o‘tash imkonini yaratadi. Bu tizimda talaba kelajakda qaysi soha mutaxassisi bo‘lmoqchiligiga qarab o‘zining mustaqil ta’lim trayektoriyasini yaratishi hamda o‘qishning bir qismini xorijiy oliy ta’lim muassasalarida ham davom ettirishi mumkin.
Universitetda Yevropa kre­dit tizimi talablaridan kelib chiqqan holda bakalavriatda 4 ta ta’lim yo‘nalishi, magistraturada esa 8 ta mutaxassislik bo‘yicha “Huquq” davlat ta’lim standarti, 12 ta malaka talablari, 12 ta o‘quv reja, 178 ta o‘quv dastur (syllabus) tasdiqlandi. Mazkur hujjatlarni ishlab chiqishda yetuk xorijiy oliy ta’lim tashkilotlari, jumladan, xalqaro e’tirof etilgan tashkilotlar reytingida birinchi 300 ta o‘rindagi oliy ta’lim muassasalari tajribasi, xalqaro standartlar hamda bugungi kun ish beruvchilarining talablari o‘rganildi. O‘quv rejalarda nomutaxassislik fanlari 22 foizdan 10-12 foizga kamaytirildi. Fanlar bloki majburiy fanlar va tanlov fanlariga bo‘lindi. Talabalar tomonidan ixtiyoriy qo‘shimcha o‘zlashti­rilishi mumkin bo‘lgan kreditlar ham o‘quv rejada aks ettirildi.
Bugungi kunda o‘quv va ta’limni boshqarish jarayonini to‘liq raqamlashtirishga e’tibor qaratilib, qog‘oz aylanishini butkul bartaraf etish, ta’lim jarayoni boshqaruvini avtomatlashtirishni ta’minlovchi “Elektron universitet” (E-University) dasturi joriy etilmoqda.
Shu bilan birga, universitetda qator elektron tizimlar — talabalar uchun har qanday masala yuzasidan elektron murojaat qilish imkoniyati yaratildi, yagona darcha tamo-
yili asosida faoliyat yurituvchi talabalarga xizmat ko‘rsatish tizimi tashkil etildi. Muassasada ta’lim olayotgan yoshlarga qulaylik yaratish maqsadida bitiruv malakaviy ishlari va magistrlik dissertatsiyalari hamda ilmiy rahbarlarni tanlash elektron tizimi joriy etildi, to‘lov-shartnomasini elektron ravishda olish hamda to‘lovlar bo‘yicha qarzdorlikni nazorat qilib borish mexanizmi ishga tushirildi.
Eng asosiysi, masofaviy ta’lim platformasi va elektron baholash tizimi joriy etildi. Universitet masofaviy ta’lim platformasi (http://distant.tsul.uz) dunyo bo‘yicha e’tirof etilgan “Moodle” (obyektga yo‘naltirilgan dinamik ta’lim muhiti) tizimida bo‘lsa-da, bu tizim ancha takomillashtirildi. Jumladan, ma’ruza mashg‘ulotlari-
ni o‘tkazish uchun videochat (Big Blue Button) va “Zoom” dasturiy vositasi, nazorat ishlarini topshirish hamda ularni antiplagiat tizimidan o‘tkazish mexanizmlari integratsiya qilindi, ta’lim platformasiga 21 mingdan ortiq elektron kontentlar (videoma’ruza, audio, elektron adabiyot, kazus materiallar) joylashtirildi.
Baholash jarayoni to‘liq shaffof bo‘lishi uchun nazorat ishlari elektron tizim orqali topshirilib, baholanmoqda. Mazkur tizimda nazorat yozma ishlari talaba tomonidan elektron shaklda topshiriladi, ya’ni tizimga yuklanib, undan so‘ng avtomatik ravishda shifrlanadi va tegishli kafedraga tekshirish uchun elektron shaklda jo‘natiladi. Kafedralarda mazkur ishlar professor-o‘qituv­chilar o‘rtasida taqsimlanib, tizimning o‘zida tekshiriladi, baholanadi hamda qo‘yilgan baho yuzasidan sharh (nima sababdan shunday baholangani hamda talaba qanday kamchiliklarga yo‘l qo‘ygani) yoziladi. Tekshirilgan ishning bahosi va ishga yozilgan taqrizni talaba shaxsiy kabineti orqali ko‘rib boradi.
Ta’kidlash joiz, talabalarni akademik halollikka o‘rgatish, mualliflik huquqlari muhofaza qilinishini ta’minlash, haqiqiy tahlil qilish va tadqiqot o‘tkazish qobiliyatini shakllantirish maqsadida eng yetuk xorijiy universitetlar tajribasi asosida Toshkent davlat yuridik universitetining akademik halollik talablari ishlab chiqildi va tasdiqlandi. Bu talablarni ta’minlash maqsadida “Turnitin” antiplagiat tizimi joriy qilindi. Endilikda har bir talaba, tadqiqotchi, o‘qituvchi yozma ishlarni, maqola va dissertatsiyalarni mazkur tizim orqali tekshirish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Yana bir yangilik — universitet elektron kutubxonasi ham tashkil etilib, unda 10 mingdan ziyod manbalar joylashtirilgan, huquqshunoslar uchun mo‘ljallangan WestLaw, LexisNexis va JSTOR xalqaro ma’lumotlar bazalari­dan foydalanish imkoniyati yaratildi. Universitet tomonidan yangi avlod darsliklarini yaratish rejasi asosida yangi ishlab chiqilgan talablar, xorijiy adabiyotlar namunalari asosida hamda xorijiy professorlarni jalb etgan holda darsliklar tayyorlash ishlari yo‘lga qo‘yildi. Oksford va Kembridj kabi xorijiy nashriyotlar bilan shartnoma tuzilib, ularning eng mashhur huquqiy adabiyotlari o‘zbek tiliga tarjima qilinib, nashr etilmoqda.
Universitetda o‘quv jara­yonini amaliyot bilan bog‘lashga ham katta e’tibor berilib, talabalar uchun amaliyot klub­lari tashkil etildi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi, Bosh prokuraturasi, Ichki ishlar vazirligi, Advokatlar palatasi, Intellektual mulk agentligida amaliyot kafedralari ochilib, tashkilot vakillari tomonidan tizimli ravishda o‘quv mashg‘ulotlarini olib borish, sayyor sud majlislarini o‘tkazish, sud majlislariga talabalar tashrifini uyushtirish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi.
O‘quv jarayonini zamonaviy shakl va usullarni qo‘llagan holda tashkil etish maqsadida Toshkent davlat yuridik universiteti tomonidan yetuk xorijiy universitetlar, xususan, AQSh, Buyuk Britaniya va Yevropa universitetlari tajribasi o‘rganildi, ularning mutaxassislari ishtirokida treninglar o‘tkazildi, universitet bitiruvchilarini xorijiy universitetlarga malaka oshirish va magistraturaga o‘qishga yuborish tizimi yo‘lga qo‘yildi.
Buning natijasida professor-o‘qituvchilar tarkibidan zamonaviy fikrlaydigan, o‘quv jarayonida interaktiv hamda amaliyot bilan bog‘lagan holda o‘qitish usullarini qo‘llay oladigan pedagoglar zaxirasi shakl­lantirilib, ular yordamida qolgan pedagoglarning mala­ka va ko‘nikmalari oshiril­moqda.
Yuqoridagi ishlar universitet oldiga qo‘ygan vazifalar­ning bir qismi xolos. Biz o‘quv jarayonini zamonaviy pedagogik-texnologik talablar asosida tashkil etish bilan birga, talabalarning o‘qishga to‘g‘ri munosabatini shakllantirsak, huquq va majburiyatlarini ang­lashi, o‘qishga mas’uliyat bilan yondashishini talab etsak, ko‘zlagan natijaga erishi­shimiz mumkin.
Talaba o‘qish, birinchi navbatda, o‘zi uchun kerakligini, yetuk mutaxassis bo‘lib yetishishi uchun o‘z ustida ishlashi, izlanishi, ta’lim muassasasidan, unga darsga kirayotgan o‘qituvchidan buni talab qilishi zarur. Ya’ni talabani majburlab o‘qitish, uni auditoriyaga majburlab kiritish, uning ustidan qat’iy nazorat o‘rnatish emas, uni o‘qishga qiziqtirish, bilim be­rishga harakat qilish va undan shunga yarasha javob olish, o‘qish uning o‘zi uchun kerakligini anglatish lozim.
Muxtasar aytganda, ta’lim beruvchi va ta’lim oluvchining o‘zaro munosabati to‘g‘ri tashkil etilishi, zamonaviy o‘qitish metodikasining qo‘llanilishi ta’lim sifatini ta’minlashga, zamon talablariga mos va barcha zarur kompetensiyalarni egallagan, xalqaro darajadagi yuqori malakali kadrlar tayyorlashga xizmat qiladi.

Islambek RUSTAMBEKOV,
TDYU o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori,
yuridik fanlari nomzodi, professor