Namanganlik ixtirochi-innovator Muhammadjon Akramov novvoylar ishini yengillatib, xamir qorib, kesib, zuvala tayyorlab beradigan uskuna yaratdi.
Viloyat hokimligi axborot xizmati xabariga koʻra, bu qurilmaga xitoy kompaniyalari ham qiziqmoqda.
— “Kelajak uchun sarmoyani bugundan, salohiyatingiz uchun tiking” — bu mening shiorim, — deydi ixtirochi Muhammadjon Akramov. — Har bir inson dunyoga kelar ekan oʻzidan bir iz, yaxshi natija qoldirishi kerak. Buning uchun, avvalo, jamiyat uchun biror naf keltirish, ogʻirini yengil qilishga intilmoq kerak deb bilaman. Bunday amallarga har bir sohada ehtiyoj bor. Xususan, novvoychilikda ham. Shu maqsadda men ham yaxshi niyatlar qilib izlanishlar olib bormoqdaman. Maqsadim novvoylarning mehnatini oz boʻlsa-da yengillatish. Shu orqali tadbirkorlik bilan shugʻullanib, import hisobiga chetga chiqib ketayotgan valyutalarni yurtimizda olib qolish.
Mazkur ixtiro bitta novvoyxonada yetti kishining ishini bajaradi. Hozir qurilma Namangan shahrining “Zarbdor” va “Goʻzal” dahalaridagi novvoyxonalarda ishlatilmoqda. U soatiga yetti yuzta zuvala tayyorlash quvvatiga ega.
Ixtirochining maʼlum qilishicha, qurilmani yaratish uchun yetti oy vaqt ketgan. Buning ustida yana ishlanmoqda. Ixtiroga mualliflik huquqini patentlash jarayoni boshlangan.
Non mahsuloti kundalik ehtiyojimizning asosiy pogʻonalarida turadi. Shu bois ham Muhammadjon novvoylik sohasida biror yangilik qilishni uzoq vaqtlar davomida o‘ylab yurdi va bugun o‘z maqsadlari tomon ilk qadamini tashladi.
“Bir kunda mamlakatimizda sanoqsiz non va non mahsulotlari tayyorlanadi. Shuning uchun ham novvoychilikda avtomatlashtirilgan mexanizmlar zarur deb hisobladim. Qolaversa, avtomatlashgan tizimda sanitariya jihatidan talabga javob beradigan, har tomonlama pokiza mahsulot tayyorlashga erishishimiz mumkin”, deya izoh berdi muallif o‘zi yaratgan uskunasiga.

Iqbol PARDAYEVA