Korrupsiya — shaxsning oʻz mansab yoki xizmat mavqeidan shaxsiy manfaatlarini yoxud oʻzga shaxslarning manfaatlarini koʻzlab moddiy yoki nomoddiy naf olish maqsadida qonunga xilof ravishda foydalanishidir. Buning oldini olish, ayniqsa yosh avlodni korrupsiyaga qarshi gʻoyalar asosida ulgʻaytirish Vatan taraqqiyotini belgilaydi.
Shunga koʻra, poytaxtimizdagi “Yoshlar press klubi”da Oʻzbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi tomonidan Aksilkorrupsiya haftaligi doirasida “Korrupsiya – taraqqiyot dushmani” mavzuidagi davra suhbati boʻlib oʻtdi.
Tadbirda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlari, aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish yuzasidan oʻzaro fikr almashildi.

Mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlar, korrupsiyaga qarshi kurashish borasida amalga oshirilgan ishlar, bu borada erishilgan natijalar, yoshlar oʻrtasida olib borilayotgan targʻibotlar hamda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi va uning faoliyati xususida maʼlumotlar berildi.

Tadbir yoshlarni ushbu illatga qarshi murosasiz munosabatini shakllantirish maqsadida tashkil etildi, – dedi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi masʼul xodimi Oʻtkir Namozboyev. – Muloqotda yoshlar asosan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi faoliyati, agentlik xodimlarining moddiy hamda boshqa jihatdan qanchalik taʼminlanganligi nechogʻlik ahamiyatga egaligi, davlat xizmatchilarining mol-mulki hamda daromadlarini deklaratsiyalash ishlari, shuningdek, korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida qonunchilikka kiritilgan oʻzgartishlar yuzasidan spikerlarga yuzlanishdi va atroflicha javob hamda tushunchalarga ega boʻlishdi.
Tadbir yakunida yoshlar oʻrtasida “Korrupsiyasiz davlatni qanday tasavvur qilasiz?” mazmunidagi savol-javob oʻtkazildi.

Yoshlar ishlari agentligi Axborot va media xizmati