9 may — “Xotira va qadrlash kuni” arafasida O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlar akademiyasi professor-o‘qituvchilari, harbiy xizmatchi va kursantlari ishtirokida keng miqyosli vatanparvarlik tadbirlari o‘tkazilmoqda.
Xuddi shunday tadbirlardan biri Toshkent viloyatining Zangiota tumanidagi 23-umumiy o‘rta ta’lim maktabida ham tashkil etildi. Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Zangiota tuman bo‘limi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlar akademiyasining Gumanitar fanlar kafedrasi katta o‘qituvchisi, tarix fanlari nomzodi, mayor Yorqinoy Ruzimova, kafedra doktaranti, podpolkovnik Sobir Kamolov hamda akademiyaning Tarbiyaviy-mafkuraviy ishlar katta ofitseri, kapitan Boburmirzo Soliyev ishtirok etdi.
“Vatanimning sodiq farzandi bo‘laman!” mavzusidagi tadbirni maktab direktori Botir Ashrapov olib bordi.
Vatan hamda Ona so‘zlari doimo uyg‘un iste’foda etiladi. Negaki, ushbu tushunchalar yozilishi va ma’no ko‘lamiga ko‘ra, garchi ikki xil bo‘lsa-da, mohiyati, qadri jihatdan biri ikkinchisidan kam emas, — deydi o‘z nutqida O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlar akademiyasi Tarbiyaviy-mafkuraviy ishlar katta ofitseri, kapitan Boburmirzo Soliyev. — Zero, Ona farzandini go‘dakligidan mehr bilan voyaga yetkazgani singari, ona-Vatan ham har bir fuqarosi baxt-u iqbolini ko‘zlaydi. Shu bois onamiz, oilamizni qanchalik sevib qadrlasak, Vatanimiz sarhadlari-yu uning tinch-osuda hayoti muhofazasiga shay bo‘lmog‘imiz lozim. Binobarin, yurt osmonidagi qora bulut bevosita oilamiz, ota-onamiz, opa-singlimiz va aka-ukamiz boshiga ham ko‘lanka solishi tabiiy. Bu esa har bir shaxsdan vatanparvar bo‘lishni talab etadi. Vatanparvarlik — yurt taraqqiyoti va xalq farovonligiga daxldorlik tuyg‘usi bilan yashash, mehnat qilish, o‘qish va izlanish demakdir.
Maktabning bitiruvchi sinf o‘quvchi o‘g‘il-qizlari ishtirokida o‘tkazilgan tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlar akademiyasining Gumanitar fanlar kafedrasi katta o‘qituvchisi, tarix fanlari nomzodi, mayor Yorqinoy Ruzimova tomonidan “II jahon urushida o‘zbek xotin-qizlarining qahramonligi” mavzusida so‘z yurtildi. Video va slayd materiallari asosida o‘tkazilgan taqdimotda o‘zbek ayollarining front ortidagi jasoratlari qatorida taniqli san’atkor “Tohir va Zuhra” kinofilmi bosh roli ijrochisi — Zebo Gʻaniyevaning urush maydonlarida snayperchi-askar sifatidagi qahramonliklari namoyish etildi.

Davra suhbati yakunida harbiylar tomonidan faol yoshlarga kitoblar sovg‘a qilindi.

B.HASANOV
Zangiota tumanidagi 23-maktabning
Ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchisi