O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida mutafakkir alloma Mahmudxo‘ja Behbudiy hayoti va ijodiga bag‘ishlangan ko‘plab davra suhbatlari, uchrashuv, ilmiy-amaliy konferensiyalar o‘tkazilmoqda.
Ana shunday tadbirlardan biri Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy bog‘ida barpo etilgan Adiblar xiyobonidagi Mahmudxo‘ja Behbudiy haykali yonida tashkil etildi. “Mahmudxo‘ja Behbudiyga bag‘ishlab yozilgan asarlar” mavzusidagi bu uchrashuvda akademiyaning Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi boshlig‘i Munira Qahhorova, “Islom iqtisodiyoti va xalqaro munosabatlar” fakulteti dekani Ashurali Abdurashidov, “Sharq yulduzi”, “Zvezda Vostoka” jurnallari bosh muharriri Sirojiddin Rauf, Akademiya professor-o‘qituvchilari, ilmiy-tadqiqotchilar, talabalar ishtirok etdi.
Uchrashuvda o‘zbek jadidchilik harakati yetakchisining hayoti va ijodi, Abdulhamid Cho‘lpon bilan olib borgan jadidchilik harakati haqida so‘z yuritildi.
– Mahmudxo‘ja Behbudiy islom olamining jonkuyari bo‘lish bilan bir qatorda jadidchilik harakatining tarafdorlaridan biri edi, – deydi shoir Sirojiddin Rauf. – Turkistondagi barcha jadid mutafakkilari Behbudiyni ustozi deb bilishadi. Behbudiy yangi usul maktablarini yurtimizda ilk bor joriy etadi. Shu bilan birga o‘zbek tilida nashrlar chiqaradi. Ammo o‘sha davrda o‘lkaning aksariyat aholisi xat-savodi haminqadar bo‘lgani uchun Behbudiy va uning hammaslaklarining ezgu g‘oyalari, fikrlari ko‘zlangan manzilga yetib bormadi. Behbudiy buning oldini olish, odamlarni tarbiyalash maqsadida Turkistonda teatrga asos soldi.
So‘zga chiqqanlar yig‘ilganlarga adib hayoti va ijodi, ilmiy-ma’naviy faoliyati, Abduhamid Cho‘lponning “Mahmudxo‘ja Behbudiy xotirasi” nomli maqolasi haqida qiziqarli ma’lumotlar berishdi.
Uchrashuv yakunida talaba-yoshlar o‘rtasida alloma faoliyati to‘g‘risida savol-javob o‘tkazilib, savollarga to‘g‘ri javob bergan talabalarga kitob sovg‘a qilindi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi matbuot xizmati