“Men Muhammad Ibrohimbek To‘qsabo o‘g‘li so‘nggi nafasgacha Turkiston hurligi uchun kurashgan, rus qo‘li ila otilg‘an, qariyb 100 yil «bosmachi»likda nomi toptalg‘an bir o‘zbek. Bu o‘zbekning orzusi hurlik, axtarg‘ani ozodlik edi. Ammo topganim peshonamg‘a otilg‘an o‘q bo‘ldi…”.
“Sharq Napoleoni”, “Laqaydan chiqqan Bonapart” nomlari bilan dunyo nigohiga tushgan Muhammad Ibrohimbekning topgani o‘q emas, bugunga kelib Mustaqillik bo‘ldi. Uning din va vatan uchun to‘kkan qoni kelajak avlodga ibrat sahnasi, erk tuhfasidir.
Nemis olimi Reynxard Eyzener bejiz u haqida: “Ibrohimbek o‘z yerini bosqinchilardan ozod etish uchun kurash bayrog‘ini ko‘targan qahramonlarning sardori edi”, demagan edi.
Ammo Sho‘ro hukumatining yurtimiz sahnasida o‘ynagan roli, uning ta’sirida vujudga kelgan qorishiq fojialarimiz shu kungacha ham ta’sirini yo‘qotgani yo‘q.
Hanuzgacha “bosmachi kim?” degan savol ustida turli olimlar turli mulohazalarda bahslashishadi. Afsuski, ayrim yoshlar o‘rtasida esa bu tushuncha noma’lumligicha qolayotgani rost.

XO‘SH, «BOSMACHI» DEB BADNOM ETILGAN QAHRAMONLARDAN BIRI – ERK TIMSOLI BO‘LGAN IBROHIMBEK KIM?
“Kamina 1889-yil Kappon daryo bo‘yidagi Ko‘ktosh qishlog‘ida tug‘ilib erdim. Qishloq to‘ylarida uloq chopib, kurash tushib, el orasida nomdor polvon degan nomim chiqdi. Ammo menday bir qishloq yigitining qismatiga mustaqillik uchun kurashday ulug‘ bir ish bitilganini qaydan bilibman…”
Afsuski, ruslar bu buyuk kurashni xalqimiz qalbidan, dunyo nigohidan yashirdi, bosdi-bosdi, o‘tdi-ketdi qabilida yurtimizning sharafli tarixiga mag‘zava ag‘dardilar. Ibrohimbek kabi ozodlik harakatchisi, Turkiston fojiasi qurbonlarini bosmachi deb dunyoga yoyishdi. Qariyb bir asr «bosmachi», ya’ni bosqinchi, kallakesar, xalqqa qarshi ayblovi bilan tarixning qora sahifasiga tirkalib kelgan Ibrohimbek To‘qsabo o‘g‘li uchun bu yil adolat qaror topdi.
2021-yil 25-avgustda O‘zbekiston Oliy sudi bosmachilikda ayblangan 115 nafar vatandoshimizni oqladi. Ularning orasida sho‘ro tuzumiga qarshi ayovsiz kurashgan Ibrohimbek va uning 15 nafar safdoshi ham bor.
Ibrohimbek va uning izdoshlari o‘zbekning laqay urug‘idan edi. Manbalarda keltirilishicha, soni 102 o‘zbek urug‘lari ro‘yxatida laqaylar oltinchi, 92 deb keltirilgan manbada ular 82-o‘rinda turadi. Ibrohimbekning qizil armiyaga qarshi shiddatli hujumlari Sharq va G‘arbga yoyilgach, el orasida uning ismiga laqay qo‘shilib “Ibrohimbek Laqay”, “Laqaylik Robingud”ga aylanadi. Suronli davr Muhammad Ibrohimbekni qo‘rboshi sifatida shakllantirib, yirik siyosiy figura bilan maydonga olib chiqdi. Milliy ozodlik harakatchisi bo‘lgan Ibrohimbek Buxoro amiri Amir Olimxon tomonidan “Uchinchi Iskandar”, “Islom lashkarboshisi” kabi unvonlar bilan e’tirof etilib, lashkarboshilar ichida yuksak hurmatga sazovor bo‘ladi.
1930-yil 27-oktabrdagi Markaziy Osiyo Birlashgan davlat siyosiy boshqarmasi (BDSB) Muxtor vakili qoshidagi Uchlik kengashi qarori bilan unga “Qurolli to‘dalar, sovet hududiga qurolli qo‘zg‘olon yoki aksilinqilobiy maqsadlarda bostirib kelishi” va “Chet el davlatlari bilan aksilinqilobiy maqsadlarda aloqada bo‘lish” kabi ayblovlar qo‘yilib, otuvga hukm qilinadi.

AMMO ASLIDA ASL BOSQINCHILAR KIM? OLIY HAQIQAT QANDAY?
“Ma’lum bo‘lsinkim, 1920-yilning sentyabrida qizil armiyaning Buxoro amirligiga shiddatli hujumi, tinch aholini qirg‘in qildi… Buxoro amiri Amir Olimxon mag‘lubiyatga uchrab, Sharqiy Buxoroga chekindi. Shundan so‘ng bizning laqay urug‘i oqsoqollari qurultoy o‘tkazib, yig‘ilganlarni sovet hukumatiga qarshi oyoqlanishga da’vat etdilar. Unda Eshon Sulton rahbarligidagi Hisor laqaylari ham, Ko‘r Ortiq dodho Ashirov boshliq Baljuvon laqaylari ham bu kurashda rahbarlikni menga topshirishdi. Shu kundan boshlab, bolshevik zulmi ostida qolgan Turkiston uchun jangga kirdim!”
Vatanni sevish, unga sadoqatli bo‘lish uchun o‘lish shart emas. Shunchaki, bu yo‘lda kerak bo‘lsa, o‘limni bo‘yinga olish, millat uchun har qanday xatar yuziga tik boqishni anglatadi. Ibrohimbek Chaqaboyev Markaziy Osiyo bo‘ylab yoyilib ketgan qizil armiyaga tik boqdi. 10 yil mobaynida Turkiston sarhadlaridan bosqinchilarni quvish yo‘lida o‘limni bo‘yniga oldi.
U o‘z askarlari bilan Dushanba shahrini qamal qilib, o‘rinsiz qon to‘kilishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun shahar harbiy qismining boshlig‘iga yuborgan talabnomasida shunday degan edi:
«Zudlik bilan yurtimizdan daf bo‘lingiz, to‘rt tarafingiz qibla! Talafotsiz chiqib ketishlaring uchun imkon yaratib beraman. Bundan tashqari, otlaringizni yem-xashak bilan ta’minlayman. Faqat tezroq qorangiz o‘chsa, bas!» (Marksizm-leninizm institutining Markaziy firqa hujjatgohi, 122-jamg‘arma, 1-son ro‘yxat, 257-jild, 115-bet).

SHO‘RO QO‘SHINLARIGA QARSHI HARAKATLAR…
U qisqa muddatda 10 mingdan oshiq askar to‘plab, Ko‘lob, Baljuvon, Qorategin, Darvoz, Hisor viloyatlarining katta qismini sovet askarlaridan ozod qiladi.
So‘ng Dushanbe shahrini bosqinchilardan tozalashga yo‘l oladi. Manbalarda keltirilishicha, Ibrohimbek askarlarining soni Hisorning o‘zida 20 ming kishi edi. Uning Hisor vodiysi va Panj daryosi atrofida qizil armiyaga qarshi janglari murosasiz kechdi. 1925-yilda esa, Surxon, Sherobod-Boysun atroflarida sho‘ro qo‘shinlariga qarshi harbiy harakatlar uyushtirdi.
1931-yilning ilk kunlarida Ibrohimbek harakatini faollashtirib, tarqoq kuchlarini yana birlikka chaqiradi. Choltovda bo‘lgan qo‘rboshilar qurultoyida aholini sovet hukumatiga qarshi yalpi qo‘zg‘olonga da’vat etuvchi murojaatnomalar tarqatadi. Quyida shunday murojaatnomalardan biri:

MUROJAATNOMA
“Barcha do‘stlar – tatarlar, qozoqlar, armanlar, ruslar, o‘zbeklar, tojiklar va boshqa millatlar bolsheviklar zulmi ostidalar. Ma’lumingiz Allohning yordami ila men Amudaryodan o‘z armiyam ila Buxoro hududiga qadam bosdim! Qadrli birodarlar! Yillar davomida Siz bolsheviklar hukumati zulmi ostidasiz. Bugun biz o‘z vatanimizni, xalqimizni, dinimizni ozod etishga kirishdik va sovetlarni yo‘q qilishni istadik. Keling birlashaylik».
Muhr. Ibrohim.
1349-yil 20-zulqa’da
(08.04.31.)”

XALQLAR BIRLASHA OLMADI…
Afsuski, O‘rta Osiyo xalqlari o‘shanda birlasha olmadi va salkam bir asr bolsheviklarga qaram bo‘lib qoldi. Ibrohimbek agar Turkiston birlasha olmasa, oqibati shunday bo‘lishini bilgan. Chunki u bejiz yo‘lboshchi, qo‘rboshi – noyob iqtidor egasi emasdi…
Har yon tarqab ketgan O‘rta Osiyoni bosqinchilar zulmidan ozod etishga qaratilgan harakatlar esa oson kechmadi… Uzoq janglardan so‘ng 12-iyunda Oqbosh tog‘idagi so‘nggi to‘qnashuvda Ibrohimbek qo‘shini mag‘lubiyatga uchrab, o‘zi ham yaralandi. 1931-yil 23-iyunda chekistlar tomonidan qo‘lga olinib, Toshkentga olib kelinadi.
O‘shanda Durov tomonidan o‘tkazilgan so‘roqda Ibrohimbek:
“Biz jangga kirishdan oldin Yusuf Muqumboyev orqali Millatlar Ligasiga chiqib, xalqaro yordam bo‘lishidan umid qilgan edik. Men sovetlar zulmi ostiga tashlangan yurtimni, ularning qo‘li ostidan ozod qilish orzusida hayot-mamot jangiga kirganman. Qizil askarlarga qarshi kurash hayotim mazmuni bo‘ldi”, degan edi.
Omonulla Olimov tarixiy biografik asarida Ibrohimbek to‘g‘risida shunday yozadi: “Ibrohimbek o‘ta qo‘rqmas kishi edi. U har bir hujum yoki mudofaa oldidan ta’kidlab aytardiki, biz o‘z uyimiz – Vatanimizni, dinimizni himoya qilayotirmiz. Biz bolsheviklar yurtiga bostirib borgan emasmiz, ular bosqinchilik qilib kelishgan. Qo‘rqmanglar. Hushyor, epchil bo‘linglar. Pirlarimiz madadkor bo‘lsin, omin”.
Muhammad Ibrohimbek haqida shu vaqtgacha ko‘plab asarlar bitildi. U to‘g‘risidagi tarixiy o‘rganish va izlanishlar nafaqat yurtimizda, balki dunyoda ham davom etmoqda. O‘ylaymizki, Ibrohimbek kabi ajdodlarimizning qahramonligi, ko‘rsatgan jasorati hali uzoq yillar kelajak nasllarga ibrat bo‘lib qoladi.

Maftuna KARIMOVA