O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi hamda Qirg‘izistondagi Qirg‘iz-o‘zbek universiteti hamkorligida “Chingiz Aytmatov – ikki elning suyukli adibi” mavzusida konferensiya o‘tkazildi.

Zoom platformasida onlayn tashkil etilgan tadbirda Xalqaro islom akademiyasi, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti, Batken davlat universiteti, Qirg‘iz-o‘zbek universitetidan o‘zbek tili va mumtoz sharq adabiyoti mutaxassislari, professor-o‘qituvchilar hamda talabalar ishtirok etdi.
– Buyuk adib va jamoat arbobi Chingiz Aytmatov nafaqat qirg‘iz, ayni paytda, barcha turkiy xalqlar, shu jumladan, biz, o‘zbeklar uchun ham aziz va qadrlidir, – deydi Xalqaro islom akademiyasining o‘zbek tili va mumtoz sharq adabiyoti kafedrasi mudiri Malika Nosirova. – Adib mintaqamiz tinchligi va osoyishtaligi, kelajagi, xalqlarimiz o‘rtasida do‘stlik va hamjihatlikni mustahkamlash, ularni turli ziddiyat va qarama-qarshiliklardan asrash yo‘lida fidokorona faoliyat olib bordi. O‘tgan asrning 80-yillarida Chingiz Aytmatovning “adolat va haqiqat kuychisi” sifatida xalqimizning sha’ni va obro‘-e’tiborini katta minbarlardan turib mardona himoya qilganini xalqimiz hamisha minnatdorlik tuyg‘ulari bilan eslaydi. Betakror ijodkorning davlatimiz tomonidan “Do‘stlik”, “Buyuk xizmatlari uchun” ordenlari bilan taqdirlanishi ham shundan dalolat beradi.
Anjumanda “Chingiz Aytmatov – davlat arbobi”, “Chingiz Aytmatov asarlaridagi afsona­lar”, “Chingiz Aytmatov ijodida inson va tabiat tasviri” kabi mavzulardagi ma’ruzalar tinglandi.
So‘zga chiqqanlar adib asarlaridagi o‘ziga xos uslublar, bashariyatga daxldor muam­molar, insoniyat tafakkurini yuksaltirishdagi ahamiyatiga to‘xtaldi. “Oq kema”, “Qiyomat”, “Mangu kelinchak”, “Asrni qaritgan kun”, “Alvido, Gulsari”, “Sarvqomat dilbarim”, “Erta qaytgan turnalar” kabi asarlarida xalqchillik, halollik, adolat kabi fazilatlar qalamga olingani haqida so‘z yuritildi.

Muxbirimiz