O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarini isloh qilish sharoitida harbiy kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini tubdan takomillashtirish hamda harbiy ta’lim va jangovar tayyorgarlikni yuqori sifat darajasiga chiqarish Qurolli Kuchlarning jangovar qobiliyatini oshirishning muhim shartlaridan biri hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 12-sentabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining harbiy xizmatni o‘tash tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi PQ-4447-son Qarorining 8-bobi 2-paragrafini 222 va 231-bandlariga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirining 2020-yil 12-dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi oliy harbiy ta’lim muassasalari negizida 2021 va keyingi yillarda oddiy askar va serjantlar tarkibiga mansub kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchilarni tayyorlash kurslarini tashkillashtirish to‘g‘risida”gi buyrug‘iga asosan O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Akademiyasi Ichki ishlar vazirligi qo‘shinlarini tayyorlash kafedrasi negizida Mudofaa vazirligi Toifalangan ob’ektlarni qo‘riqlash qo‘shinlari qo‘mondonligining kontrakt bo‘yicha mutaxassis harbiy xizmatchilarni tayyorlash kurslari faoliyat olib bormoqda.
Ta’lim jarayonida “Qorovul boshlig‘i va texnik-nazoratchi”, “Muhandis-texnik qo‘riqlash vositalari bo‘yicha katta texnik va texnik” ixtisosliklari yo‘nalishlari bo‘yicha, tasdiqlangan dasturlar asosida mashg‘ulotlar o‘tkazilmoqda.
2020-yilning 30-sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “O‘qituvchi va murabbiylar kuni”ga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqida: “Bugun aniq va tabiiy fanlarni o‘qitish metodikasi murakkab tuzilgani, ularda nazariy bilimlar amaliyot bilan bog‘lanmagani, o‘quv dasturlarida uzviylik yo‘qligi, darsliklarning mazmuni va sifati qoniqarsiz ekani haqli e’tirozlarga sabab bo‘lmoqda”,-deb ta’kidlab o‘tdilar. Yurtboshimizning so‘zlari hozirgi kundagi ayni haqiqat va oliygohlarni bitirgan yosh kadrlarni amaliy ko‘nikmalarining sayozligi ularni ish faoliyati samarasiga to‘siq bo‘layotganligini kuzatish mumkin.
Malakali kadrlarni tayyorlash samaradorligini oshirish va o‘z sohasining yetuk mutahassislarini tayyorlash maqsadida kafedra o‘qituvchilari Mudofaa vazirligi Toifalangan ob’ektlarni qo‘riqlash qo‘shinlari qo‘mondonligining kontrakt bo‘yicha mutaxassis harbiy xizmatchilarni tayyorlash kurslari bitiruvchisining oldiga qo‘yilgan talablarni inobatga olgan tarzda o‘quv dasturlar qayta ishlab chiqildi.
O‘quv dasturlar harbiy xizmatchilarning qo‘shindagi jangovar-xizmat faoliyatini to‘liq qamrab olgan mavzularni o‘z ichiga olgan bo‘lib, ta’lim jarayonining qirq foizdan ziyod mavzulari qo‘riqlanayotgan ob’ektlarda, nazariy bilimlarini amaliyot bilan uzviy bog‘likligini ta’minlagan tarzda o‘tkazilmoqda. Qolaversa, Mudofaa vazirligi Toifalangan ob’ektlarni qo‘riqlash qo‘shinlari qo‘mondonligining “Muhandis-texnik qo‘riqlash vositalari (MTQV) bo‘yicha katta texnik va texnik” ixtisosligi bo‘yicha ta’lim olayotgan kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchilarni o‘quv-ta’lim jarayonida faol ishtirokini ta’minlash maqsadida, tinglovchilar orasidan iqtidorli harbiy xizmatchilarni tanlab olib, ular bilan o‘tkazilgan mavzularga bog‘liq amaldagi MTQVni ishlash prinsipi, tuzilishi, ob’ektlarni ishonchli qo‘rig‘ini ta’minlashdagi o‘rnini ko‘rsatib berish imkonini beruvchi o‘quv-moddiy negiz yaratildi. Unda ob’ektlarni qo‘riqlashda foydalaniladigan tashvish-xatar signallarini beruvchi va aniqlovchi vositalardan iborat, asbob va priborlardan tashkil topgan innovatsion-ko‘rgazmali stend yaratildi. Ushbu jamlanmani yaratishda O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Akademiyasi Ichki ishlar vazirligi qo‘shinlarini tayyorlash kafedrasi boshlig‘ining o‘rinbosari podpolkovnik O.S.Turaxujayev boshchiligida Mudofaa vazirligi Toifalangan ob’ektlarni qo‘riqlash qo‘shinlari qo‘mondonligining SHAHXlari kichik serjantlar G‘.I.Yo‘ldoshev, A.A.Voxidov va A.A.Jo‘rayevlarning hissasi katta.
Bu o‘quv-moddiy negiz harbiy xizmatchilarda olingan nazariy bilimlarni vaqt va ortiqcha sarf-xarajatsiz amaliyotdan o‘tkazish imkonini beradi. Shu bilan bir qatorda O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi Toifalangan ob’ektlarni qo‘riqlash qo‘shinlari qo‘mondoni polkovnik J.A.Yakubov boshchiligida mutaxassis harbiy xizmatchilarni tayyorlash kurslaridagi ta’lim jarayonini moddiy-texnik ta’minlash, maxsus sinf xonalarini jihozlash borasida keng ko‘lamdagi ishlar amalga oshirish rejalashtirilgan.
Yuqorida ta’kidlab o‘tilgan va amalga oshirilayotgan tadbirlar kelajakda O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi Toifalangan ob’ektlarni qo‘riqlash qo‘shinlari qo‘mondonligining malakali va o‘z sohasining yetuk mutahassis kadrlarini tayyorlashga zamin bo‘lishiga ishonamiz.

O‘ZBЕKISTON RЕSPUBLIKASI QUROLLI KUCHLARI AKADЕMIYASI ICHKI ISHLAR VAZIRLIGI QO‘SHINLARINI TAYYORLASH KAFЕDRASI BOSHLIG‘I
polkovnik O‘ktam Erkinjonovich Xolmatov