Yurtimizda biz uchun eng ulugʻ va eng aziz bayram “9-may – Xotira va qadrlash kuni” ni keng nishonlash boshlab yuborildi.
Davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek: “Ikkinchi jahon urushi yillarida fashizm balosiga qarshi kurashda koʻp millatli Oʻzbekiston xalqi tomonidan amalga oshirilgan buyuk tarixiy ishlarni kelgusi avlodlarga aniq misollar asosida yetkazish, ularni jasorat va vatanparvarlik ruhida tarbiyalash gʻoyat muhim ahamiyatga ega”.
Bayram arafasida Ixtisoslashtirilgan filialning “Kasbiy-jangovar tayyorgarlik” kafedrasi oʻqituvchi va talabalari Qibray tumani, Oʻnqoʻrgʻon qishlogʻi, Oqtepa koʻchasida istiqomat qilib kelayotgan II jahon urushi qatnashchisi, mehnat faxriysi Qoʻchqor ota Nasimov holidan xabar olindi.
1925-yil Toshkent viloyati Qibray tumanida tugʻilgan Qoʻchqor ota Nasimovning aytishicha, u 1942-yilda endigini 18 bahorni qarshilagan. Vatanparvarlik tuygʻusi, yigitlik gʻururi va Ona vatanga boʻlgan sadoqati sabab II jahon urushiga otlandi. Urushning oxirgi yillarigacha, oʻz safdoshlari bilan mardonavor janglarda qatnashgani, gʻanimga qaqshatgich zarbalar bergani gʻalabaga erishgunga qadar, qanchadan-qancha Oʻzbeksitonlik Vatandoshlari koʻz oʻngida qahramonlarcha halok boʻlishganini achchiq xotiralar bilan yodga oldi.
Otaxon urishdan qaytgach el-yurt xizmatida boʻldi. Hozirda qarilik gashtini surib kelmoqda. U kishining koʻrsatgan qahramonliklari va hayoti har bir kishi uchun ibrat maktabi. Tashrif davomida otaxon bilan dildan suhbat qurildi. Talaba yoshlarimiz oʻzini qiziqtirgan savollariga javoblar olish bilan, koʻrsatilgan qahramonliklardan oʻzlariga oʻqish va kelajakda xizmat faoliyatlarini olib borishda xulosa chiqarishdi. Urush xotiralari yodga olindi, bugungi tinch va osoyishta kunlarga shukuronalar aytildi.
Inson shaʼni yuksalgan va mehnati qadr topgan yurtimizda keksalarimizni eʼzozlash, ularga alohida ehtirom koʻrsatish asrlar osha davom etib kelayotgan hamda qon-qonimizga singib ketgan muqaddas qadriyatdir.
Ikkinchi jahon urushida mardlarcha qahramonlik koʻrsatgan faxriylarimizning yurtimiz tinchligi uchun chekkan zahmati, hayot qiyinchiliklarini sabot bilan yengishi biz uchun haqiqiy jasorat va fidoyilik timsolidir.

A. Mirzayev,
TDYU Ixtisoslashtirilgan filiali oʻqituvchisi.