Ehtiyoj — kishini harakatga keltiradi. Bizningcha, Isʼhoqxon Toʻraning matbaachilikka azm aylashi zamirida ham shu ichki kuch yotadi. Avvalo, oʻzida odamlarning maʼnaviy dunyosini ilm-u maʼrifat nuri bilan yoritish istagi azaldan tugʻyonli edi. Qoʻlyozma kitobatchilik davri oxirlayotganini zukkolik bilan anglab yetoldi.
Yetuk xattotlarning kamligi, bori ham ming urinmasin, yiliga oʻntacha kitobni koʻchirish imkoniyatiga egaligi, bu ham aqliy, ham jismoniy qoʻshaloq ishning sust maromi tezob zamon talablariga javob berolmasligini oʻz vaqtida payqadi.
Ayniqsa, mahallada yangicha maktab ochganida bolalarga kitoblar berolmagandi, oʻzi yozgan qoʻlyozma asari esa Toshkent bosmaxonalarida (“Lugʻati sitta al-sina”, 1898-yili tayyor edi) 1901-yilning oxiridagina bosilgandi. Mashaqqatli mehnati mahsuli yorugʻlikka chiqish uchun yillar mahtal yotgani unda iztirob qoʻzgʻamasdan qoʻymasdi. Qanday ishga jazm aylasa, albatta, oʻshani uddalamaguncha harakatdan toʻxtamaydigan feʼli Ibratni Namangan matbaachiligiga tamal toshi qoʻyishiga olib keldi.
Tarix fanlari nomzodi Aziz Boboxonovning “Asrdan oshgan ziyo maskanlari” kitobidagi fikrlar juda asosli va dalillarga boy. Isʼhoqxon Junaydullayev “Lugʻati sitta al-sina” nashridan keyin kitob nashri shaydosi boʻlib qoladi. U nashr ishlarini zimdan oʻrganib, bosmaxona anjomlarini qoʻlga kiritishdan oldin ularning qaysi usuli va turini qishloq sharoitida ishlatish osonroq koʻchishini chamalab koʻradi. Soʻng Turkiston general-gubernatori mahkamasiga litografiya, yaʼni toshbosma ochish uchun iltimosnoma yozadi.
Biroq Sankt-Peterburgdan ruxsatnoma kelmaydi. Shunga qaramay, oʻzbek ziyolisi shoir Ibrat oʻzining navbatdagi asarini katta umid bilan nashrga tayyorlab boradi va asarning nashriga ruxsatnoma olish uchun kitob qoʻlyozmasini Sankt-Peterburg senzorining Bosh boshqarmasiga yoʻllaydi. Isʼhoqxon Junaydillayev tavakkal qilib, bosmaxona ochishga ruxsat olmasdan turib, 1907-yili Orenburgdan litografiya uskunalarini katta mablagʻ va mashaqqatlar evaziga oldin Qoʻqonga poyezdda, Qoʻqondan Toʻraqoʻrgʻonga tuyalarda yetkazadi.
1908-yilda oʻzi qurdirgan hammomi oʻrnida toshbosma matbaa tashkil qiladi va uni “Matbaai Isʼhoqiya” nomi bilan 1909-yili ruxsatnoma olgan yildan ilgari, yaʼni Sankt-Peterburgning Bosh boshqarmasi senzori tomonidan 1908-yil bosishga ruxsat berilgan kitob — “Sanʼati Ibrat qalami Mirrajab Bandiy”ni chop etishdan oʻz faoliyatini boshladi.
Ibratning oʻzi bu haqda “Tarixi chopxona” gʻazalida quyidagilarni bitgan:
Ming uch yuzu yigirma oltida chopmaxona
Ochmoqgʻa boʻldi ruxsat va soʻz berib zamona.
Maqsad bu ishdan erdi olamgʻa ilm qasri,
Ham qoʻymoqgʻa asarlar yodovari jahona.

Bizdin keyingilar koʻp ilm-u hunar toparlar,
Hayfoki, anda biz yoʻq, yoʻq eʼtimodxona
Olamdin ushbu ona sonsiz kishilar oʻtdi,
Mingdin biri qoʻyubdur olamgʻa bir nishona
Men katta boy emasdim kim aylasam binoye,
Daxlim yetishmas erdi roʻzgʻori cho-yu nona.

Bundan koʻrinadiki, Ibrat oʻz oldiga ezgu maqsadlar qoʻygan. Bu borada matbaachilikdan yaxshi xabardor boʻlgan Husayn Makayev Isʼhoqxonga beminnat koʻmaklashadi. Shunisi diqqatga sazovorki, Ibrat hatto oʻz bosmaxonasining muhrini ham tayyorlatadi. Toshbosmada chop etilgan kitoblarning muqovasiga muhr tushirib borilgan. Uning koʻrinishi nur sochayotgan quyosh boʻlib, markazida ilm soʻzi oʻyib bitilgandi.
Albatta, shaxsiy kichik korxona tez orada kengaytirildi. Matbaachining butun diqqat-eʼtibori millatiga ilm-maʼrifat tarqatadigan eng qimmatli, oʻqishga oson, sermaʼno va tushunarli asarlarni chop etishga qaratildi. Mahalliy xalqning kitobga mehri oshdi. Natijada bu ishni avj oldirish uchun litografiya 1910-yili Namangan shahriga koʻchirildi. Matbaa mix va toshbosmaga aylandi. Ishlari yurishib ketgach, butun Turkiston miqyosida maʼlum-u mashhur boʻldi. Katta hajmdagi asarlargacha nashr qilishga kirishila boshlandi.
Matbaachilik sanoatning oʻziga xos turi. Uning mahsulotlarini muxlislarga yetkazish uchun alohida doʻkonlar ochish ham zarur edi. Shuning uchun bu masalaning ijobiy yechimiga erishishga astoydil bel bogʻladi.
Taniqli olim Ulugʻbek Dolimovning keltirgan quyidagi dalillari Ibratning oʻsha paytda matbaachilik ishi yildan-yilga rivojlanganidan dalolat beradi: “Namangan matbaasi mahsulotining kun sayin ortib borishi shahar va qishloqlarda kitob doʻkonlari va bozorlarining bir muncha koʻpayishiga sabab boʻldi. 1910-yildan boshlab Namangan shahrida 13 ta, Chustda 2 ta, Popda 2 ta, Yangiqoʻrgʻonda 1 ta, Toʻraqoʻrgʻonda 1ta kitob doʻkoni ochildi. Bu doʻkonlarda asosan, “Matbaai Isʼhoqiya”da nashr qilingan kitoblar juda arzon narxlarda sotilar edi. Bu matbaada, asosan, maʼrifatparvarlikka oid risolalar nashr qilingan. Bu ishda asosiy tashabbusni Isʼhoqxon Ibrat koʻrsatgan”.
Hamyurtimiz matbaachilik bilangina kifoyalanib qolishni istamadi. 1913-yilga kelib, bosmaxona qoshida “At-tijor al-Namangan” nomli gazeta chop etishni niyat qiladi. Hatto masʼul idoralarga ruxsat olish uchun murojaat qildi. Biroq oʻsha paytdagi hukumat unga bu imkoniyatni bermadi.
Shunga qaramay, u maʼrifatchilikning boshqa yoʻllaridan foydalanishga astoydil intildi. Yaʼni oʻz uyida xalq uchun boy kutubxona tashkil etdi. Uning nomini “Kutubxonai Isʼhoqiya” deya nomladi. Uzoq-yaqindan taʼlim-tarbiyaga oid eng nodir risolalarni izlab topib, oʻquvga qoʻydi. Kutubxonaning fondi kundan kunga boyitildi.
Shaxsiy kutubxonasida oʻzbek va fors-tojik ijodkorlarining mingdan ziyod qoʻlyozma va bosma kitoblari jamlanganligi haqida maʼlumotlar bor. Birgina misol, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasining Sharqshunoslik institutida saqlanayotgan Yusuf Xos Hojibning “Qutatgʻu bilig” asarining Namangan nusxasi deb nom olgan nodir qoʻlyozmasi ham Ibratning kutubxonasida boʻlgani bizga maʼlum.
— “Matbuot bilan matbaa egizak, bir-birisiz nomukammal, matbaa korxonasi goʻyo tandir, matbuot nashri esa unga yopiladigan xamirday gap”, — deydi Sodiq Sayxun ikki sohani uzviy bogʻliqlikda tasavvur etishimiz uchun muqoyasalab. — Xamirturushi joyida boʻlsa, xamir yaxshi qorilsa, sifatli non yasaladi, keyin shunga munosib ravishda oʻt qalangan, maromida qizitilgan, choʻgʻli tandirga yopilsagina, biz kutgan mazali non uziladi undan. Shunga monand ravishda hayotiy va haqqoniy bitilgan, dizayni nigohtortar maqolalardan iborat gazeta yoki jurnal oʻziga yarasha muxlislarga manzur mahsulotga aylanishi bosmaxona bagʻrida kechadi. Ibrat siymosida bir vaqtning oʻzida har ikkisini birday qoʻshib faoliyat yuritgan tashabbuskor va tashkilotchi inson gavdalanadi”.
Koʻzga koʻringan ma’rifatparvarlar qatorida turgan aqli zukko, qalbi qaynoq, zehni oʻtkir, fikri teran Isʼhoqxon toʻra nainki ogʻzaki soʻz aytmoq bilan qanoat hosil qildi, oʻlka minbari — “Turkiston viloyati gazeti”ga dolzarb mavzularda maqolalar yozdi.
Vatan va millat taqdiriga beparvo qaramadi. Mudroq xalq koʻzini ilm-u maʼrifat bilan ochishni oʻylab, bu borada betinim qaygʻurdi. Hatto, chor hukumatining saylovlar siyosatiga islohotlar joizligini dangal aytishdan, gazetaga roʻy-rost yozishdan hadiksiramadi. U adolatli tartib-qoidalarnigina yoqlashini yashirmadi, eʼtirozlari xalq manfaatlariga daxldorligi uchun shaxsiy halovatini orqaga surib qoʻydi.
Chunonchi, 1910-yili oʻlkada qozilar saylovi eʼlon qilinadi. Gazeta mazkur masalani keng yoritishga masʼulligidan foydalanib, mulohazali maqolalar yoʻlladi. Oʻsha davr matbuoti sahifalari bizga daliliy manba boʻla oladi.
“Polojeniyada 223-nchi bobida zikr qilingandurki, — deya yozadi “Turkiston viloyatining gazeti” 1908-yilgi 56-sonida Ibrat, — eʼtibori bor, yetti kundan ziyoda hibs boʻlmagan oʻttuz soʻmdan ziyod ishtrab toʻlamagan, yoshi yigirma beshdan past emas odam” qozi boʻlar ekan. Olim yo omi, ahmoq yo dono kishi, yo shariat biladurgan va yoki nizom biladurgan demagan… Koʻrasiz kimlarni(ng) qoʻllariga bu katta shariat hukmini topshiradurlar. Fikr andisha qiladurgan kishi yoʻq. Andisha qiladurgan odamni odam ham hisob qilmaydilar… Polojeniya bobigʻa muvofiq ellikboshi degan kimgaki, shar koʻp tushsa, ani yozar ekan. Na qilsunlar, bu xil qilsalar polojeniyaga muvofiq. Polojeniyada shariat biladurgan mulladan degan emas ekan… ularga kim va nima boʻlishi ham darkor emas ekan. Befikr oʻtsang, ey doʻst, muhtoji non oʻlursan”.
Yuqoridagi satrlarni oʻqib gazeta nonini yeb tirikchilik oʻtkazayotgan uncha-muncha jurnalistlarning qoʻlidan bunday jurʼat kelmasligi xayolimizdan oʻtadi. Hukmron chor hukumati saylov qonun-qoidalarini oʻzgartirish kerak, degan fikrni kinoyali tarzda matbuot orqali butun Turkiston viloyatiga yoyishga tobe yer farzandining haddi sigʻgan.
Fargʻona davlatchiligi tarixida katta oʻrin tutgan Axsikent xususida 1913-yilning yozida Toshkent arxeologiya jamiyati ilmiy munozara tashkil etadi. Tadbirga vodiy vakillari safida Isʼhoqxon toʻraning taklif qilingani ayni muddao boʻldi.
“Turkiston viloyatining gazeti”dagi munozara uning maqolasi bilan boshlanganida ham ramziylikni uqishimiz qiyin emas. Boisi, Ibrat qadimgi Axsikentga yondosh qishloqning farzandi, yurtga taniqli shaxs, havaskor arxeologlarning betaʼma sardori edi. U koʻhna shahar xarobalarini oʻrganish — yurtning kechasini ayon koʻrish bilan barobarligini chuqur idroklab, bu masalaga chor hukumatining, xalqning diqqat-eʼtiborini tortishni istab, oʻzi kitoblarda, ayniqsa, “Boburnoma”da oʻqiganlari, odamlardan tinglaganlariga tayanib, Axsi shahri toʻgʻrisida gʻoyat qiziqarli va ahamiyatli maʼlumotlarni keltiradi. Oʻlkamiz tarixini oʻrganishga barchani undaydi.
Matbuot faoliga aylangan qalamkash 1911-yili Qoʻqon — Namangan temir yoʻlining qurilishi va ishga tushirilishi haqida maqola yozgan boʻlsa, 1912-yili 15-iyulda uning ishga tushirilishini olqishlab reportaj bitdi. Shuningdek, “Eski maktablar xususida”, “Millatni kim isloh etar?”, “Toʻraqoʻrgʻondan maktub” singari maqolalari esa gazeta va “Oyna” jaridasida yoritildi.
Birinchi matbaachi va faol matbuotchi sifatidagi xizmatlari keng oʻrganishga va targʻib etishga arziydi.

Manzura ABDULLAYEVA